$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

Toshkentda ham xotirlanayotgan Navalniy ishi

Navalniy

Bundan bir necha kun oldin rossiyalik jamoat faoli, siyosatchi Aleksey Navalniy koloniyalardan birida ma’lum bir sabablarga ko‘ra vafot etgani aytildi. Bu voqea esa ko‘plab norozilik harakatlariga sabab bo‘ldi. Buning ortidan Rossiyaning ko‘plab hududi hamda bir necha davlatlarda aholi Navalniyni xotirlab, uning rasmi tushirilgan plakatlar ostiga shamlar yoqib xotira maydonlari tashkil qilindi. Shu qatori Toshkent shahrining “Shahidlar xiyoboni”da ham unga atab yoqilgan shamlar aks etgan rasm ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Aslida, Navalniy ishi esa hozir ham muhokamalar markazida bo‘lib qolmoqda.

Sudyani haqoratlagani uchun 9 yilga “kesilgan”

Birinchi bo‘lib, Aleksey Navalniy 2021-yil fevralida Iv Rocher ishi bo‘yicha firibgarlikda aybdor deb topilib, qamoqxona koloniyasiga jo‘natilgan edi. Keyin u 2 yil-u 8 oyga ozodlikdan mahrum etildi. 2022-yil mart oyiga kelib esa Navalniy yana firibgarlikda, keyin esa sudyani haqorat qilishda aybdor deb topilib, 9 yilga qattiq tartibli koloniyaga jo‘natilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashgan “Ekstremistik jamiyat”

Shundan so‘ng 2023-yil avgustida Navalniy Moskva shahar sudi tomonidan “ekstremistik jamiyat” tashkil etganlikda aybdor deb topilgan. Buning ortidan unga maxsus rejimli koloniyada 19 yillik qamoq jazosi tayinlandi.Ayrim manbalarga ko‘ra, u asos solgan Korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasi “ekstremistik jamiyat” sifatida ko‘rilgan.

U 3 haftaga yo‘qolib qolgan

2023-yilning oxirida esa Aleksey Navalniy Vladimir viloyatining Melexovo qishlog‘idagi 6-sonli axloq tuzatish koloniyasidan yo‘qolib qolgan, uning yaqinlari va advokatlari deyarli uch hafta davomida siyosatchi bilan bog‘lana olmagan. Keyinchalik u Yamalo-Nenets avtonom okrugidagi Xarp qishlog‘ida joylashgan 3-sonli “Qutb bo‘risi” axloq tuzatish koloniyasiga ko‘chirilgani ma’lum bo‘ldi.

Ahvoli yomonlashishi oqibatida o‘lgan Navalniy

Bundan ikki kun oldin 16-fevral kuni Federal jazoni ijro etish xizmati Yamal bo‘yicha departamenti tomonidan Aleksey Navalniy ahvoli og‘irlashishi oqibatida vafot etganini ma’lum qildi. Buning ortidan esa hozirgi norozilik harakatlari boshlandi. Uning o‘limidan keyin esa ko‘plab siyosiy shaxslar bunga o‘z munosabatlarini bildirib o‘tgan.

“Hozirgi Rossiyada erkin ruhlilar GULAGga yuboriladi va o‘limga hukm qilinadi. G‘azab va nafrat. Men Aleksey Navalniy xotirasiga, uning fidoyiligiga, jasoratiga hurmat bajo keltiraman. Mening o‘y-xayollarim uning oilasi, yaqinlari va rus xalqi bilan birga”, - Fransiya prezidenti Emmanuel Makaron.

“Bu dahshatli yangilik. Rossiya demokratiyasining eng ashaddiy himoyachisi sifatida Aleksey Navalniy butun umri davomida aql bovar qilmaydigan jasorat ko‘rsatdi. Mening xayollarim uning rafiqasi va Rossiya xalqi bilan birga, ular uchun bu juda katta fojia”, – Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak.

“Siyosatchi sifatida Aleksey Navalniy haqida nima deb o‘ylasangiz ham, u bugun Kreml tomonidan shafqatsizlarcha o‘ldirildi. Bu haqiqat va siz hozirgi Rossiya rejimining asl mohiyati haqida bilishingiz kerak bo‘lgan narsa. Marhumning oilasi va yaqinlariga hamdardlik bildiraman”, – Latviya prezidenti Edgar Rinkevich.

Navalniyning jasadini topish muammo bo‘lmoqda

Shundan so‘ng, 17-fevral kuni tushdan keyin Navalniyning onasi va uning advokati u jazoni o‘tagan koloniyaga yetib bordi. U yerdan ularni o‘likxonaga yuborishgan. Lekin, ular Navalniyning jasadini topa olmagan. Hozir esa uning oilasi Navalniyning jasadi yo‘qligidan shikoyat qilmoqda. Tergov qo‘mitasi esa muxolifatchi yaqinlariga siyosatchining o‘limi sabablarini aniqlashda davom etishlarini va keyingi haftagacha tergovni yakunlamasliklarini aytgan.

“BBC” xabari

Voqeani o‘rganayotgan “BBC” nashri marhumning yaqinlari uning jasadini “zudlik bilan” oilasiga topshirishni talab qilmoqdaligini aytmoqda. Lyudmila Navalnayaga koloniya xodimi tomonidan siyosatchining jasadi Tergov qo‘mitasi tergovchilarining so‘roviga ko‘ra Salekxarddagi o‘likxonaga olib ketilganini aytilgan.

U yerda ham yo‘q

Shundan so‘ng, Navalniyning onasi va uning advokati Salekxard o‘likxonasiga borishdi. Ammo, o‘likxona yopiq bo‘lib chiqdi. Advokat eshikda ko‘rsatilgan telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilgan. Unga bugun qo‘ng‘iroq qilgan yettinchi odam ekanligini aytishgan. Ular o‘likxonada Alekseyning jasadi yo‘qligini ma’lum qilishgan.

Jurnalistlar surishtiruvi

Jurnalistlar Navalniyning jasadi qayerda ekanligini aniqlashga harakat qilishdi. “Mediazona” muxbiri Salekxard tuman kasalxonasi patologiya bo‘limi mudiri Sergey Ivchenkoga qo‘ng‘iroq qilgan. U Navalniyning jasadi qayerda ekanligi haqidagi savolni eshitib, go‘shakni qo‘yib qo‘ygan. “Reuters” jurnalistlari ham o‘likxonaga qo‘ng‘iroq qilishgan va ularga jasad ,u yerda yo‘qligini aytishgan.

Versiyalar o‘zgartirilgan

Navalniy tarafdorlarining aytishicha, birgina shanba kuni Rossiya Tergov qo‘mitasi siyosatchi bilan sodir bo‘lgan voqea va unga nima bo‘lgani haqidagi versiyalarni bir necha bor o‘zgartirgan. Marhumning advokatlaridan biri 17-fevral kuni tushdan keyin Tergov qo‘mitasining Salexarddagi idorasiga borgan. U yerda unga Navalniyning o‘limi sabablari aniqlanmagani va qayta gistologik tekshiruv o‘tkazilgani haqida ma’lum qilingan. Tergovchilar advokatlarga tekshiruv yakunlangani va ekspertlar hech qanday jinoyat izini topmaganligini aytishgan. Ammo keyin Tergov qo‘mitasi yana tekshiruv davom etayotganini ma’lum qilgan va u tugamaguncha Navalniyning jasadi qarindoshlariga berilmasligini aytgan.

“Ochig‘i, qotillar o‘z izlarini yashirishni istaydi, shuning uchun ular Alekseyning jasadini bermayaptilar va hatto onasidan ham yashirmoqdalar”, — deya ijtimoiy tarmoqlarda bayonot berdi Navalniy jamoasi.

Теги :
Jamiyat