$
 12948.10
17.99
 13502.28
111.86
 121.01
0.07
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbek YouTube’da joriy yilda monetizatsiya paydo bo‘lishi mumkin

YouTube

YouTube’dagi “Texnoplov” loyihasi asoschisi Sa’dulla Abdullaev xuddi shu platformadagi “102TV” kanalining podkastida o‘z jamoasi bilan O‘zbekistonda monetizatsiyani yoqish bo‘yicha ishlashga harakat qilayotganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, muallif YouTube Air degan hamkori bilan mavzu yuzasidan muloqot olib bormoqda. 

Blogerlarga qo‘yiladigan shrtlar

”YouTube'ning xalqaro hamkori men orqali hozir blogerlarni, ya’ni O‘zbekiston blogerlarini o‘zini tizimiga ulash harakatini qilyapti. Ular (blogerlarni) ugandan keyin ularda monetizatsiya yoqilsa, ularning monetizatsiyasidan qanaqadir foiz o‘ziga olib qoladi. Lekin evaziga, agar hozir O‘zbekistonda ular shu kontraktni tuzgan blogerlar yig‘ilsa, pul yig‘ilib qolsa, ya’ni mijozlari yig‘ilib qolsa, ular to‘g‘ri borib Amerikadagi eshikni taqillatadi. YouTube’ga chaqirib: "O'y, O‘zbekistonda bolalarimiz bor, ular monetizatsiyasiz o‘tirishipti" deyishadi va ularning kompaniyaga gap o‘tishi mumkin chunki, masalan, agar siz YouTube’ni qozog‘istonlik ofisiga yoki rossiyalik ofisiga yozsangiz, monetizatsiya bo‘yicha ular keyin buni boshqa ofisga uzatadi, keyin boshqa ofisga, va bir nechta zanjirlardan o‘tib Amerikaga yetib boradi”, deydi YouTubeer. 

YouTube’ning O‘zbekistondagi vakiliga aylanish imkoni

Bundan tashqari, u “men o‘zimga o‘zim monetizatsiyani yoqishga qiziqmayapman. Nega men bu voqeada ishtirok etyapman? Nega shu kontraktlar bilan yuribman? Kontraktlarimni to‘g‘rilayapman, nimadir qilishga harakat qilyapman. Hammada monetizatsiya yoqiladi o‘sha payt, lekin yoqilishi uchun shu kompaniyaga ulanish kerak, to‘g‘rimi? Shunda men orqali ulanishi mumkin bo‘ladi, ya’ni agar men orqali YouTuberlar ulansa, mana shu kompaniyaga, o‘sha kompaniyaga ketadigan foizdan bir qismi menga qoladi. Bu narsani men mehnatga yarasha to‘lov deb qabul qilaman. Hammaga yordam bermoqchiman, hamma monetizatsiya paydo bo‘lsin”, — deydi u.

Vazir bayonoti

Avvalroq Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan “Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi”da Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekistonda YouTube monetizatsiyasi yopiqligi masalasiga munosabat bildirgan edi. “Xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi”ning 23-oktyabr kuniga atalgan muloqotida raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga oid muhokama bo‘lib o‘tadi. Tadbir yakunida Sherzod Shermatov jurnalistlar bilan suhbatlashib, O‘zbekistonda YouTube monetizatsiyasi yopiqligi masalasiga ham to‘xtaladi. “Mening tavsiyam YouTube’da ko‘proq chetga ishlashga harakat qilish kerak. Chunki monetizatsiya ingliz tilida juda ham katta. Masalan, Marg‘ilonda INHA universitetini bitirgan talabani ko‘rib qolgandik. U 3D printerlar renderini “obzor” qilib beradi. Bir kanaliga kirib ko‘ring, relslari 30 million martalab ko‘rilgan. Chunki ingliz tilidagi auditoriya juda katta. Shuning orqasidan oyiga o‘rtacha 5 ming dollar daromad topyapti”, — degan edi vazir.

“Tayyor ishlab turgan monetizatsiya mexanizmidan ko‘proq foydalanish kerak”

Vazirning quyidagi so‘zlaridan anglash mumkinki, O‘zbekistondagi YouTube bilan bog‘liq vaziyat hali beri o‘zgarmaslik ehtimoli yuqori. “Siz o‘zbekcha kontent qilib qancha daromad topasiz-u, inglizcha tayyorlasangiz qancha topasiz. Shuning uchun tayyor ishlab turgan monetizatsiya mexanizmidan ko‘proq foydalanish kerak. Ingliz tili kabi talabgor tillarda ko‘proq kontent qilish kerak. Mening taklifim shu. Bizda qachon monetizatsiya ochiladi, buni kompaniyadagilar (YouTube) hal qiladi”, — degan Sherzod Shermatov. 

YouTubening O‘zbekistonda monetizatsiyani o‘chirishi

2021-yilning aprel oyi boshlaridan YouTube videoxostingida o‘zbekistonlik o‘z sahifasiga ega blogerlarning daromadi keskin kamayib ketadi. Buning asosiy sababi YouTube o‘zbek auditoriyasi uchun kanal mualliflarini moddiy rag‘batlantirishni to‘xtatadi. YouTube bu cheklov bo‘yicha hech qanday rasmiy bayonot bermaydi. Ammo barchada bir qancha taxminlar mavjud edi. Bulardan eng haqiqatga yaqini sifatida platformaning O‘zbekistonda rasman faoliyat yuritmasligini keltirish mumkin. 

Mamlakatdagi rasmiy faoliyat imkoniyatlari

YouTube o‘zi rasman faoliyat yurituvchi davlatlarda unda sahifasini yurituvchi blogerlar qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Jumladan, YouTube Premium, homiylik modullari va YouTube.Music platformasidan foydalanish mumkin bo‘ladi. Ammo O‘zbekistonda videoxostingning ushbu qo‘shimcha xizmatlari avval ham, hozir ham ishlamagan. Keyinchalik, 2021-yilga kelib esa reklamadan daromad olish ham ishlamay qo‘yadi.

Monetizatsiya tizimi

YouTube’ning monetizatsiya tizimi kontent yaratuvchilarga o‘z videolari orqali daromad olish imkonini beradi. Bu tizim orqali pul ishlash uchun YouTube qo‘ygan talablarga javob berish va platformaga a’zo bo‘lgan holda foydalanish mumkin. YouTube’ning monetizatsiya talablari quyidagicha:

1000 ta obunachiga ega bo‘lish.

Oxirgi 12 oyda kamida 4000 soat ko‘rish soatini to‘plash.

YouTube’ning monetizatsiya qoidalariga muvofiq bo‘lgan kontent yaratish.

YouTube AdSense hisobini o‘rnatish va shu orqali daromadni qabul qilish.

Bu talablar qondirilganda, kanal YouTube Partnyorlar dasturiga (YouTube Partner Program) a’zo bo‘lib, turli xil pul ishlash imkoniyatlaridan foydalanishi mumkin.

YouTube ma’muriyati va AQSH rasmiysi bilan aloqalar

Ma’lumot uchun, 2023-yilning mart oyida o‘sha vaqtdagi Prezident Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Komil Allamjonov AQSH elchisi Jonatan Xenik bilan uchrashuvda aynan Youtube monetizatsiyasiga qo‘yilgan cheklov olib tashlanishi haqida so‘z borganini ma’lum qilgan. “Uchrashuvda ko‘plab loyihalar yuzasidan fikr almashdik. Xususan, Google (YouTube) kompaniyasi bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va bu orqali axborot sohasiga oid ayrim muammolarni birgalikda hal etish masalalarini muhokama qildik. Ko‘plab blogerlarimizdan YouTube monetizatsiyasining cheklanishi yuzasidan murojaatlar kelib tushgan edi. Shu bois uchrashuvda elchi janoblari bilan ushbu kompaniya vakillari bilan uchrashuv tashkil etish va vaziyatni o‘rganish bo‘yicha kelishib oldik”, — degan edi Komil Allamjonov. Shuningdek, ayni Sherzod Shermatov ham bu masalaga bundan avval ham to‘xtalar ekan, bu borada platforma rahbariga murojaat qilingani ta’kidlangan. Uning aytishicha, YouTube ma’muriyatidan so‘rovga nisbatan “Bizda mazkur masala ko‘rib chiqish jarayonlarida turibdi. Bu qancha vaqt olishini aytolmaymiz”, degan javob kelgan. Ekspertlar tahliliga qaraganda, mamlakatda monetizatsiyaga cheklov qo‘yilganiga qator sabablar, xususan qonunchilik va yaxshi kontent yetishmayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot