Rossiyada 417 nafar noqonuniy migrant qo‘lga olindi
Rossiyaning Krasnoyarsk shahrida xavfsizlik kuchlari tomonidan mahalliy bozorlarda reydlar oʻtkazildi.
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning Krasnoyarsk shahrida xavfsizlik kuchlari mahalliy bozorlarda reyd oʻtkazdi, natijada 520 kishi, jumladan, 417 nafar xorijlik qoʻlga olindi. Bu haqda Tergov qoʻmitasining Krasnoyarsk oʻlkasi va Xakasiya Respublikasi boʻyicha departamenti xabar berdi.
Migrantlarning asosiy qismi Markaziy Osiyo fuqarolari
Hibsga olinganlarning “jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish” uchun ogʻiz boʻshligʻidan soʻlak olingan. Qoʻlga olinganlar orasida Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Tojikiston va Qirgʻiziston fuqarolari ham borligi ta'kidlanmoqda. Aytilishicha, ular Rossiyada “migratsiya qonunchiligini buzgan holda” boʻlgan. Ushbu shaxslarni ma'muriy javobgarlikka tortish masalasi qoʻzgʻatilib, kamida 7 nafar shaxsga nisbatan deportatsiya qilish masalasi hal qilinmoqda.
24 ta ma'muriy huquqbuzarlik aniqlangan
Shu bilan birga, noqonuniy migratsiyani tashkil etish, chet el fuqarolarini soxta roʻyxatga olish, shuningdek, qalbaki hujjatlardan foydalanish belgilarini oʻz ichiga olgan 50 ta ish ochilgan. Migratsiya sohasidagi 24 ta ma'muriy huquqbuzarlik aniqlangan.
Harbiy boʻlimga chaqiruv
Shuningdek, reyd davomida “Rossiya fuqaroligini olgan, ammo harbiy xizmatga oʻz vaqtida roʻyxatdan oʻtmagan 92 nafar fuqaro aniqlangan”. Xavfsizlik xizmati xodimlari ularga harbiy boʻlimlarning chaqiruv qogʻozini topshirgan.
Tergov ma'lumotlariga koʻra, jinoiy guruh Oʻzbekiston fuqarolarining Krasnoyarsk oʻlkasining Berezovskiy tumanida joylashgan issiqxona hududida noqonuniy mehnat faoliyatini tashkil etgan.
Noqonuniy migrantlar deportatsiya qilinmoqda
Rossiyadagi Ichki ishlar vazirligi va boshqa idoralar muntazam ravishda migrantlar ishlayotgan yoki yashaydigan joylarda reydlar oʻtkazmoqda. Bu orqali Rossiya fuqaroligini olgan, ammo harbiy qoʻmitada roʻyxatdan oʻtmaganlarni topishga harakat qilmoqda. Shu bilan birga, Rossiyada boʻlish qoidalarini buzgan migrantlar ommaviy deportatsiya qilinmoqda.



