$
 12640.21
-49.76
 13559.15
1.19
 137.02
-0.18
weather
+26
Кечаси   +14°

Gonkongga qarshi o‘yin O‘FA uchun qanchaga tushdi?

pfl

Kecha O‘zbekiston terma jamoasining Gonkongga qarshi o‘yinidan so‘ng maydonga o‘nga yaqin muxlis tushib ketdi. 

30-yillik tarix takrorlandi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi 26-mart kuni JCH-2026 va Osiyo kubogi-2027 qo‘shma saralashi doirasida Gonkongni qabul qilib, 3:0 hisobida taslim qildi. Bu orqali jamoa 2027-yil Saudiya Arabistonida o‘tadigan Osiyo kubogiga yo‘llanma va JCH-2026 saralash bosqichining keyingi bosqichiga yo‘llanma oldi. Qiziqarlisi, bu natija terma jamoaga mag‘lubiyatsiz seriyani 11 ta uchrashuvga yetkazib olish va 30-yillik tarixiy natijani takrorlashga imkon berdi. Shu tariqa O‘zbekiston MTJning mag‘lubiyatsiz seriyasi 2023-yilning 12-sentyabr oyidan beri davom etib, 13 ta o‘yinga yetdi. 

Yoqimsiz yakun

Muxlislar va futbolchilar uchun "yengil" o‘tgan o‘yin O‘FA va o‘zbek futboli uchun yoqimsiz tarzda yakunlandi. Afsuski, bu holat ilk marotaba emas va ketma-ket sodir bo‘lmoqda. O‘yin yakunlangach, o‘yinni bevosita maydondan ko‘rish uchun kelgan o‘nga yaqin muxlis qonun-qoidalarni qo‘pol ravishda buzib, maydon to‘siqlaridan oshib o‘tib, maydonga, yana ham aniq qilib aytadigan bo‘lsak, futbolchilar tomonga yugura boshlashdi. Kimdir o‘zining sevimlisi futbolkasini olish uchun, yana kimdir, shunchaki tomosha ko‘rsatish maqsadida.  

Jarimalar yomg‘iri

Yil avvalida Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tartib-intizom qo‘mitasi ikki kun ichida muxlislarning xatti-harakatlari sabab O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va "Nasaf"ga qarshi 3 ta qaror qabul qilib, O‘FAni 5000 dollar va Qarshi klubini 50375 dollar jarimaga tortgandi. Qizig‘i, bungacha noyabr oyida Afg‘onistonga qarshi U-23 Osiyo Kubogi saralash o‘yinida uch muxlis maydonga tushib ketgani uchun O‘FAga 15 000 dollar jarima solingandi. Ayni shu jarimadan qo‘mita va tashkilotning bu holatga belgilangan "stavka"sini anglab olish unchalik mushkul emas. Bundan kelib chiqadiki, O‘FA Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tartib-intizom qo‘mitasi tomonidan har bir muxlis uchun ehtimoliy 5 000 dollar va umumiy miqdorda 50 000 dollarga yaqin jarimaga tortilishi mumkin. 

Masalaga yechim 

O‘zbekistonlik taniqli futbol mutaxassisi va Qatar Futbol Assotsiatsiyasi xodimi Alisher Nikimbayev ushbu bu vaziyatdan chiqishning jiddiy yechimlaridan birini yozib o‘tdi. Uning fikriga ko‘ra, maydonga yugurib chiquvchilar uchun jazoni kuchaytirish kerak, ya’ni klublar va Assotsiatsiyaga qo‘yilgan jarimalarni bevosita qoidani buzgan muxlisning "bo‘yniga qo‘yish" va ma’lum muddatga o‘yinlarga kirishni taqiqlash kerak. Umuman olganda, haqiqatan ham ushbu yoqimsiz an’anaga chek qo‘yish uchun "yumshoqlik"dan biroz chekinish zarur.