$
 12171.61
-24.39
 14117.85
-23.41
 149.80
-1.94
weather
+26
Кечаси   +14°

Rossiyada migrantlarni javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi yana bir tartib belgilandi

Migrantlar

Rossiya Federatsiyasi Taʼlim vazirligi migrantlarning farzandlarini maktabga qabul qilishda rus tilini bilish darajasini aniqlaydigan test tartibini ishlab chiqdi. Uni topshira olmaganlar, pulli qoʻshimcha darslarga yuboriladi. Bola qoʻshimcha darsga qatnashmasa, uning ota-onasi javobgarlikka tortiladi.

Qo‘shimcha o‘qish uchun sharoit yaratmagan migrantlar uchun javobgarlik

Rossiya Taʼlim vazirligi maktabga qabul qilinish vaqtida rus tilini bilish boʻyicha testni topshira olmagan farzandining qoʻshimcha oʻqishi uchun sharoit yaratmagan migrantlarni maʼmuriy javobgarlikka tortish taklifini berdi. Bu haqda idora tomonidan testlarni oʻtkazish tartibi loyihasida soʻz boradi.

Dastur pullik bo‘ladi

Hujjatda aytilishicha, agar bola testni muvaffaqiyatli topshira olmasa, unga rus tilini oʻrganish boʻyicha qoʻshimcha dasturdan oʻtish taklif qilinadi. Bunday oʻqitish tizimi uch oy davom etishi va uning xarajatlari ota-ona tomonidan qoplanishi kerak.

Mintaqaviy hukumat hududiy IIV organlari va vasiylik organlariga migrantlarning maktabga qabul qilingan bolalari, shuningdek, kim testni topshira olmagani va qoʻshimcha mashgʻulotlarga yoʻnaltirilganiga oid maʼlumotlarni yuborishi kerak boʻladi.

Qo‘shimcha ta’lim majburiy bo‘ladi

Agar bola testni topshira olmaganidan bir oy oʻtib, u qoʻshimcha darslarga qatnashmayotgani aniqlansa, vasiylik organlari chet el fuqarosning turar joyida tekshiruv oʻtkazadi. Ular IIV va voyaga yetmaganlar bilan ishlash komissiyasini “bolaga taʼlim berish majburiyatini bajarmaslik yoki lozim darajada bajarmaslik” holati boʻyicha xabardor qilishi lozim. Oʻz navbatida ular bolaning ota-onasini maʼmuriy javobgarlikka tortadi.

Migrantlar farzandini maktabga qabul qilishni taqiqlovchi qonun

2024-yil dekabrda Rossiya Davlat dumasi Rossiya maktablariga rus tilini bilish boʻyicha testdan oʻta olmagan migrantlarning farzandlarini maktabga qabul qilishni taqiqlovchi qonunni qabul qilgandi. Qonunga koʻra, maktabga qabul qilinishda “bolaning RF hududida qonuniy boʻlib turgani tekshiriladi”. Migrantlarning farzandlari uchun rus tili testini topshirish bepul boʻladi.

2024-yilda Rossiyani 1 millionga yaqin migrant tark etgan

2024-yilda “Migrant Servis” tahlilchilariga koʻra, Rossiyani 1 millionga yaqin migrant, asosan, Oʻzbekiston, Tojikiston va Qirgʻiziston kabi davlatlar fuqarolari tark etgan. 2025-yilda bu tendensiya davom etishi va farazga koʻra, yana 1 millionga yaqin mehnat migranti xorijda yanada jozibador mehnat sharoitlarini izlab Rossiyani tark etishi mumkin.

Теги :
Jamiyat