$
 11909.66
-24.58
 13588.92
-2.99
 152.28
-0.7
weather
+26
Кечаси   +14°

Fikrlarimiz ham o‘g‘irlanadigan davr keldimi? Meta inson miyasini jarrohlik amaliyotisiz “buzib kirish” yo‘lini topdi

Meta Foto: SI

Tasavvur qiling, siz shunchaki stulda o‘tiribsiz, qo‘llaringiz esa cho‘ntakda, hattoki lablaringizni qimirlatmayapsiz. Ammo qarshingizdagi kompyuter ekranida siz hozirgina xayolingizdan o‘tkazgan gaplar so‘zma-so‘z paydo bo‘lmoqda. Xuddi sehrgarlik yoki ilmiy-fantastik film syujetiga o‘xshaydi, shunday emasmi?

Ammo bugun neyrotexnologiya va sun’iy intellekt integratsiyasi shunday nuqtaga keldiki, kecha xayoliy bo‘lgan narsalar bugun laboratoriyalarda haqiqatga aylanmoqda. Shu hafta neyrobiologiya va texnologiya olamida muhim voqea yuz berdi. Meta tadqiqotchilari laboratoriya sharoitida inson miya signallarini jarrohlik amaliyotisiz matnga aylantira oladigan Brain2Qwerty v2 tizimini taqdim etdi.

Xo‘sh, Meta olimlarining yangi kashfiyoti kelajakda bizning shaxsiy hayotimiz uchun qanday xavf-xatar tug‘diradi?

Olimlar yillar davomida yecha olmagan muammo

Yillar davomida inson miyasi va kompyuter o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa o‘rnatish faqat neyrojarrohlik yordamida amalga oshirilar edi. Ilon Mask asos solgan “Neuralink” loyihasi yoki tibbiyotda qo‘llaniladigan “ECoG” elektrokortikografiya usuli bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Har ikkisi ham inson miyasiga mikroskopik chip yoki elektrodlarni jarrohlik yo‘li bilan joylashtirishni talab qiladi. Biroq bunday amaliyotlar qimmat, miya infeksiyasi xavfini ham keltirib chiqaradi va eng muhimi, ularni ommaviy qo‘llashning deyarli imkoni yo‘q. Axir oddiy xabar yozish uchun kim ham boshini operatsiya qildirishga rozi bo‘lardi?

Shu sababli olimlar yillar davomida jarrohlik amaliyotisiz usullar ustida bosh qotirib kelmoqda. Bunda inson boshiga maxsus datchiklar o‘rnatiladi. Ammo bu usulning eng katta dushmani shovqin edi. Miya signallari bosh suyagi, teri va soch qatlamidan o‘tib datchiklarga yetguncha shunchalik kuchsizlanib va chalkashib ketardiki, foydali signalni ajratib olish deyarli imkonsiz bo‘lib qolardi. Natijada jarrohlik amaliyotisiz tizimlarning so‘zlarni to‘g‘ri aniqlash darajasi shu vaqtgacha atigi 8 foizdan uyog‘iga o‘tmadi.

Meta 8 foizlik to‘siqni qanday yengdi?

Meta kompaniyasi va Bask kognitiv tadqiqotchilari miya va til markazidagi aynan mana shu 8 foizlik to‘siqni yengishga muvaffaq bo‘ldi. Ular ishlab chiqqan “Brain2Qwerty v2” tizimi miya to‘lqinlarini tahlil qilishda mutlaqo yangi yondashuvni qo‘lladi. Avvalgi usullarda olimlar miyadan kelayotgan signallarni avval tozalab, keyin esa ular orasidan kerakli signalni ajratib olishga harakat qilgan bo‘lsa. Meta muhandislari esa bu yo‘l samara bermayotganini tushungan holda, boshqacha yondashuvni tanladi. Ular signallarni qo‘lda saralash o‘rniga bu vazifani sun’iy intellektning o‘ziga topshirdi. Tizim miyadan kelayotgan past shovqinli signallarni to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul qilib, vaqt o‘tishi bilan qaysi signal qaysi harf yoki so‘zga mos kelishini o‘zi o‘rganib oladi. Bu yondashuvning qanchalik samarali ekanini aniqlash uchun tadqiqotchilar 9 nafar ko‘ngilli ishtirokida sinov o‘tkazdi. Ular har bir ko‘ngillining  boshiga magnitoensefalografiya uskunasi taqqan holda qariyb 10 soat davomida matn yozdirdi. Shu vaqt ichida olimlar miya signallarini va ishtirokchilar yozgan matnlarni o‘zaro solishtirib, 22 mingta gapdan iborat ma’lumotlar bazasini shakllantirib,  shu ma’lumotlar asosida sun’iy intellektni o‘qitishda foydalanishdi. Natija esa kutilganidan ham yaxshiroq. Yangi tizim so‘zlarni aniqlash darajasini o‘rtacha 61 foizgacha oshirdi.

Sodda qilib tushuntirganda sun’iy intellekt endi inson xayolidan o‘tkazgan gaplarni yuqori aniqlik bilan tiklay oladi. Ayrim hollarda esa butun jumlada atigi bitta so‘zda xatoga yo‘l qo‘ydi. Brain2Qwerty v2 ning eng katta ustunligi shundaki, u jarrohlik aralashuvini talab qilmaydi. Aynan shu jihati uni neyrotexnologiyalar tarixidagi eng muhim yutuqlardan biriga aylantirmoqda.

Tibbiyot uchun yangi umid

Bu texnologiya navbatdagi qimmatbaho gadjet emas. Uning ortida millionlab insonlarning hayotini tubdan o‘zgartirish salohiyati turibdi. Bugungi kunda dunyo bo‘ylab millionlab odamlar insult, bosh miya jarohatlari, Alsgeymer, autizm yoki amiotrofik lateral skleroz kabi kasalliklar oqibatida gapirish va harakatlanish qobiliyatini yo‘qotgan. Ularning miyasi fikrlashda davom etadi, biroq tana bu buyruqlarni bajarolmaydi. Bunday bemorlar ko‘pincha “o‘z tanasiga qamalib qolgan insonlar” sifatida ta’riflanadi. Brain2Qwerty v2 aynan ular uchun tashqi dunyo bilan bog‘lanishning yangi yo‘lini ochishi mumkin. Foydalanuvchi maxsus bosh kiyimni taqadi va hech qanday og‘riqli operatsiyalarsiz yaqinlari bilan muloqot qilishi, shifokorlarga o‘z holatini tushuntirishi yoki fikrlarini matnga aylantirishi mumkin bo‘ladi.

Fikrlarimiz o‘qiladigan dunyoga tayyormizmi?

Agar bu texnologiya kelajakda oddiy quloqchin yoki aqlli ko‘zoynak ko‘rinishida ixchamlansa, inson va texnologiyalar o‘rtasidagi munosabat butunlay o‘zgarishi mumkin. Masalan, smartfon yoki kompyuterda yozish uchun endi barmoqlar kerak bo‘lmaydi – matn fikr tezligida paydo bo‘ladi. Shuningdek, aqlli uylar, avtomobillar, ishlab chiqarish robotlari va boshqa qurilmalarni faqat miyadagi buyruqlar orqali boshqarish imkoniyati paydo bo‘lishi mumkin. Biroq tanganing ikkinchi tomoni ham bor.

Sun’iy intellekt inson fikrlarini tobora aniqroq o‘qiy boshlasa, shaxsiy daxlsizlik qanday himoya qilinadi? Miya signallari kimga tegishli bo‘ladi? Ular qanday saqlanadi? Agar xakerlar bunday tizimlarni buzib kirsa yoki hukumatlar hamda yirik kompaniyalar inson fikrlarini nazorat qilish imkoniyatiga ega bo‘lsa, buning oqibatlari qanday bo‘ladi? Bugun bu savollarga aniq javob yo‘q. Ammo bitta narsa ravshan fikrni matnga aylantirish texnologiyalari rivojlanar ekan, insoniyat nafaqat ulkan ilmiy yutuqlar, balki misli ko‘rilmagan axloqiy, huquqiy va xavfsizlik sinovlari bilan ham to‘qnash keladi.


Теги :
Jamiyat