$
 12857.35
22.74
 14672.81
10.55
 163.45
0.8
weather
+26
Кечаси   +14°
oguads

Norozilik foyda bermadi: yana bir xususiy universitet litsenziyasi bekor qilindi

Meeting

Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan Xalqaro nodavlat universiteti oldida talabalar va ularning ota-onalari yigʻilib, norozilik bildirgani aks etgan video tarqaldi.

Lavhada yigʻilganlarning "NAMXU" deya baqirayotganini koʻrish mumkin. Bunday holat yuz berishiga nima sabab boʻldi?

Universitet litsenziyasi bekor qilingan

10-fevral kuni Uchqo‘rg‘on tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qarori bilan “NAMXU OTM” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatish faoliyati uchun berilgan 062797-sonli litsenziyasi bekor qilindi. 

Boʻlib oʻtgan sud majlisi muhokamalarida oliy taʼlim tashkiloti faoliyatida aniqlangan qoʻpol qoidabuzarliklar asosli hujjatlar bilan sudga taqdim etilib, oʻz isbotini topgan.

Qanday qoidabuzarliklar aniqlangan?

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2023-yil 10-maydagi buyrug‘iga muvofiq tekshiruv o‘tkazilib, unga ko‘ra:

▪️universitet tomonidan ta’lim tashkiloti, ta’lim oluvchilar va pedagog xodimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar vazirlikning “HEMIS” axborot tizimiga kiritilmagani,

▪️ tashkilotda rektor maslahatchisi shtati birligi joriy etilmagani,

▪️ talabalarning o‘qishni ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi ishlab chiqilmaganligi,

▪️ barcha ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha adabiyotlar, shu jumladan 95 foiz adabiyotlarning elektron variantlari yetishmasligi, 

▪️universitet o‘qituvchilarining 23 nafari ilmiy darajaga ega professor-o‘qituvchilar hisoblansa-da, ulardan 15 nafarining asosiy ish joyi Namangan davlat universitetida ekanligi,

▪️litsenziya talabi bo‘yicha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari uchun 35 foiz ilmiy salohiyat belgilangan bo‘lsa-da, ta’lim tashkilotida 17 foizni tashkil etishi, 

▪️ichimlik suvi va kanalizatsiya bilan ta’minlanmagani, 

▪️tahsil olayotgan 858 nafar talabaga nisbatan ta’lim tashkilotining hududi yetishmasligi kabi holatlar aniqlangan.

Talabalar majburiy tarzda boshqa OTMga koʻchirilmoqdami?

Litsenziya bekor qilingach, ijtimoiy tarmoqlarda Namangan xalqaro universitetining talabalari majburiy tarzda Toshkent kimyo xalqaro universitetiga ko‘chirilayotgani haqida xabarlar tarqalgan. Ota-onalar universitet binosi oldiga yigʻilishgan.

Vazirlik bayonot berdi

Ushbu video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bayonot berdi.

Xabarga koʻra, “NamXU OTM” MChJ litsenziyasi bekor qilingani o‘zgarishsiz qolgan.

Vazirlik ijtimoiy tarmoqlarda talabalar majburiy tarzda Toshkent kimyo xalqaro universitetiga ko‘chirilayotgani haqidagi xabarlar asossiz ekanini taʼkidlab, talabalarning o‘qishini arizasiga muvofiq belgilangan tartibda oliy ta’lim tashkilotlariga ko‘chirilishi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Ishchi guruhi tomonidan olib borilayotganini ma’lum qilgan.

"Alohida ta’kidlash lozimki, talabalarning o‘qishini ko‘chirish ularning arizalariga ko‘ra tashkil etilmoqda. Biror talaba majburlab boshqa oliygohga ko‘chirilmaydi", - deyiladi bayonotda.

Avvalroq 5 ta xususiy universitetning litsenziyasi bekor qilingan edi

Eslatib oʻtamiz, avvalroq 5 ta xususiy universitetning litsenziyasi bekor qilinib, 1 tasining litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha sud jarayoni davom etayotgani maʼlum qilingan edi.

Sud jarayonlari to‘liq yakunlangan va litsenziyasi bekor qilingan oliy ta’lim tashkilotlari — Valley Innovative University, Urganch shahridagi Binary universitetining barcha talabalari tegishli tartibda oliy ta’lim tashkilotlariga ko‘chirilgan.

Теги :
Jamiyat