$
 12208.08
32.74
 14116.20
52.46
 155.00
0.71
weather
+26
Кечаси   +14°

"Qora dayjest": 2024-yil 10-mart voqealari

negative-24-3-10

Nyu-York politsiyasi o‘zbekistonlikni otib qo‘ydi

Nyu-York shahrida xotiniga pichoq o‘qtalib, unga og‘ir tan jarohati yetkazgan o‘zbekistonlik erkak politsiya xodimlari tomonidan otib tashlangan. Hodisa 2024-yil 8-mart kuni sodir bo‘lgan. Nyu-Yorkning Kvins dahasida uyushtirilgan tadbirda samarqandlik ekani aytilayotgan er-xotin Jamshid Ne’matov va Amira Ne’matova janjallashib qolgan. Janjal asnosida erkak xotiniga pichoq bilan zarba bergan va uni og‘ir jarohatlagan. Voqea joyiga yetib kelgan Nyu-York politsiyasi xodimlari jahl otiga mingan erkakdan qo‘lidagi pichoqni tashlashni talab qilgan. Oila boshlig‘i talabga bo‘ysunmagach, politsiya xodimlari unga o‘q uzishga majbur bo‘lgan. Oqibatda asli o‘zbekistonlik bo‘lgan Jamshid Ne’matov halok bo‘lgan. Uning jarohatlangan xotinida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan.

Odam urib yuborgan haydovchiga hukm o‘qildi

Surxondaryo viloyati Denov tumanida mast holda mashina boshqarib, odam o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchiga hukm o‘qildi. Ma’lum qilinishicha, 2024-yil 14-yanvar kuni 33 yoshli haydovchi o‘zi ishlayotgan xususiy firmaga tegishli mashinani mast holda Denov tumani hududida boshqarayotib, qarama-qarshi yo‘nalishda ketayotgan skuter hamda yo‘l chetida to‘xtab turgan skuterni urib yuborgan. Oqibatda skuterda ketayotgan yigit og‘ir tan jarohatlari olib, voqea joyida halok bo‘lgan. Sudda haydovchi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan aybdor deb topilgan va 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Bundan tashqari, u 3 yil muddatga barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilingan.

Ayol “orani ochiq qilish” uchun sobiq eriga 200 million to‘ladi

Fuqarolar B.X. va F.X.lar oilaviy kelishmovchiliklar sabab 15 yillik turmushlaridan ajralgan. Birgalikda bunyod qilgan uylarida ayol turmushlaridan tug‘ilgan ikki nafar farzandini qoldirgan er B.X. boshqa ayol bilan turmush qurib ko‘chib ketgan edi. So‘ngra fuqaro B.X. mazkur uydagi ulushini sobiq turmush o‘rtog‘i F.X.dan undirish masalasida sudga murojaat qilgan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Jizzax tumanlararo sudining 2023-yil 20-yanvardagi qaroriga asosan F.X.ning foydasiga qarzdor B.X.dan birgalikdagi turmushlarida qurilgan uydagi ½ qismi ulushi uchun 200 mln. so‘m kompensatsiya undirish belgilangan. Ijro harakatlari davomida, sobiq xotini bo‘lgan F.X. turmush o‘rtog‘i B.X.ga 200 mln so‘m kompensatsiya pullari to‘liq undirib berishga qaror qildi va shu bilan ijro ishi amalda tamomlandi.

Yalang‘och bo‘lib shahar aylangan shaxs javobgarlikka tortildi

Ijtimoiy tarmoqlarda bir fuqaro yalang‘och holatda yurgani aks etgan video tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Mazkur holat yuzasidan poytaxt IIBB quyidagilarni ma’lum qildi. Joriy yilning 10-mart kuniga o‘tar kechasi taxminan soat 02.00 larda 1977-yilda tug‘ilgan A.A. Chilonzor tumani 16-mavzeda mast holatda jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, yalang‘och holatda yurgan. Ushbu shaxsga nisbatan Chilonzor tumani IIO FMB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183 va 194-moddalari bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga taqdim etilgan.