$
 11847.16
52.28
 13843.41
157.81
 141.44
2.77
weather
+26
Кечаси   +14°

“O‘zbekneftgaz” qo‘shma korxonalarni “elakdan o‘tkazadi”: Qarzlardan dividendlargacha tekshiriladi

neftgaz

“O‘zbekneftgaz” o‘z ulushi bor qo‘shma korxonalar faoliyatini qayta ko‘rib chiqishni boshladi. 21-avgust kuni kompaniya rahbari Abdug‘ani Sanginov boshchiligida Natural Gas-Stream, New Silk Road Oil and Gas va AndijanPetro faoliyati tahlil qilindi. O‘rganishlar davomida ayrim korxonalarda qazib chiqarish kamaygani, moliyaviy hisobotlarda shaffoflik yetishmagani, qarzdorliklar yuzaga kelgani va dividendlar bo‘yicha majburiyatlar to‘liq bajarilmagani ma’lum bo‘ldi. Endi bu korxonalarning xarajatlari, investitsiya loyihalari va moliyaviy oqimlari “O‘zbekneftgaz” nazoratida bo‘ladi.

Qazib chiqarish kamaygan, hisobotlarda esa muammolar bor

21-avgust kuni “O‘zbekneftgaz” boshqaruv raisi Abdug‘ani Sanginov raisligida kompaniya ulushi mavjud Natural Gas-Stream, New Silk Road Oil and Gas va AndijanPetro qo‘shma korxonalari faoliyati tanqidiy ko‘rib chiqildi.

Dastlabki tahlillar bu korxonalarda bir nechta tizimli muammo yig‘ilib qolganini ko‘rsatgan. Ayrim korxonalarda kundalik ish jarayonlari yetarlicha tartibga solinmagan, buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotlarda zarur darajada shaffoflik ta’minlanmagan. Eng muhimi, qo‘shma korxonalarning ta’sischilardan biri bo‘lgan “O‘zbekneftgaz” oldida qanday va qachon hisobot berishi kerakligi bo‘yicha tizim ham to‘liq ishlamagan.

Buning oqibatlari ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarida ham sezilgan. Qazib chiqarish hajmi yildan yilga pasayib borgan, investitsiya uchun yo‘naltirilgan mablag‘lar qanchalik samarali ishlatilgani bo‘yicha savollar paydo bo‘lgan. Ayrim korxonalarning moliyaviy barqarorligi bilan bog‘liq muammolar ham aniqlangan. Bundan tashqari, “O‘zbekneftgaz”ga tegishli dividendlarni to‘lash bo‘yicha majburiyatlar ham to‘liq bajarilmagan.

Kompaniyaning o‘zi ham muammolarning sabablaridan birini tan olgan. Shu paytgacha ta’sischi sifatida qo‘shma korxonalar faoliyati ustidan zarur darajada nazorat o‘rnatilmagani mavjud kamchiliklarning yanada ko‘payishiga olib kelgani qayd etilgan.

Endi loyiha va xarajatlar “O‘zbekneftgaz” bilan kelishiladi

Kompaniya rahbariyati bundan buyon eski tartibda ishlashga yo‘l qo‘yilmasligini bildirdi. “O‘zbekneftgaz” ulushi mavjud har bir qo‘shma korxonada korporativ boshqaruv qoidalariga qat’iy rioya qilinishi, ta’sischining huquq va manfaatlari to‘liq hisobga olinishi talab etiladi.

Eng katta o‘zgarishlardan biri yangi loyihalar va xarajatlarga tegishli. Endi qo‘shma korxonalarda rejalashtirilayotgan har bir tadbir, investitsiya loyihasi va muhim ish jarayoni “O‘zbekneftgaz” bilan oldindan kelishiladi. Ya’ni korxona biror yirik loyiha boshlash yoki unga mablag‘ sarflashdan avval uning zarurligi va iqtisodiy foydasini asoslab berishi kerak bo‘ladi.

Loyihaning qancha turishi, sarflangan mablag‘ qachon va qanday samara berishi ham chuqur tahlil qilinadi. Shundan keyingina “O‘zbekneftgaz” roziligi bilan ishni boshlash mumkin bo‘ladi. Kompaniya bu orqali keraksiz yoki samarasiz xarajatlarni kamaytirish, sarflanayotgan har bir mablag‘ va qabul qilinayotgan muhim qaror ustidan nazoratni kuchaytirishni rejalashtirgan.

Moliyaviy va ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari ham avvalgidan ochiqroq nazorat qilinadi. Buning uchun pul oqimlari va xaridlarni kuzatish tizimini raqamlashtirish bo‘yicha alohida choralar belgilangan.

Qarzlar xatlovdan o‘tkaziladi, dividendlar undirib olinadi

Nazorat faqat xarajatlar bilan cheklanmaydi. Qo‘shma korxonalar qancha mahsulot qazib chiqarishi mumkinligi, mavjud quvvatlardan qanday foydalanayotgani ham qayta o‘rganiladi. Geologiya-qidiruv ishlari va geologik-texnik tadbirlarga sarflangan mablag‘lar qanday natija bergani ham tahlil qilinadi.

Shuningdek, qo‘shma korxonalarning “O‘zbekneftgaz” oldidagi barcha mavjud qarzlari xatlovdan o‘tkaziladi. Qaysi korxonaning qancha qarzi borligi, bu qarzlar qachon paydo bo‘lgani va ularni qay tartibda yopish mumkinligi aniqlashtiriladi.

Dividend masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. “O‘zbekneftgaz” ulushi mavjud korxonalarning moliyaviy ahvoli va dividend siyosati qayta ko‘rib chiqiladi. Ularga 2025–2026-yillar uchun dividendlarni to‘liq va o‘z vaqtida to‘lash, yig‘ilib qolgan qarzdorliklarni bartaraf etish vazifasi qo‘yildi.

Keyinchalik yana shunday qarzlar yig‘ilib qolmasligi uchun majburiyatlarning bajarilishi muntazam kuzatib boriladi. Kompaniya bu tartib mablag‘larning maqsadsiz yoki samarasiz ishlatilishining oldini olishi kerakligini bildirmoqda.

Sanginov kelganidan beri tizimda o‘zgarishlar davom etmoqda

Abdug‘ani Sanginov “O‘zbekneftgaz” rahbarligiga 2025-yil dekabrida kelgan. U bu lavozimda Bahodir Siddiqovning o‘rnini egallagan. Yangi rahbar tayinlanganidan ko‘p o‘tmay kompaniya tizimida bir qator o‘zgarishlar amalga oshirildi.

Xususan, Termiz, Jizzax, Maroqand va Kuchlik neft bazalari rahbarlari egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi. Oradan bir necha oy o‘tib, fevralda “O‘zbekneftgaz”ning futbol klublariga ajratayotgan mablag‘lari masalasi ham qayta ko‘rib chiqildi. Natijada kompaniya “Nasaf”, “Buxoro” va “Bunyodkor” klublarini moliyalashtirishni to‘xtatdi.

Endi navbat “O‘zbekneftgaz” ulushi mavjud qo‘shma korxonalarga yetdi. Kompaniya ularning faqat ishlab chiqarish natijalarini emas, balki qarzlari, xaridlari, pul oqimlari, investitsiyalari va dividendlarini ham muntazam nazorat qilishni rejalashtirmoqda. Asosiy talab — sarflangan mablag‘ natija berishi, ishlab chiqarish samarali bo‘lishi va “O‘zbekneftgaz”ning ta’sischi sifatidagi manfaatlari to‘liq ta’minlanishi.

Теги :
Jamiyat