$
 12048.84
62.28
 13741.70
50.05
 152.88
0.79
weather
+26
Кечаси   +14°

Wildberries, Ozon va Yandex Market qoidalarni o‘zgartirdi. O‘zbekistonlik xaridor va tadbirkorlar uchun muhim signal

Marketpleys

Wildberries yoki Ozon orqali buyurtma bergan mahsulotingiz kutilmaganda bekor bo‘lganmi? Bunga har doim ham logistika yoki texnik nosozlik sabab bo‘lavermaydi. Ayrim hollarda buning ortida Rossiyada kuchayib borayotgan xavfsizlik muammolari va geosiyosiy vaziyatlar sabab bo‘ladi.  So‘nggi paytlarda Rossiyaning yirik marketpleyslari o‘z shartnomalarini yangilab, dron hujumlari, portlashlar va harbiy harakatlar oqibatida yetkazilgan zararlarni fors-major holati sifatida belgilay boshladi. Bir qarashda bu o‘zgarishlar faqat Rossiya ichki bozori uchun muhimdek. Biroq bu mazkur davlat platformalari orqali savdo qilayotgan o‘zbekistonlik tadbirkorlar va xarid qiladigan iste’molchilarga ham ta’sir qilishi mumkin.

Fors-major qoidalari o‘zgardi

Ushbu jarayonni Wildberries boshlab berdi. Kompaniya sotuvchilar bilan tuziladigan oferta shartlarini yangilab, dron hujumlari, harbiy texnika, portlashlar va boshqa harbiy hodisalarni fors-major holatlari qatoriga kiritdi. Ya’ni, agar mahsulot shunday hodisalar oqibatida zarar ko‘rsa yoki yo‘qolsa, platforma buning uchun javobgarlikni bo‘yniga olmasligi mumkin. Ko‘p o‘tmay, shunga o‘xshash o‘zgarishlar boshqa yirik marketpleyslarda ham paydo bo‘ldi. Masalan, Yandex Market o‘z huquqiy hujjatlari bo‘limiga uchuvchisiz uchish apparatlari, qurol qo‘llanilishi, portlashlar hamda zarba va shovqin to‘lqinlari oqibatlarini fors-major holati sifatida kiritdi. Ozon ham o‘z shartnomalarini shu mazmundagi bandlar bilan to‘ldirdi. Shu tariqa, Rossiyaning uch yirik marketpleysi deyarli bir xil yondashuvni tanladi. Endi harbiy harakatlar yoki dron hujumlari oqibatida yuzaga kelgan zararlar bo‘yicha javobgarlikning asosiy qismi sotuvchi zimmasiga o‘tmoqda.

  

Nega marketpleyslar javobgarlikni cheklamoqda?

Bu o‘zgarishlar bejiz emas. So‘nggi oylar davomida Rossiyaning turli hududlaridagi logistika markazlari va omborlariga bir necha bor dron hujumlari uyushtirildi. Ayrim omborlarda yong‘inlar yuz berib, katta miqdordagi mahsulotlar zarar ko‘rdi. Shundan so‘ng marketpleyslar bunday xavflar yuzaga kelganda o‘z yuridik javobgarligini cheklashga kirishdi.

Ilgari omborda saqlanayotgan mahsulot yo‘qolsa yoki shikastlansa, javobgarlik masalasi deyarli aniq edi. Endi esa dron hujumlari va boshqa harbiy hodisalar fors-major sifatida e’tirof etilgani sababli platformalar bunday vaziyatlarda javobgarligini cheklamoqda. Tabiiyki bu holat  sug‘urta bozoriga ham ta’sir qilmoqda. Harbiy xavflarni sug‘urtalash tobora murakkablashib, ayrim hollarda bunday risklar standart polisdan chiqarilmoqda yoki alohida, qimmatroq sug‘urta sifatida taklif etilmoqda. Natijada marketpleyslar moliyaviy xavfning bir qismini sotuvchilar zimmasiga o‘tkazishga intilmoqda.

O‘zbekistonlik tadbirkorlarga qanday ta’sir qiladi?

O‘zbekistonda Wildberries, Ozon va Yandex Market platformalarida faol savdo qilayotgan minglab tadbirkorlar mavjud. Ular asosan kiyim-kechak, poyabzal, uy-ro‘zg‘or va to‘qimachilik mahsulotlarini sotadi. Yangi qoidalar aynan shu sotuvchilar uchun qo‘shimcha tavakkalchilik yaratmoqda. Agar ombordagi mahsulot dron hujumi yoki boshqa harbiy hodisalar oqibatida zarar ko‘rsa, kompensatsiya olish masalasi murakkablashishi mumkin. Wildberries avvalgi hujumlardan keyin ayrim sotuvchilarga kompensatsiya to‘lashini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, bu shartnomadan kelib chiqadigan majburiyat emas, balki kompaniyaning alohida qarori sifatida baholanmoqda. Yana bir muhim o‘zgarish logistika modeliga taalluqli. Ayrim tadbirkorlar mahsulotlarni marketpleys omborlarida uzoq muddat saqlash o‘rniga, ularni o‘z omborida saqlab, buyurtma tushgandan keyingina jo‘natish tizimiga o‘tishi mumkin. Bundan tashqari, qo‘shimcha logistika, muqobil omborlardan foydalanish va sug‘urta xarajatlarining ortishi mahsulot tannarxiga ham ta’sir qilish ehtimoli bor.

Narx va yetkazib berishga ta’siri

Bu o‘zgarishlar oxir-oqibat iste’molchilarga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Birinchidan, logistika yo‘nalishlari o‘zgargani sabab ayrim mahsulotlarning O‘zbekistonga yetkazib berish muddati uzayishi ehtimoli mavjud. Ikkinchidan, ortib borayotgan xarajatlar mahsulot narxiga qo‘shilishi mumkin. Natijada ayrim tovarlar qimmatlashishi ehtimoldan xoli emas. Uchinchidan, omborlar o‘rtasidagi qayta taqsimot yoki favqulodda hodisalar sabab ayrim mahsulotlar vaqtincha mavjud bo‘lmay qolishi yoki buyurtmalar bekor qilinishi mumkin.

Marketpleyslar bilan ishlash modeli o‘zgaradi

Mutaxassislar fikricha, elektron tijorat bozori yangi xavflarga moslasha boshlaydi. Tadbirkorlar mahsulotlarni marketpleys omborlarida saqlash o‘rniga, FBS modeli orqali o‘z omborlaridan foydalanishga ko‘proq e’tibor qaratishi mumkin. Shuningdek, mahsulotlarni Rossiyaning nisbatan xavfsizroq hududlaridagi logistika markazlariga ko‘chirish ehtimoli ham mavjud.

Wildberries, Ozon va Yandex Market shartnomalariga kiritilgan yangi fors-major qoidalari Rossiya elektron tijorat bozoridagi risklar taqsimotini o‘zgartirmoqda. Bu o‘zgarishlar logistika xarajatlari, yetkazib berish muddatlari va mahsulot narxlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Rossiya bozorida faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik tadbirkorlar uchun esa bu yangi sharoitda logistika va risklarni qayta baholash, biznes strategiyasini moslashtirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.

Теги :
Jamiyat