$
 12212.79
43.38
 14411.09
51.19
 159.52
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Bolani qutqargan o‘zbekistonlik “Jasorat» medali va bir million rubl bilan mukofotlandi

Sankt-Peterburgda oddiy ish kuni fojia bilan yakunlanishiga bir baxya qoldi. Ammo O‘zbekiston fuqarosining mardligi tufayli bir bolakayning hayoti saqlab qolindi.

Bola balandlikdan qulab tushdi

Hodisa 22-fevral kuni Sankt-Peterburgning Petrozavodsk ko‘chasida yuz bergan. Yetti yoshli bola yettinchi qavatdagi deraza tokchasiga chiqib olgan va bir necha soniyadan so‘ng pastga qulagan. Shu vaqtda hovlida farrosh bo‘lib ishlovchi Xayrullo Ibadullayev mehnat qilayotgan edi. U bolani payqab qolib, uni uyga qaytishga ko‘ndirmoqchi bo‘lgan, biroq bola bunga munosabat bildirmagan.

Bola pastga qarab qulagan lahzada, erkak yugurib borib, uni tutib olishga ulgurgan va o‘z tanasi bilan zarbani yumshatgan. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, bola uyda onasi bilan bo‘lgan, ona esa qo‘shni xonada edi. Bolakay planshet bilan o‘ynab o‘tirgan. Uning autizm spektri buzilishidan aziyat chekishi ma’lum qilindi. Derazalarga esa maxsus himoya vositalari (blokirovka) o‘rnatilmagan bo‘lgan.

Ikkala jabrlanuvchi ham shifoxonaga yotqizildi

Yiqilish natijasida bola oyog‘ining sinishi va ichki a’zolarining shikastlanishi bilan shifoxonaga olib borildi. Hozirda u reanimatsiya bo‘limida, sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangan. Xayrullo Ibadullayevning esa qo‘li va qovurg‘alari singan. Tibbiy yordam ko‘rsatilgach, u uyiga ruxsat berilgan va hozirda salomatligini tiklamoqda.

“Men baqirdim, u eshitmadi. Keyin u yiqildi. Oyoqlari ko‘ksimga kelib urildi va men ham yiqilib tushdim”, — deya so‘zlab berdi erkak jurnalistlarga.

Xayrullo Ibadullayev Sankt-Peterburgga ishlash uchun bor-yo‘g‘i to‘rt oy avval borgan. O‘zbekistonda uning rafiqasi, to‘rt nafar farzandi va keksaygan ota-onasi kutib turibdi.

Prezident Jasorat medali bilan taqdirladi

Ushbu keng rezonans uyg‘otgan voqeadan so‘ng, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ibadullayev Xayrullo Saydullayevichni “Jasorat” medali bilan taqdirlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Hujjatda qayd etilishicha, u o‘z hayoti va sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yib, favqulodda vaziyatda mardlik va fidoyilik ko‘rsatgani hamda voyaga yetmagan bolani qutqargani uchun mukofotlangan. Ma’lumot uchun, «Jasorat» medali bilan taqdirlanganlarga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti ham beriladi.

Mardlik uchun bir million rubl

Davlat mukofotidan tashqari, Xayrullo yirik miqdordagi pul mukofotini ham qo‘lga kiritadi. “Rossiya segodnya” xalqaro mediagruppasi va RT telekanali bosh muharriri Margarita Simonyan unga bir million rubl miqdoridagi Tigran Keosayan nomidagi mukofot topshirilishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, laureatlar bo‘yicha qarorni shaxsan o‘zi qabul qiladi va yaqin vaqt ichida uning yordamchilari qahramon bilan bog‘lanishadi.

Ibadullayevning o‘zi esa o‘zini qahramon deb hisoblamaydi. Uning uchun asosiysi — bolakayning sog‘ayib ketishidir.

Теги :
Jamiyat