$
 12998.91
13.9
 13439.57
154.61
 131.29
1.45
weather
+26
Кечаси   +14°

Markaziy Osiyodagi eng yirik millatlar: o‘zbeklar soni qayerda ko‘p?

O

Markaziy Osiyo ko‘p millatli hudud bo‘lib, har bir mamlakatning o‘ziga xos etnik tarkibi mavjud. Ayrim davlatlarda mahalliy millatning ulushi ko‘pchilikni tashkil etsa, boshqalarida turli etnik guruhlar ham sezilarli darajada ko‘p. Xususan, o‘zbeklar Markaziy Osiyoning deyarli barcha davlatlarida katta jamoaga ega bo‘lib, ba’zi mamlakatlarda ikkinchi yirik millat hisoblanadi.

Qozog‘iston: aholining deyarli 15 foizi ruslar 

2025-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, Qozog‘iston aholisi 20,2 million kishiga yetdi. Mamlakatda 70,98% yoki 14,2 million kishi qozog‘lar bo‘lsa, eng katta etnik ozchilik ruslardir – 2,98 million kishi (14,89%). O‘zbeklar esa 660,6 ming kishi bilan Qozog‘istonning uchinchi eng katta etnik guruhiga aylangan. 

Bundan tashqari, Qozog‘istonda ukrainlar (1,88%), uyg‘urlar (1,51%), nemislar (1,12%) va tatarlar (1,11%) kabi millatlar ham yashaydi. 

Qirg‘izistondagi har yettinchi fuqaro o‘zbek 

 Qirg‘iziston aholisi 2024-yil 1-iyul holatiga ko‘ra 7,2 million kishiga yetgan. Qirg‘izlar mamlakatning asosiy aholisi bo‘lib, ularning ulushi 73,13% yoki 4,9 million kishini tashkil etadi. Biroq, mamlakatda katta o‘zbek jamoasi mavjud bo‘lib, ularning soni 999,3 ming kishi, ya’ni 14,9% ni tashkil etadi. 

Shuningdek, ruslar (5%), dung‘onlar (1,14%), uyg‘urlar (0,9%), tojiklar (0,9%) va turklar (0,6%) ham Qirg‘izistondagi yirik etnik guruhlarga kiradi. 

O‘zbekiston aholisining 84 foizi o‘zbeklar 

Mintaqadagi eng katta aholiga ega davlat – O‘zbekiston bo‘lib, 2025-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, mamlakat aholisi 37,5 million kishiga yetgan. O‘zbekiston aholisi tarkibida o‘zbeklar 84,4% yoki 29,2 million kishini tashkil qiladi. 

Mamlakatda istiqomat qiluvchi tojiklar soni 1,7 million kishi (4,9%). Shuningdek, O‘zbekistonda qozoqlar (2,4%), qoraqalpoqlar (2,2%), ruslar (2,1%), qirg‘izlar, turkmanlar, tatarlar va koreyslar ham istiqomat qiladi. 

Tojikiston: o‘zbeklar ikkinchi o‘rinda 

Tojikiston aholisi 2024-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra 10,2 million kishiga yetgan. Mamlakat aholisi tarkibida tojiklar 82,3% yoki 6,1 million kishini tashkil etadi. 

Tojikistondagi eng yirik ozchilikni o‘zbeklar tashkil qilib, ularning soni 926,3 ming kishiga yetadi, bu esa umumiy aholining 12,2% qismini tashkil etadi. Shuningdek, qirg‘izlar (0,8%), ruslar (0,5%) va turkmanlar (0,2%) ham Tojikistonda yashaydi. 

Turkmanistonda yashovchi o‘zbeklar 9 foizni tashkil etadi 

2022-yil dekabr holatiga ko‘ra, Turkmaniston aholisi 7,05 million kishiga yetgan. Turkmanlar mamlakat aholisi tarkibida 86,7% yoki 6,1 million kishini tashkil qiladi. 

Biroq, o‘zbeklar mamlakatdagi ikkinchi eng katta millat bo‘lib, ularning soni 642,4 ming kishi yoki 9,1% ni tashkil qiladi. Shuningdek, Turkmanistonda ruslar (1,6%), belujlar (1,2%), ozarbayjonlar va qozoqlar ham istiqomat qiladi.

Теги :
Jamiyat