“Qora dayjest”: 2024-yil 23-mart voqealari
Terakt qurbonlarini xotirlayotgan o‘zbekistonliklar, yo‘lakda qoldirilgan egizaklar, 1-apreldan oshishi kutilayotgan ijara narxlari — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.
2 daqiqa o‘qiladi

"Cobalt"dan chiqqan og‘ular
2024-yil 15-mart kuni Qashqadaryo viloyati, Ko‘kdala tumani hududida joylashgan "Umakay" muntazam YPX maskanida viloyat YHXB hamda boshqa sohaviy xizmatlarning xodimlari bilan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida "Cobalt" rusumli avtomobil to‘xtatilib tekshirilgan. Tekshiruv davomida transport vositasi haydovchisining yonidan gugurt qutilariga solingan, shuningdek, sellofanga o‘ralgan, ko‘rinishidan giyohvandlik vositasiga o‘xshash modda topilgan.
1-apreldan kvartiralarda narxlari oshadi
Endilikda "dom"larni saqlash xarajatlari uchun to‘lanadigan majburiy badal ya’ni "JEK"ga to‘lanadigan to‘lovning minimal narxi yangicha tizim bo‘yicha hisoblanishi aytilmoqda. Bunda narxlar uylarni real saqlash xarajatlaridan kelib chiqadi. Xususan, ko‘p qavatli uylarning holati, necha qavatdan iboratligi, lifti bor yoki yo‘qligi inobatga olinadi. Shuningdek, “JEK” larga bajarishi shart bo‘lgan qator ishlar ro‘yxati shakllantirilgan bo‘lib, ularning ustidan nazorat kuchaytiriladi.
Yo‘lakda tashlab ketilgan egizaklar
Samarqand shahar, Qorasuv dahasidagi ko‘p qavatli uyning yo‘lagida yangi tug‘ilgan egizak chaqaloqlar qoldirib ketildi. Sumkaga solingan holatdagi chaqaloqlarni hudud hamshirasi ko‘rib qolgan hamda ularga birinchi yordam ko‘rsatgan. Egizak qizaloqlarni uy yo‘lagiga ayol kishi qoldirib ketgan. Uning harakati ko‘p qavatli uyning kuzatuv kamerasiga tushib qolgan.
Terakt qurbonlarini xotirlayotgan o‘zbekistonliklar
O‘zbekistonliklar "Crocus City Hall"dagi terakt qurbonlari xotirasini yod etib, Rossiyaning Toshkentdagi elchixonasiga gullar olib kelishmoqda. Ma’lumot uchun, hozirgi vaqtda teraktda halok bo‘lganlar soni 150 nafardan oshgan. Rossiyada esa bugungi kun "Motam kuni" deb e’lon qilindi.



