$
 12171.61
-24.39
 14117.85
-23.41
 149.80
-1.94
weather
+26
Кечаси   +14°

“Zapravka”larda gaz narxining oshishi mahsulotlar tannarxini oshiradi

Zapravka

Aprel oyida avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari uchun tabiiy gazning ulgurji narxlari oshirilishi mahsulot tannarxini oshiradi. Bu haqda Markaziy bankning 2024-yilning to‘rtinchi choragi uchun pul-kredit siyosatiga bag‘ishlangan hisobotida aytiladi, deb yozmoqda Spot nashri.

“Tashqi noaniqliklar va xavf-xatarlar”

Regulyator “tashqi noaniqliklar va xavf-xatarlar” orasida dunyoda himoyachilik kayfiyatlarini qo‘llab-quvvatlovchi tushunchalarning kuchayishi va xalqaro savdodagi cheklovlarning ortishini alohida ta’kidlamoqda.

Bu holat global ta’minot zanjirlarida muammolar keltirib chiqarishi mumkin. Mazkur vaziyat global inflyatsiyaning pasayishiga ta’sir ko‘rsatib, inflyatsion bosimning uzoqroq muddat saqlanib qolish ehtimolini oshiradi. Ortib borayotgan inflyatsion xavflarga javoban markaziy banklar foiz stavkalarini pasaytirish muddatini kechiktirishlari mumkin.

Oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oshishi

Qayd etilishicha, dunyoda mavjud geosiyosiy inqirozlarning davom etishi xomashyo va oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining yanada oshishiga olib kelishi mumkin. Xususan, jahon bozorida oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshishi O‘zbekistondagi narxlarga bosimni kuchaytiradi.

Ichki muammolar orasida energetika sohasi birinchi o‘rinda

Ichki muammolar orasida energetika sohasi birinchi o‘rinda turmoqda. 2025-yil aprel oyida yuridik shaxslar uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflarining ko‘tarilishi keyinchalik ishlab chiqarish xarajatlarining oshishiga va inflyatsion kutilmalarning tezlashishiga olib kelishi mumkin.

“Bundan tashqari, aprel oyida gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari uchun tabiiy gazning ulgurji narxlari oshirilishi, o‘z navbatida, transport xarajatlarining oshishi hisobiga mahsulot tannarxiga ta’sir qilishi mumkin”, — deya ogohlantiradi regulyator.

1-apreldan tariflar ko‘tariladi

O‘tgan yili aprel oyida hukumat qarori bilan yoqilg‘i-energetika resurslarining 2024−2025 yillarda bosqichma-bosqich o‘zgaradigan yangi narxlari hamda aholi uchun elektr-energiyasi va tabiiy gaz bir oylik iste’molining bazaviy me’yorlari tasdiqlangandi.

Qaror bilan 2025-yilning 1-aprelidan e’tiboran bosqichma-bosqich o‘zgaradigan narxlar ham belgilab berilgan.

Xususan, joriy yilning aprel oyidan elektr energiyasi narxi iste’molchilarning I va II guruhiga kiruvchi qismiga o‘zgarishsiz — 1 kVt/soat uchun 1 000 so‘mdan yetkazib beriladi.

Elektr energiysining narxi oshishi

Iste’molchilarning III guruhi, shu jumladan, ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalari bilan jihozlangan ko‘p qavatli uy-joylar va yotoqxonalarda yashovchi maishiy iste’molchilar uchun bir oydagi iste’moldan kelib chiqib, quyidagicha belgilanmoqda:

·       oyiga 200 kVt/soatgacha — 300 so‘m;

·       oyiga 201 kVt/soatdan 1 000 kVt·soatgacha — 500 so‘m;

·       oyiga 1 001 kVt/soatdan 5 000 kVt·soatgacha — 750 so‘m;

·       oyiga 5 001 kVt/soatdan 10 000 kVt·soatgacha — 875 so‘m;

·       oyiga 10 000 kVt/soat va undan yuqori — 1 000 so‘mdan.

Qolgan maishiy iste’molchilar uchun esa bir oydagi iste’moldan kelib chiqib, quyidagicha belgilanadi:

·       oyiga 200 kVt/soatgacha — 600 so‘m;

·       oyiga 201 kVt/soatdan 1 000 kVt·soatgacha — 1 000 so‘m;

·       oyiga 1 001 kVt/soatdan 5 000 kVt·soatgacha — 1 500 so‘m;

·       oyiga 5 001 kVt/soatdan 10 000 kVt·soatgacha — 1 750 so‘m;

·       oyiga 10 000 kVt/soat va undan yuqori — 2 000 so‘mdan.

Iste’molchilarning IV guruhi ham keyingi yilning 1-aprelidan e’tiboran bir kVt/soat elektr energiyasi uchun 1 000 so‘mdan to‘lashadi.

Tabiiy gazning yangi tarifi

Barcha tabiiy gaz iste’molchilar uchun to‘lov miqdori bir kubometr uchun 1 800 so‘mdan etib belgilanmoqda.

AGTKShlar uchun bir kub metr tabiiy gaz 2 500 so‘mdan yetkazib berilsa, issiqlik elektr stansiyalari va issiqlik elektr markazlari buning uchun 1 800 so‘mdan to‘lashadi.

Aholining kommunal-maishiy ehtiyojlar uchun iste’mol qiladigan tabiiy gazi uchun narxlar o‘zgaradi. Ya’ni, kelgusi yilning 1-aprelidan noyabr-fevral oylari davomida bir oydagi iste’moldan kelib chiqib, quyidagicha belgilanadi:

·       oyiga 500 kub metrgacha — 1 000 so‘m;

·       oyiga 501 kub metrdan 2 500 kub metrgacha — 1 800 so‘m;

·       oyiga 2 501 kub metrdan 5 000 kub metrgacha — 2 100 so‘m;

·       oyiga 5 001 kub metrdan 10 000 kub metrgacha — 2 500 so‘m;

·       oyiga 10 001 kub metr va undan yuqori miqdorda bir kub metr uchun 3 000 so‘m.

Shuningdek, Markaziy bank iqtisodiyotdagi yuqori investitsion faollik va aholi real daromadlarining o‘sishi bilan qo‘llab-quvvatlanayotgan iste’mol talabi tufayli inflyatsiya sur’atlarining tezlashishi xatarlarini ta’kidlamoqda.

Теги :
Jamiyat