“Qora dayjest”: 2024-yil 23-fevral voqealari
Jarohatlangan PPX inspeltori, PUBG akkauntidan “soqqa” qilgan bola, Suriyaga “uchgan” yigit — kunning "qora" xabarlari bilan tanishing.
3 daqiqa o‘qiladi

Janjalda PPX inspektori jarohatlandi
Ijtimoiy tarmoqlarda bir nechta fuqarolar ichki ishlar organlari xodimlariga qarshilik ko‘rsatayotgani aks etgan video tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ma’lum bo’lishicha, 22 fevral kuni, taxminan, soat 23:30 larda Yunusobod tumanida joylashgan tungi klublardan birining oldida besh nafar (33 yoshli B.X., 32 yoshli N.Yo., 33 yoshli Sh.J., 50 yoshli M.I. va 32 yoshli Sh.O.) shaxslar jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimay, jamoat joyida mast holatda baqir-chaqir qilib, fuqarolarning osoyishtaligini buzgan.
Hodisa joyiga mazkur hududga jalb qilingan PPX xodimlari yetib kelib, ushbu fuqarolarni tinchlantirib, vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida tuman IIO FMBga borishlarini taklif qilgan. Biroq fuqarolar IIO xodimlarining qonuniy talablarini bajarmay, ularga faol qarshilik ko‘rsatgan. Oqibatda PPX inspektori D.Tolipov jarohat olgan.
Yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab olish holati aniqlandi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentining Mingbuloq tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro B.R. “Kichik Jomashuy” MFY hududidagi 34 sotix zaxiradagi sug‘oriladigan ekin yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab olib, yerning unumdor qatlamiga zarar yetkazgan holda uy-joy qurishni boshlaganligi aniqlangan.
Suriyaga “uchgan” yigit O’zbekistonga qaytarildi
2000-yilda Jizzax viloyatida tug‘ilgan shaxs internet tarmog‘i orqali Suriyadagi “Tavhid va jihod katibasi” terroristik tashkiloti a’zosi bilan tanishib, ularning safiga borib qo‘shilishni maqsad qiladi. So‘ngra virtual tanishining huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining e’tiboriga tushmaslik bo‘yicha bergan ko‘rsatmalari asosida, 2023 yilning iyun oyida aviachiptani aynan uchib ketish kuni qimmat narxda bo‘lishiga qaramay, sotib olib, Istanbul shahriga jo‘nab ketadi.
Turkiya orqali Suriyaga o‘tgan jizzaxlik yigit “Tavhid va jihod katibasi” terroristik tashkiloti a’zolari safida g‘oyaviy hamda harbiy tayyorgarlikdan o‘tadi. Ammo, Suriya hukumati kuchlari tomonidan amalga oshirilgan harbiy amaliyotlar natijasida jiddiy jarohat oladi. Sog‘ligi tiklanganidan keyin, u terroristik tashkilotning xo‘jalik ishlariga jalb etiladi.
2023-yilning dekabr oyida davolanish uchun yashirin yo‘llar bilan Suriyadan qo‘shni davlatga o‘tgan vaqtida qo‘lga olingach, O‘zbekistonga olib kelindi.
Dori vositalarining noqonuniy muomalaga kiritilishining oldi olindi
Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumani Ahmad Yugnakiy ko‘chasida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro O.F. va “G.G.” MCHJ mas’ul shaxslari dori vositalarini noqonuniy muomalaga kiritish orqali daromad orttirishni ko‘zlab, ushbu MCHJga tegishli jami 26 000 dona “Natriy Xlorid” nomli dori vositasini fuqaro A.R.ga 195 mln so‘mga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
PUBG akkauntida “soqqa” qilgan bola qo’lga tushdi
Kiberxavfsizlik markazi axborot xizmatining xabar berishicha, Toshkent shahri, Chilonzor tumanida yashovchi 18 yoshli Sh.O. “Telegram” messenjerida nomaʼlum shaxs tomonidan 950 000 soʻm miqdoridagi pul mablagʻlari firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirilganligini maʼlum qilgan. Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmalari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, ushbu jinoyatni Namangan viloyati, Chust tumanida yashovchi 16 yoshli Y.A. sodir etganligi aniqlangan.
Ma'lum boʻlishicha, Y.A., Sh.O. bilan “Telegram” messenjerida tanishib, unga “PUBG” onlayn oʻyinining akkauntini sotishini aytgan va oldindan plastik kartasiga 950.000 soʻm miqdoridagi pullarni oʻtkazib olib, kelishilgan akkauntini bermasdan, yozishmalarni oʻchirib yuborgan va uni qora roʻyxatga kiritib qoʻygan.
Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi “g” bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, Y.A.ning sodir etilib fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish yuzasidan tezkor-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.



