$
 12132.48
-5.38
 14360.00
-19.72
 159.09
0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonliklarning narxlar oshishi haqidagi xavotirlari pasaydi

Inflatsiya

Yanvar oyida aholining yillik inflyatsion kutilmalari o‘tgan oyga nisbatan 0,3 foiz bandga pasayib, 11,2 foizni tashkil etdi. Bu haqda O‘zbekiston Markaziy bankining yanvar oyi uchun aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalariga bag‘ishlangan sharhida aytiladi.

Inflyatsion kutilmalar pasaymoqda

2025-yil davomida (fevraldagi o‘sishni hisobga olmaganda) aholining inflyatsion kutilmalari barqaror pasayish tendensiyasini namoyon qildi. Bunda, xususan, valyuta kursining o‘zgarishi hamda monopoliya va narxlarning sun’iy oshirilishi bilan bog‘liq xavotirlarning pasaygani muhim rol o‘ynadi. Kommunal xizmatlar va yoqilg‘i-energiya narxlarining qimmatlashishi bo‘yicha xavotirlar yuqori saqlanib qoldi.

MB so‘rovnomasi natijalariga ko‘ra, dekabr oyidagi kichik (sezilarsiz — 0,1 foiz banddan kichikroq) o‘sishdan so‘ng, yanvarda aholining inflyatsion kutilmalari 0,3 foiz bandga pasaydi.

Narxlarga bosim oʻtkazishi mumkin boʻlgan omil

Aholi orasida narxlarga bosim o‘tkazishi mumkin bo‘lgan asosiy omillar sifatida valyuta kursidagi o‘zgarishlar va transport xarajatlarini qayd etgan respondentlar ulushi ketma-ket ikkinchi oy ko‘paydi. Inflyatsion kutilmalarning boshqa omillari bo‘yicha xavotirlar yanvarda nisbatan kamaydi.

Aholi va tadbirkorlik subyektlari orasida yil davomida yuqori darajada saqlanib qolgan kommunal xizmatlar va yonilg‘i-energiya narxlarining oshishi bilan bog‘liq xavotirlar ham mo‘tadillashdi, lekin bu omillarni iflyatsiyani kuchaytiruvchi asosiy omil sifatida ko‘rsatgan respondentlar ulushi hali ham yuqoriligicha qolmoqda.

Tadbirkorlik subyektlarining kutilmalari

Tadbirkorlik subyektlarining inflyatsion kutilmalari o‘tgan oyga nisbatan 0,3 foiz bandga pasayib, 10,8 foizni tashkil etdi. Yanvardagi so‘rov natijalariga ko‘ra, valyuta kursining o‘zgarishi tadbirkorlarni eng ko‘p tashvishga solmoqda. Tadbirkorlik subyektlarining inflyatsion kutilmalari boshqa omillari bo‘yicha xavotirlar pasaydi.

Aholining aksariyat toifalarida inflyatsion kutilmalar o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori shakllangan. Eng yuqori inflyatsion kutilmalar davlat tashkilotlari hamda tibbiyot sohasi xodimlari tomonidan bildirilgan bo‘lsa, nisbatan past kutilmalar savdo va qishloq xo‘jaligi sohalari vakillari tomonidan qayd etilgan.

Tadbirkorlar orasida kelgusida narxlar shakllanishi bo‘yicha eng yuqori kutilmalar ta’lim va tashish xizmatiga qaratilgan faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar tomonidan qayd etilgan bo‘lsa, nisbatan past kutilmalar savdo va qishloq xo‘jaligi sohalarida kuzatilgan.

Hududlar kesimida

Hududlar kesimida aholi inflyatsion kutilmalarining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahrida, tadbirkorlar inflyatsion kutilmalarining eng yuqori ko‘rsatkichi Surxondaryo viloyatida kuzatildi. Aholining eng past inflyatsion kutilmalari Navoiy viloyatida, tadbirkorlik subyektlarining eng past kutilmalari Toshkent viloyatida qayd etildi.

Теги :
Jamiyat