Shanba, 17-oktabr, 2026
Havo 87 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌤 +17° kechasi +10°

“Qora dayjest”: 2024-yil 28-fevral voqealari

Qozog‘istonda 10 yilga qamalgan o‘zbekistonlik, 100 ming dollar bilan qo‘lga tushgan advokat, psixotrop dorilarning savdosi – kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.

2 daqiqa o‘qiladi

“Qora dayjest”: 2024-yil 28-fevral voqealari

Qozog‘istonda o‘zbekistonlik 10 yilga qamaldi

Chimkent shahar Jinoyat ishlari bo‘yicha tumanlararo maxsus sudi tergovida aniqlanishicha, Qozog‘istonning Jetisoy tumanida yashovchi (vaqtincha ishsiz, oilali, farzandi bor) 29 yoshli sudlanuvchi ham voqea sodir bo‘lgan paytda Chimkentga ishlash uchun kelgan bo‘lgan. Sudlanuvchi marhuma bilan yaqin munosabatda bo‘lib kelgan va shunday kunlarning birida uning telefon apparati yo‘qolib qoladi. Erkak telefonni ayol o‘g‘irlab ketgan deb o‘ylaydi va shundan janjal kelib chiqadi. Sudlanuvchi o‘zaro janjal oqibatida oyoq kiyimi bog‘ichi bilan ayolni bug‘ib o‘ldiradi va voqea joyidan qochib ketadi.

Biroq, bir muddatdan so‘ng politsiya uni yashash joyidan qo‘lga olgan. Sudda ayblanuvchi o‘z aybini to‘liq tan oldi. Sudlanuvchining qilmishlari Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 99-moddasi – qotillik bilan tasniflangan. Sud majlisida uning qilmishlari to‘g‘ri kvalifikatsiya qilinganligi aytib o‘tildi va unga nisbatan o‘rta tartibli koloniyada 10 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Advokat 100 ming dollar bilan qo‘lga tushdi

Davlat xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Buxoro shahridagi advokatlik byurosi advokati, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida, prokuratura organlaridagi mansabdor tanishlari orqali yengillik yaratib berish evaziga 100 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Turkiyada qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik ushlandi

Turkiyaning Istanbul shahrida jinoyat qilganlikda ayblanib, qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik ushlandi. Bosh konsulxona xabariga ko‘ra, u Turkiya va O‘zbekiston Ichki ishlar vazirliklari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qo‘lga olingan. 1979 yilda tug‘ilgan Z.F. giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishdan iborat jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, Ichki ishlar vazirligi tomonidan qidiruvda bo‘lgan.

Kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari to‘xtatildi

Farg‘onaning Rishton tumanida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro K.A. fuqaro A.A.ga 48 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini sotgan vaqtida ushlanib, K.A.ning ko‘rsatuviga asosan davom etgan tadbirda uning avtomashinasi hamda “D.P.” MCHJga qarashli dorixonadan hech qanday hujjatsiz jami 1 397 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.

Shu kabi, Toshkentda Bektemir tuman bo‘limi tomonidan IIBB xodimlari bilan hamkorlikda “Bektemir” YPX postida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Cobalt” rusumli avto transport vositasi to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganda, fuqaro J.M. 90 dona “Tropikamid” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini o‘tkazish maqsadida olib kelayotganligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.