$
 12101.84
53.0
 13811.83
70.13
 153.75
0.87
weather
+26
Кечаси   +14°

Avgustdan ayrim oilalarga bolalar nafaqasi berilmaydi: Kimlar to‘lovdan mahrum bo‘lishi mumkin?

nafaqa

2026-yil avgust oyidan boshlab O‘zbekistonda ayrim oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam to‘lovlari to‘xtatilishi mumkin. Ijtimoiy himoya milliy agentligining ma’lum qilishicha, bunga oiladagi mehnatga layoqatli a’zolarning rasmiy bandligi asosiy sabab bo‘ladi. Endi nafaqani davom ettirish uchun faqat kam ta’minlangan oila bo‘lishning o‘zi yetarli emas, belgilangan bandlik talablari ham bajarilishi kerak.

Nafaqa olgan oilalar endi yangi tartib asosida baholanadi

Yangi tartib Prezidentning 2025-yil 26-dekabrdagi farmoni bilan joriy etilgan. Unga ko‘ra, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan va “Kambag‘al oila” toifasiga mansub oilalarga bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam dastlab olti oy muddatga tayinlanadi. Shu davr ichida oiladagi mehnatga layoqatli a’zolar rasmiy ish bilan ta’minlanishi kerak. Agar bu shart bajarilsa, to‘lovlar davom ettiriladi, aks holda to‘xtatiladi. 2026-yil fevral oyida nafaqa tayinlangan oilalar uchun aynan shu olti oylik muddat avgust oyida yakunlanadi. Shu sababli avgustdan boshlab ko‘plab oilalarning holati qayta ko‘rib chiqiladi.

Qaysi hollarda bolalar nafaqasi to‘xtatiladi?

Ijtimoiy himoya milliy agentligi ma’lumotiga ko‘ra, agar oiladagi mehnatga layoqatli shaxs oxirgi olti oy davomida rasmiy ishlamagan bo‘lsa, bolalar nafaqasi davom ettirilmaydi. Xuddi shuningdek, Bandlik xizmatlari taklif qilgan mos ish o‘rni ikki marta yoki undan ko‘proq rad etilgan taqdirda ham davlat to‘lovlari keyingi oydan boshlab bekor qilinadi. Bu talablarning asosiy maqsadi mehnatga layoqatli fuqarolarni ish bilan ta’minlash va oilalarning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashishdan iborat.

To‘lovni saqlab qolish uchun nima qilish kerak?

Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam uzluksiz davom etishi uchun oiladagi mehnatga layoqatli shaxs rasmiy mehnat shartnomasi asosida ishga joylashishi mumkin. Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tib soliqlarni o‘z vaqtida to‘lash yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tib belgilangan ijtimoiy soliqni to‘liq to‘lash ham talabni bajarilgan deb hisoblanadi.

Nafaqa miqdori ham oilaning daromadiga qarab belgilanadi. Agar oila a’zolarining har biriga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromad minimal iste’mol xarajatlarining bir baravaridan 1,25 baravarigacha bo‘lsa, bolalar nafaqasi yoki moddiy yordamning 75 foizi to‘lanadi. Daromad minimal iste’mol xarajatlarining 1,25 baravaridan 1,5 baravarigacha yetgan oilalarga esa to‘lovlarning 50 foizi ajratiladi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi bolalar nafaqasi va moddiy yordam davlat tomonidan haqiqatan ham yordamga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilishini eslatdi. Shu bois mehnatga layoqatli oila a’zolarining rasmiy bandligini ta’minlash nafaqat ish topish, balki davlat yordamini saqlab qolish uchun ham muhim shart hisoblanadi.

Теги :
Jamiyat