$
 12021.22
-54.96
 13978.27
-16.82
 169.53
0.06
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda bola tug‘ilganda beriladigan nafaqa pulini to‘lash qoidalari kengaytirildi

O‘zbekistonda bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa pulini tayinlash tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi. Tegishli tuzatishlar Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-apreldagi 154-sonli qarori bilan tasdiqlandi.

Ilgari ushbu nafaqa puli faqat birinchi farzand tug‘ilgandagina berilar edi. Bunda go‘dak tug‘uruq paytida yoki hayotining dastlabki kunlarida vafot etgan bo‘lsa ham, u tug‘ilganligi haqidagi fakt davlat tizimida avtomatik ravishda qayd etilardi. Oqibatda, keyingi tug‘ilgan farzand oilada ikkinchi hisoblanib, davlat tomonidan bir martalik nafaqa puli berish rad etilishi mumkin edi.

Prezident Xalq qabulxonasidan ma’lum qilishlaricha, ushbu muammo yuzasidan xuddi shunday vaziyatga duch kelgan fuqarolardan ko‘plab murojaatlar kelib tushgan. Mazkur arizalar o‘rganib chiqilgach, hukumat nafaqa tayinlashning amaldagi tartibini qayta ko‘rib chiqdi.

Nimalar o‘zgardi?

Yangi qoidalarga ko‘ra, agar oilaning birinchi yoki undan keyingi farzandlari vafot etgan bo‘lsa, keyingi tirik tug‘ilgan bola uchun bir martalik nafaqa puli tayinlanadi. Shunday qilib, farzand dog‘ini ko‘rgan oilalarning davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanish huquqi saqlab qolinadi.

Nafaqa pulini kimlar olishi mumkin?

2024-yil 1-apreldan boshlab bola tug‘ilganda beriladigan nafaqa puli quyidagilarga tayinlanadi:

  • Birinchi farzand uchun — barcha ayollarga;
  • Ikkinchi farzand uchun — faqat “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” tizimiga kiritilgan oilalarga.

Qolgan barcha holatlarda bu nafaqa pulini to‘lash ko‘zda tutilmagan.

Nafaqa miqdori qancha?

2024-yil 1-oktyabrdan boshlab bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa miqdori 811 965 so‘mni tashkil etadi.

Теги :
Jamiyat