$
 12029.20
-43.76
 14065.74
-111.54
 160.26
-0.91
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston Jahon chempionatidan 12,3 million dollar ishlab oladi

Trionda

2026-yilda futbol olami tarixidagi eng yirik va keng ko‘lamli voqeaga guvoh bo‘lamiz. AQSh, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan navbatdagi Jahon chempionati nafaqat ishtirokchi jamoalar soni (48 ta), balki moliyaviy ko‘rsatkichlari bilan ham avvalgilaridan tubdan farq qiladi. Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) turnir byudjetini qayta ko‘rib chiqib, milliy terma jamoalar uchun taqdim etiladigan kafolatlangan to‘lovlar va mukofot jamg‘armasini sezilarli darajada oshirishga qaror qildi.

Ishtirokning o‘ziyoq millionlar kafolati

Yangi tartibga ko‘ra, saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan har bir mamlakat o‘z g'aznasini kamida 12,5 million dollar bilan boyitib oladi. Ushbu mablag‘ guruh bosqichidagi natijalardan qat’i nazar, barcha 48 ta jamoaga kafolatlangan tarzda to‘lab beriladi. Bu esa kichikroq federatsiyalar uchun o‘z mamlakatlarida futbol infratuzilmasini rivojlantirishga xizmat qiluvchi katta iqtisodiy turtkidir.

FIFA mutasaddilari terma jamoalarning tayyorgarlik jarayoni va logistika masalalariga ham jiddiy e’tibor qaratishgan. Xususan, jamoalarning turnirga munosib hozirlik ko‘rishi uchun ajratiladigan subsidiya miqdori 1,5 million dollardan 2,5 million dollargacha ko‘tarildi. Shuningdek, yo‘llanmani qo‘lga kiritganlik uchun to‘lanadigan bonus miqdori ham 9 million dollardan 10 million dollargacha oshirilgan.

Delegatsiyalar uchun qulay sharoitlar

Turnir tashkilotchilari ishtirokchi delegatsiyalarning qit’alararo harakatlanishi va yashashi bilan bog‘liq xarajatlarni ham to‘liq qoplashni o‘z zimmalariga olganlar. Buning uchun maxsus moliyaviy paketlar ishlab chiqilgan. Bundan tashqari, federatsiyalarga o‘z muxlislari va ichki ehtiyojlari uchun jami 16 million dollarlik chipta kvotalari ajratilishi belgilab qo‘yildi. Bu choralar turnirning tashkiliy sifatini oshirish va jamoalarning bor e’tiborini faqat maydondagi o‘yinga qaratishiga yordam beradi.

G‘olibni qanday mukofot kutmoqda?

Musobaqaning pley-off bosqichlariga yo‘l olgan jamoalarning daromadlari bosqichma-bosqich o‘sib boradi. Eng yuqori pog‘onalarni egallagan jamoalar uchun esa chinakam “oltin” mukofotlar tayyorlangan.

Jahon taxtiga o‘tiradigan yangi chempion o‘z mamlakatiga 50 million dollar mukofot puli bilan qaytadi. Finalda mag‘lub bo‘lgan vitse-chempion 33 million dollar, kuchli uchlikni yakunlab bergan bronza medali sohibi esa 29 million dollar miqdoridagi mablag‘ga ega chiqadi.

Bu kabi moliyaviy o‘sishlar Jahon chempionatini nafaqat sport musobaqasi, balki butun dunyo bo‘ylab futbol sanoatining iqtisodiy dvigateliga aylantirmoqda. Endilikda jamoalar nafaqat shon-sharaf, balki o‘z mamlakati futboli kelajagini ta’minlovchi ulkan sarmoya uchun ham maydonda kurash olib boradilar.

Mundial

Mundialning rasmiy ochilish marosimi va ilk uchrashuvi 2026-yil 11-iyun kuni Meksika poytaxtidagi afsonaviy “Asteka” stadionida bo‘lib o‘tadi. Shu kuni turnir mezbonlaridan biri Meksika terma jamoasi Janubiy Afrikaga qarshi maydonga tushib, 39 kunlik marafonni boshlab beradi. Kanada o‘zining ilk uchrashuvini 12-iyun kuni Torontoda, AQSh esa Los-Anjelesda o‘tkazishi belgilangan. Final uchrashuvi esa 19-iyul kuni Nyu-Jersi shtatidagi “MetLife” stadionida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston ishtiroki

 Terma jamoamiz guruh bosqichida “K” guruhidan joy olgan bo‘lib, unda Portugaliya, Kongo DR va Kolumbiya terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi.

Quyida jamoamizning guruh bosqichidagi o‘yinlari taqvimi bilan tanishishingiz mumkin:

  • 18-iyun, soat 07:00 (Mexiko shahri): O‘zbekiston — Kolumbiya
  • 23-iyun, soat 22:00 (Xyuston shahri): Portugaliya — O‘zbekiston
  • 28-iyun, soat 04:30 (Atlanta shahri): Kongo DR — O‘zbekiston
Теги :
Jamiyat