$
 11801.23
-22.46
 13737.81
-59.25
 136.73
-3.01
weather
+26
Кечаси   +14°

20 milliondan 38 millionlik marragacha: O‘zbekistonning 35 yillik yo‘li raqamlarda

raqam

O‘zbekiston mustaqillikka erishgan 1991-yilda mamlakatda 20,6 million kishi yashagan. Bugunga kelib aholi 38,2 millionga yetdi. 1994-yilda 6,4 milliard dollar bo‘lgan yalpi ichki mahsulot hajmi 2025-yilda 147,1 milliard dollarni tashkil etdi. Milliy statistika qo‘mitasi Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan mamlakatda shu davr ichida yuz bergan asosiy o‘zgarishlarni raqamlarda ko‘rsatdi.

35 yilda O‘zbekiston aholisi 17,6 million kishiga ko‘paydi

1991-yilda O‘zbekistonning doimiy aholisi 20,6 million kishi edi. 2026-yil 1-yanvar holatiga bu raqam 38,2 millionga yetgan. Ya’ni 35 yil ichida mamlakat aholisi 17,6 million kishiga yoki qariyb 85 foizga ko‘paygan.

Aholi soni bilan birga o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi ham oshgan. 1991-yilda O‘zbekistonda odamlar o‘rtacha 66,4 yil umr ko‘rgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 75,4 yoshni tashkil etgan. Farq 9 yilga teng.

Sog‘liqni saqlash tizimidagi raqamlarda ham o‘zgarish bor. 1991-yilda mamlakatda 1 388 ta shifoxona faoliyat yuritgan. 2024-yilga kelib ularning soni 1 972 taga yetgan.

Iqtisodiyot hajmi 147,1 milliard dollarga yetdi

Mustaqillik yillarida O‘zbekiston iqtisodiyoti ham ancha kattalashgan. 1994-yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti 6,4 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda bu raqam 147,1 milliard dollarga yetgan.

Tashqi savdo hajmi ham keskin oshgan. 1991-yilda O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 3,3 milliard dollar edi. 2025-yilda esa bu ko‘rsatkich 82,8 milliard dollarni tashkil etdi. Eksport hajmi shu davrda 1,8 milliard dollardan 34,2 milliard dollargacha ko‘paygan.

Mamlakatga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi 1991-yildagi 1,1 milliard dollardan 2025-yilda 48,5 milliard dollarga yetgan. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi ham 3 milliard dollardan 87,5 milliard dollargacha oshgan.

Qurilish sohasidagi farq ham katta. 1995-yilda 611 million dollarlik qurilish ishlari bajarilgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 25 milliard dollarni tashkil etgan. Shu bilan birga, faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlar soni ham ko‘paygan. 2010-yilda ular 201 mingta bo‘lgan bo‘lsa, 2026-yil boshida 474,9 mingtaga yetgan.

Oliy ta’lim tashkilotlari 52 tadan 215 taga ko‘paydi

35 yil ichida ta’lim tizimidagi raqamlar ham sezilarli o‘zgargan. 1991–1992-o‘quv yilida O‘zbekistonda 52 ta oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan. 2025–2026-o‘quv yiliga kelib ularning soni 215 taga yetgan. Maktablar soni esa 8 557 tadan 11 118 taga ko‘paygan.

Odamlarning avtomobil va mobil telefonlar bilan ta’minlanganlik darajasi ham ancha oshgan. 2010-yilda har 100 ta uy xo‘jaligiga 21 ta avtomobil to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2025-yilda bu raqam 61 taga yetgan. Xuddi shu davrda har 100 ta uy xo‘jaligiga to‘g‘ri keladigan mobil telefonlar soni 145 tadan 359 tagacha ko‘paygan.

Turizmda ham katta o‘sish qayd etilgan. 2012-yilda O‘zbekistonga 1,9 million turist tashrif buyurgan bo‘lsa, 2025-yilda ularning soni 11,7 millionga yetgan. Bu 13 yil ichida mamlakatga kelgan sayyohlar soni olti baravardan ko‘proq oshganini ko‘rsatadi.

Теги :
Jamiyat