$
 12012.21
7.46
 13731.16
39.74
 158.14
1.03
weather
+26
Кечаси   +14°

Lukashenko o‘zbekistonliklarga kutilmagan taklif bilan chiqdi: Mirziyoyevning Minskka tashrifi qanday yakunlandi?

Shavkat Mirziyoyev Aleksandr Lukashenkoning taklifiga binoan 8-iyul kuni Minskka tashrif buyurdi.

Tashrifning ilk kunida prezidentlar norasmiy uchrashuv o‘tkazib, bo‘lajak muzokaralar kun tartibini hamda ikki mamlakat tadbirkorlari ishtirokida o‘tgan hududlararo biznes-forum yakunlarini muhokama qildilar.

O‘zbekiston Prezidenti Minskka yetib kelgach, G‘alaba monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi. Marosim davomida ikki davlat madhiyalari yangradi va faxriy qorovul saf tortib o‘tdi.

9-iyul kuni esa delegatsiyalarning rasmiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Lukashenko o‘zbek oilalarini Belarusga taklif qildi

Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan o‘tkazilgan muzokaralar chog‘ida o‘z mamlakatida ko‘proq O‘zbekiston fuqarolarini ko‘rishni istashini bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Belarus nafaqat mehnat migrantlarini, balki butun boshli oilalarni ham qabul qilishga, ularga yashash, ishlash, o‘qish va tibbiy xizmatlardan foydalanish uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyor.

“O‘zbekistonda suv va yer taqchilligi bor. Belarusda esa bular yetarli. Bizda ba’zan ishchi kuchi yetishmaydi. Shuning uchun Belarusga aynan o‘zbek oilalari ko‘chib kelishini, bu yerda qo‘nim topib, rivojlanishini istardim. Agar kerak bo‘lsa, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida ham har tomonlama ko‘maklashamiz”, — dedi Lukashenko.

Belarus rahbari, shuningdek, mamlakat hududlari bo‘shab qolmasligi zarurligini ta’kidlab, o‘zbeklarni mehnatkash xalq deb atadi. Uning qayd etishicha, o‘zbekistonliklar belaruslarga qanchalik samimiy munosabatda bo‘lsa, belaruslar ham O‘zbekiston fuqarolarini shunchalik hurmat qiladi.

Shu bilan birga, Lukashenko agar hozirgi hamkorlik imkoniyatlaridan unumli foydalanilmasa, bu joyni boshqa davlatlar egallab olishini ta’kidladi.

Bu bunday ruhdagi birinchi bayonot emas

Joriy yilning mart oyida ham Aleksandr Lukashenko O‘zbekistonning Belarusdagi elchisi Rahmatulla Nazarov bilan uchrashuvda rasmiy Minsk o‘zbekistonlik mutaxassislarning kelishidan manfaatdor ekanini aytgan edi.

O‘shanda u Belarus, ayniqsa, farzandli oilalarni mamnuniyat bilan qarshi olishini, boisi mamlakatda aholi o‘sishi O‘zbekistondagidek yuqori sur’atlarda emasligini bildirgan.

Lukashenko, shuningdek, Ikkinchi jahon urushi yillarida ko‘plab belaruslar aynan O‘zbekistondan panoh topganini va u yerda ularga yuksak insoniylik bilan munosabatda bo‘linganini yodga oldi.

O‘zbekiston va Belarus strategik hamkorga aylandi

Muzokaralarning eng muhim natijasi — O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida strategik hamkorlikni o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiyaning imzolanishi bo‘ldi.

Bundan tashqari, tomonlar o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan hukumatlararo hujjatlarning salmoqli paketi bilan almashdilar.

Qanday kelishuvlar imzolandi?

Tashrif yakunlari bo‘yicha quyidagi yo‘nalishlarda hujjatlar imzolandi:

  • 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlik dasturi;
  • Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik;
  • Fuqarolarning o‘zaro safarlari to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartishlar kiritish;
  • O‘zbekiston fuqarolarini Belarusda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun uyushgan holda jalb etish;
  • O‘rmon xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik;
  • 2026–2028-yillarda madaniy hamkorlikni rivojlantirish;
  • Favqulodda vaziyatlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik;
  • Turizmni rivojlantirish va o‘zaro sayyohlar oqimini oshirish;
  • Agroksanoat majmuasidagi hamkorlik;
  • Yengil sanoat sohasidagi sheriklik;
  • Aholini ijtimoiy muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik;
  • Moliya vazirliklari o‘rtasidagi aloqalar;
  • O‘zbekiston va Belarus ekspertlar kengashini tashkil etish;
  • Qishloq xo‘jaligida investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish;
  • Fanlar akademiyalari o‘rtasidagi ilmiy-texnikaviy hamkorlik;
  • Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik.

Diplomatik aloqalar mustahkamlanishda davom etmoqda

O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1993-yil 21-yanvarda o‘rnatilgan.

Belarusning Toshkentdagi elchixonasi 1994-yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgan bo‘lsa, O‘zbekistonning Minskdagi diplomatik missiyasi 2018-yilda o‘z ishini to‘laqonli boshlagan.

O‘tgan yillar davomida mamlakatlar mustahkam shartnomaviy-huquqiy bazani shakllantirdilar hamda siyosiy, iqtisodiy, gumanitar va investitsiyaviy sohalarda hamkorlikni faol rivojlantirmoqdalar.

Теги :
Jamiyat