$
 12085.56
33.51
 13870.60
-114.6
 164.52
-0.78
weather
+26
Кечаси   +14°

Muxlisligimiz g‘alabaga bog‘liqmi?

muxlislik

18-iyun, soat 07:00. Bu lahzalarni o‘zbekistonlik futbol muxlislari 34 yil davomida kutdi. Aynan shu kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionatidagi ilk uchrashuvini o‘tkazdi. Millionlab tomoshabinlar ekran qarshisiga jam bo‘ldi. Hayajonli daqiqalar, hissiyotlarga boy hayqiriqlar va unutilmas voqealar tarix sahifalariga muhrlandi.

Abbosbek Fayzullayevning Jahon chempionatidagi ilk goli, Abduqodir Husanovning o‘yin vaqtida operator bilan to‘qnashuvi, mag‘lubiyatdan so‘ng yig‘lab yuborgan o‘zbekistonlik bolakay va unga tasalli bergan kolumbiyalik muxlislar tasvirlari ijtimoiy tarmoqlarda millionlab tomoshalar yig‘di. Bu voqealar nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijda ham keng muhokama qilindi.

Ayniqsa, qardosh va qo‘shni mamlakatlar muxlislari, shuningdek, g‘arb auditoriyasining O‘zbekiston jamoasiga bildirgan iliq fikrlari e’tiborga molik bo‘ldi. Dunyoning turli nuqtalaridagi futbol ixlosmandlari mag‘lubiyatga qaramay o‘zbekistonlik futbolchilarning tirishqoqligi, intizomi va jasoratini e’tirof etdi. Ko‘plab videolar va izohlarda “sizlarning vaqtingiz endi keladi”, “debyut uchun yaxshi o‘yin”, “boshingizni baland tuting” kabi fikrlar yangradi.

Biroq bu manzaraning boshqa tomoni ham bor. Butun dunyo O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlayotgan bir paytda, ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida keskin tanqidlar, haqoratlar va salbiy izohlar ham ko‘paydi. Ayrim foydalanuvchilar “boshqa o‘ynamasin”, “sharmanda qildi”, “bunga qancha pul sarflandi” kabi fikrlarni yozib qoldirdi.

Xo‘sh, bunga nima sabab bo‘ldi?

Avvalo, ko‘pchilik jarayonni emas, natijani baholadi. Tarixiy voqea, terma jamoaning bosib o‘tgan yo‘li yoki raqibning kuchi emas, faqat hisob tablosidagi natija muhim mezonga aylandi. O‘yin oldidan ko‘klarga ko‘tarilgan futbolchilar mag‘lubiyatdan keyin tanqid nishoniga aylandi.

Biroq bu holatni faqat salbiy nuqtayi nazardan baholab bo‘lmaydi. Bu tanqidlar ortida jamoaga nisbatan nafratdan ko‘ra, yillar davomida yig‘ilib kelgan ulkan umidlar yotibdi. Hisob 1:1 ko‘rinishiga kelgan pallada millionlab o‘zbekistonliklar qalbida “balki bugun tarix yozilayotgandir” degan ishonch paydo bo‘ldi. Keyingi gollar esa muxlislarni yana real voqelikka qaytardi va hissiy zarba ijtimoiy tarmoqlarda keskin reaksiyalar ko‘rinishida namoyon bo‘ldi. Bu esa futbolimizdagi muhim muammoni ko‘rsatadi: bizda muxlislik madaniyati hanuzgacha natijaga haddan tashqari bog‘langan.

Ko‘pincha quyidagi formula ishlaydi: jamoa g‘alaba qozonsa, futbolchilar milliy qahramonga aylanadi, umumxalq bayrami boshlanadi. Mag‘lub bo‘lsa, o‘sha futbolchilarning o‘zi keskin tanqid qilinadi. Holbuki, professional sportning tabiati bundan ancha murakkab. Unda rivojlanish bir o‘yin yoki bir turnir bilan emas, uzoq yillik mehnat, tajriba va xatolar orqali shakllanadi.

Futbol madaniyati rivojlangan mamlakatlarda muxlislik faqat g‘alabani kutish emas, balki jamoa bilan birga yashash madaniyati hisoblanadi, futbol nafaqat sport, balki madaniy hodisa sifatida qabul qilinadi. Jamoa mag‘lub bo‘lgan taqdirda ham muxlislar stadionni tark etmay, qo‘shiqlar aytadi va futbolchilarga minnatdorlik bildiradi. Chunki, ular natijadan tashqari o‘yinning o‘zi, kurash va fidoyilikni ham qadrlaydi.

O‘zbekistonda esa futbol ko‘pincha milliy g‘urur va xalqaro maydondagi o‘zini namoyon qilish vositasi sifatida qabul qilinadi. Shu sababli futbolchilar zimmasiga haddan tashqari katta mas’uliyat yuklanadi. Natijada muvaffaqiyatsizliklarga bo‘lgan reaksiyalar ham keskinlashadi.

Hissiyot emas, tahlil muhim

Shunga qaramay, ijobiy o‘zgarishlarni ham ko‘rmaslik mumkin emas. So‘nggi yillarda futbolni hissiyot emas, tahlil orqali kuzatayotgan auditoriya soni ortib bormoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda “Kolumbiya kabi kuchli raqibga qarshi qanday o‘ynadik?”, “qaysi pozitsiyada muammo bo‘ldi?”, “Portugaliyaga qarshi nimalarni o‘zgartirish kerak?” kabi savollarni muhokama qilayotgan muxlislar ko‘paymoqda. Aynan mana shu tendensiya umid uyg‘otadi. Chunki kuchli futbol avvalo kuchli muxlislik madaniyatidan boshlanadi. Jamoani faqat g‘alaba paytida emas, qiyin kunlarda ham qo‘llab-quvvatlay oladigan auditoriya shakllanmas ekan, sportning haqiqiy qadriyatlarini rivojlantirish qiyin bo‘ladi.

Jahon chempionatidagi ilk o‘yin natijasi haqida turlicha fikr bo‘lishi mumkin. Ammo bitta haqiqat o‘zgarmaydi: O‘zbekiston futboli tarixiy bosqichga qadam qo‘ydi. Endi savol terma jamoaning natijasida emas, balki bizning unga bo‘lgan munosabatimizda. Chunki maydondagi futbolchilar qanday sinovdan o‘tayotgan bo‘lsa, tribunadagi va ekran ortidagi muxlislar ham o‘z futbol madaniyati bo‘yicha xuddi shunday sinovdan o‘tmoqda.

Теги :
Jamiyat