$
 12927.17
36.74
 14717.58
-3.29
 155.73
-0.31
weather
+26
Кечаси   +14°
oguads

1-apreldan elektr va gaz narxi qanchaga oshadi?

svet

2024-yil 16-aprelda Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, 2024-2025-yillarda yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarini bosqichma-bosqich o‘zgartirish va aholi uchun elektr energiyasi hamda tabiiy gaz iste’molining bazaviy me’yorlari tasdiqlandi. Ushbu qaror bilan 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxi yana oshadigan bo‘ldi. Xo‘sh, bunga sabab nima? Narxlar qancha bo‘ladi? Ushbu savollarga “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ axborot xizmati rahbari Faxriddin Nuraliyev hamda “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati boshqarma bosh mutaxassisi Jobir Rahmonov javob berdi.

Elektr narxi o‘rtacha 11 foizga oshadi

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ axborot xizmati rahbari Faxriddin Nuraliyev :

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 16-apreldagi qarori bilan aholi va iste’molchilar uchun tabaqalashtirilgan tariflar joriy etildi. Shuningdek, respublikada birinchi bor “ijtimoiy norma” tushunchasi kiritildi. Ushbu qaror bilan 2025-yil 1-apreldan boshlab yangi tariflar qo‘llaniladi:

  • 200 kVt/soatgacha — 600 so‘m;
  • 201—1000 kVt/soat — 1000 so‘m;
  • 1001—5000 kVt/soat — 1500 so‘m;
  • 5001—10 000 kVt/soat — 1750 so‘m;
  • 10 000 kVt/soatdan yuqori — 2000 so‘m.

Yangi tariflar bilan elektr energiyasi narxi o‘rtacha 11 foizga oshishi kutilmoqda. 

Nega tariflar oshirilmoqda? 

Oxirgi yillarda energetika sohasida katta islohotlar amalga oshirilyapti. Qisqa muddatda yangi quyosh, shamol va issiqlik elektr stansiyalari ishga tushirildi. Shu bilan birga, mavjud uskunalarni modernizatsiya qilish va ularni yangilash talab etiladi. Bu ishlar uchun moliyalashtirish manbalari zarur. 

Oxirgi marta elektr energiyasi va tabiiy gaz narxi 2019-yilda oshirilgan edi. Oradan 5 yil o‘tib, 2024-yil 1-maydan tabaqalashtirilgan tarif joriy qilindi. Ilgari ishlab chiqarishdan tortib, ta’minot korxonalarigacha energetika tizimida jiddiy muammolar bor edi. Hatto ayrim hollarda sutkalab elektr energiyasi bo‘lmagan davrlar ham kuzatilgan. 

Masalan, tadbirkor ming so‘mga mahsulot ishlab chiqarayotgan bo‘lsa, uni 295 so‘mga sotsa, bankrotga uchrashi aniq. Xuddi shu kabi elektr energiyasining tannarxi 900–1000 so‘m bo‘lgan holda, aholiga 295 so‘mdan yetkazilgan. Bu esa davlat byudjetidan katta subsidiya talab qilgan va muayyan muammolarni keltirib chiqargan.

Hozirgi kunda ham davlat 200 kVt/soatgacha elektr energiyasini 450 so‘mdan subsidiyalab bermoqda. Ko‘pchilik “bu subsidiya bekor qilinadimi?” degan savolni beradi.

Energetika sohasi bu qarorni chiqarish uchun ko‘p yillar tayyorgarlik ko‘rgan va bir necha bor takliflar berilgan. Biroq aholini ijtimoiy himoya qilish maqsadida bu masala uzoq muddat ortga surib kelingan. Elektr energiyasini ishlab chiqarish va iste’molga yetkazib berishda iqtisodiy muvozanatni ta’minlash zarur. Bu esa energetika sohasini rivojlantirish, uzilishlarni kamaytirish va ta’minot barqarorligini oshirish imkonini beradi.

Gazning ishlab chiqarish tannarxi qancha?

“Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati boshqarma bosh mutaxassisi Jobir Rahmonov: 

2025-yil 1-apreldan boshlab 1 kilogramm suyultirilgan gaz narxi 2000 so‘mni tashkil etadi. 2024-yil 1-maydan amaldagi holatda esa 1600 so‘mdir. 

Ta’kidlash kerakki, bugungi kunda ishlab chiqarish tannarxi 850 so‘mga to‘g‘ri keladi. Davlatning qo‘llab-quvvatlayotgani sababli aholiga tannarxidan arzon, 650 so‘m miqdorida sotilmoqda. Bu jarayon bevosita bozor mexanizmiga bosqichma-bosqich o‘tish jarayonlari bilan ham bog‘liqdir.

Теги :
Jamiyat