$
 12141.94
26.97
 14289.85
29.32
 162.63
0.56
weather
+26
Кечаси   +14°

Uzun matnlar o‘ldi: Gen Z marketingni qayta yozmoqda

Gen Z marketing

So‘nggi vaqtda brendlar va marketologlar orasida yangi munozara kuchaymoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda bir xil mahsulot uchun ikki xil uslubdagi matnlar paydo bo‘ldi: biri millenniallar, ikkinchisi Z avlod “Gen Z” uchun. Bu trend avlodlar o‘rtasidagi aloqa va iste’mol uslublaridagi farqlarni ko‘rsatmoqda. Brendlar ikki guruh o‘rtasidagi farqni aniq his qilib, moslashishga urinishmoqda. “Millenniallar” 1981–1996 yillarda tug‘ilganlar: tartibli va ma’lumotga boy matnlarni afzal ko‘radi. Ular uchun yaxshi yozilgan hikoya, to‘liq tushuntirish va professional uslub muhim ahamiyatga ega. “Gen Z” 1997-2012 yillar orasida tug‘ilgan va undan keyingi avlod esa aksincha, qisqa, tezkor va vizual jihatdan boy mazmunni talab qiladi. Ular uzun matnni ko‘rib, ko‘pincha “bularning hammasini o‘qimayman” degan munosabat bildiradi. Emoji, qisqa jumlalar, norasmiy til va “vayb” ularning asosiy tanlovi.

Bir mahsulot — ikki xil reklama: Brendlarning yangi hiylasi

Dunyo bo‘ylab yirik brendlar — American Express, CeraVe, Crocs, Listerine va Nespresso kabi kompaniyalar bir xil mahsulot uchun parallel matnlar tayyorlamoqda. Ba’zilarida Gen Z versiyasi shunchalik qisqa bo‘ladiki, faqat bir-ikki jumla va emoji yetarli bo‘ladi. Millennial versiyasi esa klassik marketing uslubida — batafsil va ishonch beruvchi tarzda yoziladi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, Gen Z vakillarida diqqatni jamlash qobiliyati juda past. Ular bir post yoki reklamani bir necha soniya ichida baholaydi va agar matn darhol qiziqish uyg‘otmasa, osongina o‘tkazib yuboradi. Jahon marketing bozorida brendlar shunga monand ravishda “qisqa yoz, his ettir” tamoyiliga o‘tmoqda.

Bu hodisa faqat marketing texnikasi emas, balki jamiyatdagi chuqurroq o‘zgarishning ko‘rinishi. Texnologiya, ijtimoiy tarmoqlar va tezkor axborot oqimi avlodlarning o‘qish va qabul qilish odatlarini tubdan o‘zgartirdi. Millenniallar internetning boshlanish davriga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, Gen Z esa smartfon va TikTok bilan birga o‘sgan.

Mahalliy brendlar uchun amaliy tavsiyalar

O‘zbekiston bozorida bu trend ayniqsa dolzarb. Mamlakat aholisining katta qismi yoshlardan iborat. Bugun ijtimoiy tarmqolardagi reklamlarga nazar tashlasak, ular juda uzun: bazi reelslar hattoki 50-60 sekundda mahsulotni batafsil tasvirlab berilgan reklamalar bo‘ladi. Agar brendlar faqat eski uslubda — uzun matn va klassik reklama bilan ishlasa, yosh avlodni asta-sekin yo‘qotadi.

O‘zbekistondagi brendlar nima qilishi kerak?

  • Har bir mahsulot uchun ikki xil versiya tayyorlash lozim. Millennial auditoriya uchun — batafsil tavsif, mijoz tajribasi, texnik xususiyatlar va hikoya. Gen Z uchun esa — 15-30 soniyalik video, trend musiqalar, real hayot lavhalari va norasmiy til.
  • Platforma strategiyasini o‘zgartirish zarur. TikTok va Instagram Reels Gen Z uchun asosiy maydonga aylandi. Bu yerda qisqa, virusli videolar va challenge’lar orqali auditoriyani jalb qilish mumkin. Telegram va Instagramning asosiy sahifasida esa millenniallar uchun chuqurroq, karusel postlar va batafsil ma’lumotlar joylashtirish samarali.

  • Influencer hamkorligini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish. Katta yulduzlar o‘rniga 10-100 ming obunachiga ega mikro-influencerlar bilan ishlash yaxshiroq natija beradi. Ular orqali mahsulot tabiiy va ishonchli tarzda ko‘rsatiladi. Masalan, moda brendlari o‘zbekcha street-style va milliy elementlarni zamonaviy TikTok formatida taqdim etsa, yaxshi natija bo‘ladi.
  • Gen Z sun’iy va “juda professional” ko‘rinishdagi reklamalarni rad etadi. O‘zbekcha hazil, real muammolarni yechish, oilaviy yoki do‘stlar muhitidagi lavhalar va halol sharhlar ancha samarali. Kiyim, kosmetika yoki oziq-ovqat brendlari “before-after” va real foydalanuvchi videolarini faol ishlatishi mumkin.

  • Doimiy test va tahlil qilib borish kerak. Har bir kampaniyani A/B test qilish — bir xil mahsulotni ikki xil uslubda chiqarib, qaysi biri ko‘proq interaktsiya va sotuv berganini kuzatish kerak. Hozirgi vaqtda ko‘plab o‘zbek brendlari hali ham faqat uzun matnli postlarga tayanib, yosh auditoriyani asta-sekin yo‘qotmoqda.

Avlodlar farqi endi marketingning markaziy qismiga aylandi. Bitta universal uslub bilan bozorda muvaffaqiyat qozonish qiyinlashmoqda. Gen Z “uzun matnlarni o‘qimayman” degan signalni ochiq bergan bir paytda, O‘zbekiston brendlari ham kontent strategiyasini tezda qayta ko‘rib chiqishi zarur. Bu o‘zgarishni birinchi bo‘lib amalga oshirgan kompaniyalar nafaqat yosh avlod e’tiborini, balki uzoq muddatli bozor ustunligini ham qo‘lga kiritadi.

Теги :
Jamiyat