$
 12175.53
-4.28
 14151.62
12.08
 155.08
-1.65
weather
+26
Кечаси   +14°

“Parda ortidagi kuch”: Eronning yangi oliy rahbari Mujtabo Xomanaiy kim?

mujtabo

Eron siyosatida muhim o‘zgarish yuz berdi. Marhum Oyatulloh Ali Xomanaiyning o‘g‘li Mujtabo Xomanaiy mamlakatning yangi oliy rahnamosi etib tanlandi. Bu qaror ulamolardan iborat Ekspertlar kengashi tomonidan qabul qilindi. Eron ommaviy axborot vositalari xabariga ko‘ra, qaror Ali Xomanaiy AQSh va Isroil zarbalari natijasida halok bo‘lganidan bir haftadan ko‘proq vaqt o‘tib e’lon qilindi.

Kengash a’zolaridan biri bo‘lgan Oyatulloh Mohsen Heydari Alekasir yakshanba kuni tarqatilgan videomurojaatda yangi rahbar tanlanishida Ali Xomanaiyning o‘zi ilgari aytgan bir fikr asos bo‘lganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eronning oliy rahbari “dushmanlar nafratlanadigan” va ularga qarshi qat’iy turadigan shaxs bo‘lishi kerak. U hatto AQSh ham Mojtaba Xomanaiyning nomini tilga olganini eslatib o‘tdi. Bundan bir necha kun oldin AQSh prezidenti Donald Tramp Mojtaba Xomanaiyni “qabul qilib bo‘lmaydigan nomzod” deb atagan edi.

Mujtabo Xomanaiy G‘arbga qarshi keskin qarashlari bilan tanilgan. WikiLeaks tomonidan e’lon qilingan AQSh diplomatik hujjatlarida ham u “parda ortidagi kuch” sifatida tasvirlangan. Bu esa uning Eron siyosatida katta ta’sirga ega ekanini ko‘rsatadi.

Mujtabo Xomanaiy aslida kim?

Mujtabo Xomanaiy 1969-yil 8-sentabr kuni Eronning shimoli-sharqidagi Mashhad shahrida tug‘ilgan. U Ali Xomanaiyning olti farzandidan ikkinchisi hisoblanadi. Maktabni Tehrondagi diniy yo‘nalishdagi Alavi maktabida o‘qigan. 17 yoshida u Eron–Iroq urushi paytida qisqa muddat harbiy xizmat qilgan. O‘sha sakkiz yil davom etgan urush Eron hukumatining AQSh va G‘arb davlatlariga nisbatan shubhasini yanada kuchaytirgan. Sababi o‘sha davrda G‘arb davlatlari Iroqni qo‘llab-quvvatlagan edi.

1999-yilda Mujtabo Xomanaiy Eronning muhim diniy markazlaridan biri bo‘lgan Qum shahriga borib diniy ta’limni davom ettirdi. Qizig‘i, u ruhoniy kiyimini ancha kech — taxminan 30 yoshlarida kiyishni boshlagan. Odatda diniy ta’lim bu sohada yoshroq paytda boshlanadi. Ilgari Mujtabo hech qachon Eron hukumatida rasmiy lavozim egallamagan. Ba’zi siyosiy yig‘ilishlarda ko‘ringan bo‘lsa-da, omma oldida juda kam gapiradi. Hozirda u “hojjat-ul-islom”, ya’ni o‘rta darajadagi ruhoniy hisoblanadi va bu holat uning oliy rahbar bo‘lishi uchun ayrim savollarni ham keltirib chiqarmoqda.

Otasining yaqin insoni

Mujtabo Xomanaiy yillar davomida otasi hokimiyatda bo‘lgan davrda katta ta’sirga ega bo‘lib bordi. U xavfsizlik kuchlari va ular nazorat qiladigan katta iqtisodiy tizim bilan yaqin aloqalar o‘rnatgan. Shu bilan birga, u Eronning G‘arb bilan yaqinlashishini istagan islohotchi siyosatchilarga qarshi chiqib kelgan.

Uning Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IRGC) bilan juda yaqin aloqalari bor. Bu esa unga mamlakatning siyosiy va xavfsizlik tizimida katta ta’sir o‘tkazish imkonini bergan. Ayrim manbalarga ko‘ra, Mujtabo otasining eng yaqin maslahatchilaridan biri bo‘lgan va ko‘p muhim qarorlar aynan u orqali o‘tgan. AQShdagi United Against Nuclear Iran tashkilotining tadqiqotchisi Kasra Aarabining aytishicha, Mujtabo ayniqsa Inqilobiy gvardiyaning yosh va radikal qarashdagi a’zolari orasida katta qo‘llab-quvvatlovga ega.

Eron siyosiy tizimida oliy rahbar davlatning eng yuqori hokimiyati hisoblanadi. U tashqi siyosat, harbiy strategiya va yadroviy dastur kabi muhim masalalarda oxirgi qarorni qabul qiladi.

G‘arb davlatlari Eron yadroviy qurol yaratishining oldini olishga harakat qilmoqda, Eron esa bu dastur faqat tinch maqsadlar uchun ekanini aytib keladi.

Mujtabo Xomanaiy yangi rahbar bo‘lsa-da, mamlakat ichida unga qarshi chiqishlar bo‘lishi mumkin. So‘nggi yillarda eronliklar ko‘proq erkinlik talab qilib bir necha bor ommaviy norozilik namoyishlari o‘tkazgan. Hukumat bu namoyishlarni kuch bilan bostirgan bo‘lsa ham, jamiyatdagi norozilik kayfiyati saqlanib qolgan.

AQSh sanksiyalari

2019-yilda AQSh Mujtabo Xomanaiyga qarshi sanksiyalar joriy qilgan. AQSh Moliya vazirligi uning rasmiy lavozimga ega bo‘lmasa ham otasi nomidan ko‘plab muhim qarorlar qabul qilishda ishtirok etganini aytgan. Shuningdek, u Inqilobiy gvardiyaning Quds kuchlari va Basij harbiy guruhlari bilan yaqin ishlagan. AQShga ko‘ra, bu guruhlar Eronning mintaqadagi siyosiy ta’sirini kengaytirishda va ichki noroziliklarni bostirishda muhim rol o‘ynaydi. 2022-yilda politsiya qo‘lida vafot etgan yosh ayol voqeasidan keyin boshlangan namoyishlarda ham Mujtabo Xomanaiy keskin tanqid qilingan.

Bahsli rahbar

2024-yilda Mujtabo Xomanaiy Qum shahrida o‘qitib kelgan diniy darslarini to‘xtatganini e’lon qilgan video paydo bo‘ldi. Bu qaror turli taxminlarga sabab bo‘ldi. U tashqi ko‘rinishi bilan ham otasiga juda o‘xshaydi va payg‘ambar Muhammad avlodidan ekanini bildiruvchi qora salla kiyadi.

Biroq tanqidchilar uning diniy darajasi oliy rahbar bo‘lish uchun yetarli emasligini aytmoqda. Chunki u “hojjat-ul-islom” darajasiga ega, bu esa oyatulloh darajasidan past hisoblanadi. Uning otasi Ali Xomanaiy va Eron Islom Respublikasining asoschisi Ruhulloh Xumayniy esa aynan oyatulloh darajasiga ega bo‘lgan.

Shunga qaramay, Mujtabo Xomanaiy ko‘p yillardan beri bu lavozim uchun eng ehtimoliy nomzodlardan biri sifatida tilga olinib kelgan. Ayniqsa 2024-yilda yana bir kuchli nomzod — sobiq prezident Ibrohim Raisi vertolyot halokatida vafot etganidan keyin uning imkoniyatlari yanada oshgan.

Ko‘pchilik Mujtabo Xomanaiyni 2005-yilda prezident bo‘lgan keskin siyosatchi Mahmud Ahmadinajodning tez siyosiy ko‘tarilishida ham muhim rol o‘ynagan deb hisoblaydi. U 2009-yilda Ahmadinajodni yana qo‘llab-quvvatlagan. O‘sha saylovlardan keyin mamlakat bo‘ylab katta norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan va ular xavfsizlik kuchlari tomonidan kuch bilan bostirilgan. O‘sha paytda saylovda qatnashgan ruhoniy Mehdi Karroubiy Ali Xomanaiyga maktub yozib, Mojtaba Ahmadinajodni qo‘llab-quvvatlashda ayblagan. Ammo Ali Xomanaiy bu ayblovlarni rad etgan.

Urush Mujtabo Xomanaiyning shaxsiy hayotiga ham katta zarba berdi. Urush boshida uning rafiqasi halok bo‘lgan. U mashhur konservativ siyosatchi va sobiq parlament spikeri G‘ulom-Ali Odilning qizi bo‘lgan. So‘nggi hujumlarda esa Mujtabaning onasi va opa-singillaridan biri ham halok bo‘lgan. 

Oldindagi qiyin sinovlar

Endi Eronning yangi oliy rahbari sifatida Mujtabo Xomanaiy otasining qat’iy siyosatini davom ettirishi mumkin degan taxminlar bor. Ayrimlar esa AQSh va Isroil hujumlarida otasi, onasi va rafiqasini yo‘qotgan inson G‘arb bosimiga osonlikcha bo‘yin egmaydi deb hisoblaydi. Biroq uning oldida juda katta va murakkab vazifalar turibdi. U Eron Islom Respublikasini saqlab qolishi, mamlakatni siyosiy va iqtisodiy inqirozdan olib chiqishi va xalqni o‘z yetakchiligiga ishontira olishi kerak bo‘ladi.

Shu bilan birga, hokimiyat otadan o‘g‘ilga o‘tgandek ko‘rinishi ham jamiyatda norozilikni kuchaytirishi mumkin. Mujtabo Xomanaiy endi nafaqat siyosiy jihatdan, balki xavfsizlik nuqtai nazaridan ham katta xavf ostida. Isroil mudofaa vaziri yaqinda Ali Xomanaiyning o‘rniga kim kelishidan qat’i nazar, u “yo‘q qilinadigan aniq nishon” bo‘lishini aytgandi.

Теги :
Jamiyat