Endi qarorlar ijrosi ham monitoring qilib boriladi
“Normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini monitoringdan oʻtkazish uslubiyoti” Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Uslubiyot normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini monitoringdan oʻtkazish jarayonlarini uslubiy jihatdan tartibga solinishini belgilaydi.
1 daqiqa o‘qiladi

“Normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini monitoringdan oʻtkazish uslubiyoti” Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Uslubiyot normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini monitoringdan oʻtkazish jarayonlarini uslubiy jihatdan tartibga solinishini belgilaydi.
Har besh va uch yilda
Tadbirkorlik faoliyatiga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga hamda atrof-muhitga taʼsir koʻrsatuvchi qonun hujjatlarining ijrosi ular kuchga kirgandan soʻng 5 yil davomida, qonunosti hujjatlarining ijrosi esa ular kuchga kirgandan soʻng 3 yil davomida majburiy ravishda har yili monitoringdan oʻtkaziladi.
Monitoringga kim masʼul?
Monitoring normativ-huquqiy hujjatda uning monitoringi oʻtkazilishiga bevosita masʼul etib belgilangan davlat organi tomonidan, masʼul organ belgilanmagan hollarda tegishli sohada davlat siyosatini amalga oshiruvchi vazirlik va idoralar tomonidan amalga oshiriladi.
Normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish maqsadlariga erishilishini tahlil qilish, uning ijrosi va natijalarini muntazam hamda tizimli ravishda kuzatib borish monitoring qilishning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Qanday indikatorlar bor?
Normativ-huquqiy hujjatlar samaradorligini baholash uchun indikatorlar quyidagi toifalarga bo'linadi:
- resurs koʻrsatkichlari ;
- amaliyot koʻrsatkichlari ;
- natijadorlik koʻrsatkichlari.
Vazirlik va idoralar har yili 1-fevralgacha oʻtkazilgan monitoring natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni majburiy ravishda oʻzlarining rasmiy veb-saytida eʼlon qiladi hamda tegishliligiga qarab “Ijro.gov.uz” va Adliya vazirligiga taqdim etadi.



