$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

"Qora dayjest": 2024-yil 14-mart voqealari

negative-24-3-14

 Toshkent xalqaro aeroporti nazoratchisi ushlandi

Toshkent xalqaro aeroportining Aviatsiya xavfsizlik xizmati qo‘riqlash nazoratchilar bo‘linmasi nazoratchisi A.B. xizmat mavqeidan foydalangan holda o‘zganing ishonchiga kirib, uning pul mablag‘ini noqonuniy tarzda o‘zlashtirishni reja qiladi. Dastlab u ijtimoiy tarmoq orqali jabrlanuvchi bilan tanishadi va uning qarindoshini Toshkent xalqaro aeroportining aviatsiya xavfsizlik xizmati qo‘riqlash nazoratchilar bo‘linmasiga nazoratchi sifatida ishga kiritib qo‘yish evaziga 2 ming AQSh dollari talab qiladi. Lekin, jabrlanuvchi 1800 AQSh dollari berishini ma’lum qiladi.

2023-yilning 6-dekabr kuni Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, A.B. 1800 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Holat yuzasidan A.B. ga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi va 28,211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi tomonidan esa A.B. ga nisbatan 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Dorixonaning noqonuniy faoliyati aniqlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qo‘qon shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “X.F.” MCHJ dorixonasi boshqaruvchisi X.I. 100 dona kapsuladagi “Gabapentin” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini fuqaro M.X.ga 600 ming so‘mga sotganligi aniqlanib, ushbu dorixonada o‘tkazish maqsadida saqlanib kelingan 50 dona “Gabapentin” hamda tarkibida psixotrop moddasi mavjud bo‘lgan 790 dona dori vositasi ashyoviy dalillar sifatida olingan.

Pedofil 5 sutkaga “kesildi”

2024-yil 12-mart kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida shahvoniy shilqimlik huquqbuzarligi sodir etilgani yuzasidan ochiq sud bo‘lib o‘tdi. Hujjatga ko‘ra, sud majlisida jabrlanuvchining onasi o‘z ko‘rsatuvida ma’lum qilishicha, 2024-yil 9-mart kuni voyaga yetmagan qiziga uyga borishi uchun taksi chaqirgan. Yo‘l davomida haydovchi M.G‘. qizga turli mazmundagi savollar bergan va suhbati davomida uning ismini, taksini kim chaqirib berganini so‘ragan. Qiz haydovchiga yoshi 15 da ekanini aytsa ham unga tegajog‘lik qilishni to‘xtatmagan, uning qanday chiroyli ekani haqida shahvoniy xususiyatga ega bo‘lgan so‘zlar aytgan. Sud M.G‘.ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi 1-qismida (shahvoniy shilqimlik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topib, unga nisbatan 5 (besh) sutka muddatga ma’muriy qamoq jazosini tayinladi.

AQShga “qo‘li yetadigan” firibgar ushlandi

Toshkent shahrining Sergili tumanida fuqaro F.E. fuqaro M.Ya.ning ishonchiga kirib, uni 16 000 AQSH dollari evaziga Turkiya, Meksika va Nikaragua davlatlari orqali Amerika Qo‘shma Shtatlariga ishlash uchun yuborishini va’da qilib, oldindan 9 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.