Yakshanba, 25-oktabr, 2026
Havo 76 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +7° kechasi +6°

Hududlarning master rejalari ishlab chiqiladi

Bu haqda Vazirlar Mahkamasining nizomi qabul qilindi.

2 daqiqa o‘qiladi

Hududlarning master rejalari ishlab chiqiladi

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 12-avgustdagi 497-son qarori bilan Hududning master-rejasini ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash to‘g‘risidagi nizom qabul qilindi.

Master-rejalar nimalarni o‘z ichiga oladi

Prezidentning 2023-yil 11-sentyabrdagi PQ-299-son qaroriga muvofiq, shaharsozlik va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish, hududlar qismlarining yaqin, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda hududiy va iqtisodiy rivojlanishini rejalashtirish hamda ularning iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun master-rejalarni ishlab chiqish tizimi joriy etilmoqda.

Master-rejalar yoki batafsil rejalashtirish loyihalari hududlarning aniq muammolarini bartaraf etishga qaratilgan shaharsozlik, ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik va boshqa loyihaviy yechimlarni o‘z ichiga oladi.

Hudud master-rejasini ishlab chiqish to‘g‘risidagi nizom

Hujjat bilan Hudud master-rejasini ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. U quyidagilarni belgilaydi:

  • hudud master-rejasini ishlab chiqishga qo‘yiladigan talablar;
  • master-rejani kelishish va tasdiqlash tartibi;
  • hudud master-rejasini moliyalashtirish manbalari.

Qanday hollarda master-reja ishlab chiqariladi?

Master-reja quyidagi hollarda ishlab chiqiladi:

  • hududning shaharsozlik hujjatlari mavjud bo‘lmaganda;
  • hududning tabiiy-iqtisodiy salohiyatidan yetarlicha foydalanilmaganda;
  • master-reja asosida bo‘sh yer uchastkasi auksionga qo‘yilganda;
  • qishloq xo‘jaligi, shaharsozlik va xo‘jalik maqsadidagi yerlar toifasini o‘zgartirish bo‘yicha takliflar tayyorlashda.

Shaharsozlik hujjati

Batafsil rejalashtirish loyihasi, qurilish loyihasi va ushbu hududning dizayn-kodi bilan birga ishlab chiqilgan va belgilangan tartibda tasdiqlangan master-reja shaharsozlik hujjati sifatida qabul qilinadi.

Shaharsozlik hujjati sifatida ishlab chiqilgan master-rejani tasdiqlash vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.

Hujjat Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida davlat tilida e’lon qilingan va 2024-yil 22-avgustdan kuchga kirgan.