Shanba, 17-oktabr, 2026
Havo 87 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌤 +17° kechasi +10°

“Qora dayjest”: 2024-yil 19-fevral voqealari

350 ming dollarni o‘zlashtirib, qochib ketgan UFA hisobchisi, qiymati 10 milliard so‘mdan ortiq noqonuniy sigaretlar, qalbaki dori vositalarini sotayotgan shaxslar — kunning “qora” xabarlari bilan tanishing.

3 daqiqa o‘qiladi

“Qora dayjest”: 2024-yil 19-fevral voqealari

UFA hisobchisi 350 ming dollarni o‘zlashtirib, qochib ketgan?

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hisobchisi katta miqdordagi pulni o‘zlashtirib qochib ketgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Championat.asia’ning o‘z manbasiga tayanib yozishicha, holat o‘tgan hafta sodir bo‘lgani va O‘FA hisobchisi taxminan 4 milliard so‘m (350 ming dollar)ni o‘zlashtirib Turkiyaga qochib ketgan. Holat yuzasidan “UFA” rasmiy munosabat bildirib, bu borada o‘rganish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.

“UFA tomonidan holat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda. OAV vakillaridan tekshirilmagan va hali tasdig‘ini topmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikni so‘raymiz. O‘rganish ishlari yuzasidan tegishli xulosalar chiqarilgach, natijasi bo‘yicha qo‘shimcha axborot beriladi”, – deyiladi tashkilot izohida. 

Qiymati 10 milliard so‘mdan ortiq noqonuniy sigaretlar to‘xtatib qolindi

Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Sariosiyo” temir yo‘l chegara bojxona postiga qo‘shni davlatdan Tojikiston Respublikasiga o‘tish uchun O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelgan temir yo‘l poyezdi tarkibidagi vagonlardan biri bojxona postida mavjud bo‘lgan temir yo‘l vagonlarini skaner qilishga mo‘ljallangan inspeksion ko‘rik majmuasidan o‘tkazilganda, rentgen tasvirlarida vagon ichida yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan tovarlar borligi ma’lum bo‘ldi.

Natijada, ushbu vagon bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda “Changyutgich”, “Kir yuvish mashinasi” va “Quruq sut” kabi tovarlar orasida hujjatlarida ko‘rsatilmagan, aksiz markalari mavjud bo‘lmagan va bojxona nazoratidan yashirilgan umumiy qiymati 10 mlrd. 50 mln. so‘mlik 402.000 quti “Esse Change” nomli sigaret mahsulotlari borligi aniqlandi.

Toshkentda elektrobus ishtirokida YTH sodir bo‘ldi

Toshkent shahar Sergeli tumanida elektrobus yo‘l chetini ajratib turuvchi panjaraga borib urildi. Maʼlum bo‘lishicha, 19-fevral kuni soat 12:30 larda 12-avtobus saroyi filiali tasarrufidagi Yutong rusumli, 40-sonli yo‘nalishda harakatlanayotgan haydovchi Q.Q. (staji 33 yil) boshqaruvidagi elektrobus Yangi Sergeli ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib borayotgan vaqtda, dastlabki maʼlumotga ko‘ra, qon bosimining oshgani sababli boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetini ajratib turuvchi panjaraga borib urilgan. Mazkur yo‘l-transport hodisasi natijasida tan jarohati olganlar yo‘q. Yutong rusumli elektrobus texnik shikastlangan. Avtobus haydovchisi shifoxonaga olib ketilgan.

Qalbaki dori vositalarini sotayotgan shaxslar ushlandi

Qashqadaryoning Yakkabog‘ tumani “Janbul” MFY hududida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro S.B. fuqaro A.A.ga "Banksef", "Zanasef", "Gansef" va "Gandsef" nomli jami 3 767 dona qalbaki dori vositalarini 54 mln so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Shuningdek, ushbu dori vositalarini kelib chiqish manbasini aniqlash maqsadida davom etgan tadbirda, boshqa bir fuqaro L.D. fuqaro S.B.ga ushbu dori vositalarini 26 mln so‘mga sotganligi aniqlanib, uning xonadonidagi yordamchi xo‘jaligidan umumiy bahosi 1,3 mlrd so‘mlik jami 14 909 dona qalbaki dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.