Rossiyadagi eng "qora" ishlarni o'zbeklar qiladimi?
Moskva ombudsman idorasida Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekistondan kelgan ishchilar o‘rtasida so‘rovnoma o'tkazilib, unda bir qator qiziqarli ma'lumotlar ochiqlangan.
2 daqiqa o‘qiladi

Moskva ombudsman idorasida Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekistondan kelgan ishchilar o‘rtasida so‘rovnoma o'tkazilib, unda bir qator qiziqarli ma'lumotlar ochiqlangan.
Ijtimoiy so'rovnoma
O‘rtacha oylik maoshni aniqlash uchun Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston ishchilari o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilib, unda 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan 900 nafar turli davlatlardan kelgan muhojirlar ishtirok etgan. Migrantlarning yarmidan ko‘pi maoshini konvertda oladi, yarmidan kamrog‘i esa to‘rt kishi bo‘lib ijaraga olingan xonada yashaydi va deyarli to‘rtdan biri hech qanday tibbiy yordam olmaydi. Muhojirlarning 54,4 foizi ish haqini naqd pulda, ko‘pincha rasmiy ro‘yxatdan o‘tmasdan, 30 foizga yaqini esa bank kartalari orqali olishi ma'lum bo'lgan. O‘rtacha daromad oyiga 54,5 ming rublni tashkil qilgan.
Ishchilar vazifalar kesimida
O‘zbekistonliklar qurilishda (25 foiz), tojikistonliklar esa kimyoviy tozalash, sartaroshlik va boshqa xizmatlarda (31,8 foiz) ishlaydi. Savdo sohasida O‘zbekiston fuqarolarining atigi 5 foizi, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolarining 12 foizi mehnat qiladi. Xorijiy ishchilarning 44 foizi birga ijarada yashaydi, odatda, bitta xonada to‘rt kishi, ulardan faqat 4,3 foizi o‘z xonasiga ega. Respondentlarning yarmi yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish uchun norasmiy ravishda pul to‘lashini tan oldi.
Ijtimoiy xizmat va munosabatlar
Muhojirlarning atigi 3,7 foizi pulli tibbiy sug‘urtaga ega, yarmiga yaqini esa faqat favqulodda holatlarda, deyarli chorak qismi esa umuman tibbiy yordamga murojaat qilmaydi. Respondentlarning to‘rtdan uch nafari ish joyida muloqot qilish uchun rus tilini yetarlicha biladi, 70 foizi esa kundalik hayotda suhbatlashishda foydalanadi. Shu bilan birga, so‘rov ishtirokchilarining qariyb 44 foizi mahalliy aholining muhojirlarga nisbatan do‘stona munosabatda bo‘lishini ta’kidlagan, 5 foizi esa ularga nisbatan salbiy munosabatda ekanligini bildirgan.



