$
 12187.68
-48.45
 14366.84
-73.02
 159.09
-0.01
weather
+26
Кечаси   +14°

“Jasorat” necha pul? “Shuhrat”chi? Davlat mukofotlari sotilmoqda, bunga kim javobgar?

MEDAL

Yaqinda Sankt-Peterburgda yosh bolaning hayotini saqlab qolgan hamyurtimiz Xayrullo Ibadullayevning jasorati barchamizni to‘lqinlantirdi. Davlat rahbari uning mardligini yuksak baholab, “Jasorat”medali bilan taqdirladi. Bu medal inson hayoti evaziga kelgan sharaf, qahramonlik va fidoyilik timsolidir.

Biroq, mashhur e’lonlar saytlari (masalan, OLX) va ijtimoiy tarmoqlardagi “bozor”ga nazar tashlasangiz, ko‘nglingiz xira bo‘ladi. U yerda xuddi shu nomdagi “Jasorat”, “Shuhrat”, “Fidokorona mehnat uchun” medallari, turli ordenlar va ko‘krak nishonlari bir necha yuz ming so‘mdan bir necha million so‘mgacha narxlanmoqda. Bu holat jamiyatning qadriyatlari, qonuniy me’yorlar va tarixiy xotiraga bo‘lgan munosabatini savol ostiga qo‘yadi.

Sharaf bozorga tushganda...

Professional nuqtayi nazardan qaraganda, bu shunchaki “antikvar savdosi” emas. Bu davlat ramzlariga bo‘lgan hurmatsizlik va ma’naviy qadriyatlarning yemirilishidir. Masalaning huquqiy tomoni ham bor, albatta. Ko‘plab sotuvchilar bu harakati bilan qonunni buzayotganini anglamaydi yoki ataylab e’tiborsiz qoldiradi. 

O‘zbekiston Respublikasining “Davlat mukofotlari to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasiga muvofiq: “Orden, medal, faxriy unvonga doir ko‘krak nishonini noqonuniy ravishda taqib yurish, sotib olish, sotish, almashish yoki o‘zga tarzda haq evaziga berish qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi”.

Mukofot faqat uni olgan shaxsga tegishli. Vafotidan keyin u merosxo‘rlarda esdalik sifatida saqlanishi mumkin, biroq bu ularga mukofotni sotish huquqini bermaydi.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 209-moddasida davlat mukofotlarini noqonuniy sotish yoki sotib olish uchun aniq jazo choralari belgilangan.

Platformalar mas‘uliyati

Onlayn platformalar ham bunday e’lonlar uchun bilvosita mas’uldir.

O‘zbekiston qonunlariga ko‘ra, savdosi taqiqlangan ashyolar (qurol, giyohvand moddalar, davlat mukofotlari) e’lonlar qatoriga kiritilmasligi kerak. OLX kabi platformalar ma’muriyati bunday e’lonlarni filtrdan o‘tkazishi va taqiqlangan tovarlar ro‘yxatiga qat’iy rioya qilishi shart. 

Davlat mukofotlari bu tijorat obyekti emas, u millatning ehtiromidir. Huquq-tartibot idoralari bu “bozor”ga birrov kirib o‘tishsa, yomon bo‘lmasdi.

Теги :
Jamiyat