$
 12198.28
-30.3
 14241.49
-41.49
 156.57
0.61
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari-2025 mezbonligidan voz kechdi: Sabab nima?

Osiyo o‘yinlari-2025

Bugun Osiyo Olimpiya kengashi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida Toshkent-2025 yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlari mezbonligi O‘zbekistondan olib, Bahraynga topshirilganini ma’lum qildi. Kun davomida mavzuga doir turlicha gap-so‘zlar va qarashlar tarmoqlarda yangradi. Biroz avval mezbonlikdan voz kechilganining aniq va rasmiy sababi ma’lum qilindi.

Sabab ma’lum

Tashkilot xabarida keltirilishicha, O‘zbekiston Toshkent-2025 Olimpiya shaharchasi qurilishini belgilangan muddatda yakunlay olmasligini ma’lum qilib, Osiyo O‘yinlari startiga 9 oy vaqt qolganda mezbonlikdan voz kechgan. "Bugun, 2 dekabr dushanba kuni OOK Ijroiya qo‘mitasining onlayn yig‘ilishida O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi maktub yo‘llagani ma’lum qilindi. Unda Toshkentdagi Olimpiya shaharchasi qurilishi belgilangan muddatda yakunlanmasligi sababli, 2025-yil sentyabr oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan o‘yinlarga mezbonlik qila olmasliklari bildirilgan", - deyiladi xabarda.

Kechiktirib bo‘lmas musobaqa

Yig‘ilishda OOK bosh direktori Husayn Al-Musallam 2025-yilgi yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlari Senegalda o‘tadigan 2026-yilgi Yoshlar o‘rtasidagi Olimpiya o‘yinlari bilan yosh chegaralari va saralash qoidalari bo‘yicha o‘zaro bog‘liqligi sababli bu o‘yinlarni kechiktirish mumkin emasligini ma’lum qilgan. Bahrayn Olimpiya qo‘mitasi sport inshootlari, turar joy va tibbiy xizmatlar masalasida 2025-yilgi o‘yinlarga tayyor ekanligini bildirdi. Bahrayn Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Faris Al-Kuheyjiy yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlari-2025ga mamlakat rahbariyati, xususan, Bahrayn Olimpiya qo‘mitasi Prezidenti Shayx Xolid bin Hamad Al-Xalifa tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanishini ma’lum qildi. Shu tariqa, Osiyo Olimpiya Kengashi Ijroiya qo‘mitasi 2025 yilgi yoshlar o‘rtasidagi Osiyo O‘yinlarini Bahraynda o‘tkazilishini bir ovozdan ma’qullagan.

MOQ bayonoti

O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi Osiyo Olimpiya kengashining yig‘ilishida Toshkent-2025 yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlari mezbonligi mamlakatimizdan olib, Bahraynga topshirilgani yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Pandemiyadan keyingi cheklovlar sababli Olimpiya shaharchasi qurilishi uchun zarur vositalar yetkazish jarayonida uzilishlar kuzatilgani va foydalanishga topshirish muddati kechikishini inobatga olgan holda O‘zbekiston tomoni OOKdan musobaqani yana bir yilga surishni so‘radi. Biroq Olimpiya sport turlaridagi bellashuvlar kelgusida Dakar-2026 o‘smirlar yozgi Olimpiya o‘yinlariga saralash vazifasini bajarishi nazarda tutilgani bois OOK III yoshlar Osiyo o‘yinlari 2025-yilda tashkil etilishi muhimligini bildirdi. Shu tufayli, OOK III yoshlar Osiyo o‘yinlari mezbonligini Bahraynga topshirdi va O‘zbekistonga Islom birdamligi o‘yinlari yoki Jang san’ati va yopiq inshootlardagi Osiyo o‘yinlari kabi kattalar miqyosidagi yirik kompleks tadbirlarni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rishni tavsiya qildi", - deyiladi rasmiy munosabatda.

Osiyo o‘yinlari haqida

Yoshlar o‘rtasidagi yozgi Osiyo o‘yinlari 43 ta xorijiy mamlakatdan, kamida 9 ta sport turidan 14-17 yoshli sportchilar o‘rtasida o‘tkazilishi rejalashtirilgandi. Ma’lumot uchun, birinchi yoshlar o‘rtasida yozgi Osiyo o‘yinlari 2009-yilda Singapurda, 2013-yilda Nankin (Xitoy), 2017-yilda Xambantotada (Shri-Lanka), o‘tkazilgan bo‘lsa, 2021-yilda Shantau (Xitoy), 2025-yilda Toshkentda o‘tkazilishi belgilangandi. 2030 yilgi Osiyo o‘yinlari mezbonligi uchun O‘zbekistonning Toshkent va Samarqand shaharlari ham da’vogarlik qilishi rejalashtirilgan edi. Ammo O‘zbekiston 2030 yilgi Osiyo o‘yinlari mezbonligi uchun ariza topshirmagan.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot