$
 11970.68
36.04
 13902.75
6.06
 163.18
-0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

“Hech kimga aytmang”dan “Onasini emsin”gacha O‘zbek marketologlarining eng kreativ reklamalari

banner

Bugun marketing deyarli har bir sohaning ajralmas qismiga aylangan. Kimdir mahsulotini sotish, kimdir xizmatini ommalashtirish, yana kimdir brendini odamlar xotirasida qoldirish uchun marketologlarga murojaat qiladi. Biroq ba’zi kampaniyalar borki, ular oddiy reklama chegarasidan chiqib, butun mamlakat miqyosida muhokama mavzusiga aylanadi.

Biz so‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilgan eng kreativ va e’tiborga molik PR kampaniyalarni saralab, o‘z reytingimizni tuzdik. Reytingdagi o‘rinlar kampaniyalarning kreativligi, g‘oyaning noodatiyligi va odamlar xotirasida qoldirgan taassurotiga qarab belgilandi.

10-o‘rin. Kotex — “Birinchilar”

Kotex brendi global “She Can” falsafasi asosida jamiyatdagi ayollar rolini qayta talqin qilishni maqsad qildi. Kampaniya yuziga O‘zbekistonning ilk Olimpiya chempioni Diyora Keldiyorova tanlandi.

“Birinchilar” loyihasi doirasida o‘zbek ayollarining kashshof hikoyalari raqamli filmlar orqali namoyish etildi. Birinchi balerina, birinchi arxeolog, birinchi poyezd haydovchisi va birinchi tadbirkor kabi ayollarning hayot yo‘li yoritildi. Ularning hikoyalari orqali jamiyatdagi “bu ayollar uchun emas” degan qarashlarga qarshi kurash aks ettirildi.

Marketing hiylasi shundaki, brend mahsulotni emas, qadriyatni sotdi. Natijada kampaniya 11 milliondan ortiq odamni qamrab oldi, 15 milliondan ziyod ko‘rish va 23 mingdan ortiq ulashishga erishdi.

9-o‘rin. Rahimov School — “Bola boshidan”

Ko‘pchilik ota-onalar uchun zamonaviy maktab deganda hashamatli bino, basseyn va qimmat infratuzilma tushuniladi. Rahimov School esa bu stereotipga qarshi chiqdi.

“Bola boshidan” kampaniyasi orqali maktab haqiqiy ta’lim bino emas, balki bolaning fikrlashi va xarakterini shakllantirish ekanini ko‘rsatishga harakat qildi.

Miya shaklidagi bosh kiyim kiygan bolalar Toshkent ko‘chalarida paydo bo‘ldi. Shaharning turli nuqtalarida o‘ndan ortiq bannerlar o‘rnatildi. Maxsus yong‘oqlar supermarket javonlariga joylashtirildi. Blogerlar kampaniyani qo‘llab-quvvatladi.

Marketing hiylasi — murakkab g‘oyani vizual metafora orqali tushuntirish. Natijada 3,1 milliondan ortiq ko‘rish, 100 dan ortiq yangi ota-ona shartnomasi va 56 foizlik savdo o‘sishi qayd etildi.

8-o‘rin. Synthesis × Phlebodia 600 — “Gemorroy”

Odatda odamlar gemorroy haqida gapirishdan uyaladi. Innothera laboratoriyasi uchun ishlab chiqilgan ushbu kampaniya aynan shu stereotipni buzishga qaratildi.

Kampaniya mualliflari gemorroyni kutilmagan joylarda paydo bo‘ladigan obrazga aylantirdi. U rulda ham, avtobusda ham, restoranlarda ham, blogerlar videolarida ham “uchray boshladi”.

Marketing hiylasi — odamlar gapirishdan qochadigan mavzuni ommaviy memga aylantirish. Natijada kampaniya 15 milliondan ortiq ko‘rish to‘pladi va Phlebodia 600 savdosini 71 foizga oshirdi.

7-o‘rin. PDP University — “Hech kimga aytmang”

Kampaniya bitta jumla bilan boshlandi:

“Hech kimga aytmang! PDP University kirish imtihoni savollari e’lon qilindi”.

Bu xabar 100 dan ortiq Telegram kanallarida reklama sifatida tarqatildi. Qiziqib bosgan foydalanuvchilar maxsus Telegram kanaliga yo‘naltirildi va imtihongacha turli namunaviy savollar bilan qiziqtirib borildi.

Marketing hiylasi — insondagi taqiqlangan ma’lumotga bo‘lgan qiziqishdan foydalanish.

Natija:

  • 18 million ko‘rish;
  • 232 ming klik;
  • 12 613 yangi obunachi;
  • 1 646 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan;
  • 1 129 nafar abituriyent imtihonda qatnashgan.

6-o‘rin. 605 Agency × Iman Invest — “... qilmang, investitsiya qiling”

Ramazon oyi uchun ishlab chiqilgan ushbu kampaniya diniy va moliyaviy qadriyatlarni birlashtira oldi.

Kampaniya g‘oyasi oddiy edi: Ramazon nafaqat ro‘za tutish, balki zararli odatlardan voz kechish va foydali odatlarni shakllantirish oyidir. Shu asosda “Hasad qilmang, investitsiya qiling”, “Xafa qilmang, investitsiya qiling” kabi xabarlar yaratildi.

Marketing hiylasi — mahsulotni emas, hayot tarzini targ‘ib qilish. Natijada reklama ko‘plab ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan iliq kutib olindi.

5-o‘rin. Uzum Market — marketplace’dagi qo‘ylar

Qurbon hayiti arafasida Uzum Market kutilmagan qadam tashladi — marketplace orqali qo‘y sotishni yo‘lga qo‘ydi.

Aslida odamlar yillar davomida qo‘ylarni bozor va mol bozorlaridan xarid qilib kelgan. Uzum esa zamonaviy iste’molchiga mos yechim taklif qildi: endi qo‘y xaridorning o‘zi izlab yuradigan mahsulot emas, balki uyingizgacha yetib keladigan mahsulotga aylandi.

Marketing hiylasi — an’anaviy mahsulotni zamonaviy xizmat bilan birlashtirish. Kampaniya katta shov-shuvga sabab bo‘ldi va organik qamrov oldi.

4-o‘rin. Seed Agency × Uklon — “Bemalol”

Uklon O‘zbekiston bozoriga kirib kelayotgan paytda ko‘pchilik uni oddiy taksi xizmati deb qabul qilardi. Seed agentligi esa bunga boshqacha yondashdi.

Bannerlarda xizmat haqida maqtovlar yozish o‘rniga, odamlar taksi kelguncha nima ishlar bilan shug‘ullanishi mumkinligi ko‘rsatildi. Shu orqali bitta muhim xabar berildi: biroz kuting, ammo arzonroq narxda yuring.

Kampaniya ijtimoiy tarmoqlarda ham davom ettirildi. Foydalanuvchilarga taksi kelguncha nimalarga ulgurganini videoga olib joylashtirish taklif qilindi.

Marketing hiylasi — odatda kamchilik deb qaraladigan jihatni afzallikka aylantirish. Natijada reklama va antireklama o‘rtasidagi bahslarning o‘zi brendga qo‘shimcha e’tibor olib keldi.

3-o‘rin. 605 Agency × Korzinka — “Xo‘jayin”

Har kim hayotida hech bo‘lmasa bir marta “xo‘jayin” deb murojaat qilinishini xohlagan bo‘lsa kerak.

Korzinka shu oddiy insoniy hissiyotdan foydalanib, xaridorlarni “xo‘jayin” deb atay boshladi. Do‘kon ichida “Xo‘jayin, siz kelguncha nonlarni yopib qo‘ydik” yoki “Siz uchun yangidek saqlayapmiz, xo‘jayin” kabi yozuvlar paydo bo‘ldi.

Bundan tashqari, dehqon bozorlaridan chiqayotgan xaridorlar uchun bepul taksi xizmatlari yo‘lga qo‘yildi. Taksilar esa faqat Korzinka’ga olib borardi.

Marketing hiylasi — xaridorga o‘zini muhim inson sifatida his qildirish. Bu kampaniya supermarketlarga odamlar oqimini oshirishga xizmat qildi.

2-o‘rin. Feed Up — “Yuzingizda sous emas, tabassum qolsin”

Ba’zan eng yaxshi marketing eng oddiy joyda yashirinadi.

Feed Up mijozlarga beriladigan nam salfetkalarga “Yuzingizda sous emas, tabassum qolsin” degan yozuvni joylashtirdi.

Bu kichik detal mijozlarda iliq taassurot uyg‘otdi. Odamlar salfetka suratlarini ijtimoiy tarmoqlarda ulasha boshladi va brend haqida bepul reklama yaratdi.

Marketing hiylasi — reklama uchun katta budjet emas, balki samimiy hissiyot kerakligini ko‘rsatish.

1-o‘rin. “Onasini emsin”

Birinchi o‘rin, shubhasiz, O‘zbekistondagi eng jasur va kreativ ijtimoiy kampaniyalardan biriga nasib etadi.

“Onasini emsin” iborasi odatda boshqa ma’noda ishlatiladi. Kampaniya mualliflari esa shu iboraning asl ma’nosini qaytarib, Butunjahon emizish haftaligiga bag‘ishlangan ijtimoiy loyiha yaratdi.

Bir hafta davomida Toshkentdagi LED ekranlarda ushbu yozuv namoyish etildi. Dastlab odamlar hayron bo‘ldi, keyin esa kampaniyaning asl mazmunini anglab yetdi: barcha onalar farzandlarini ko‘krak suti bilan boqishi va sog‘lom avlod tarbiyalashi kerak.

Marketing hiylasi — odamlarning e’tiborini tortadigan iborani ijtimoiy ahamiyatga ega xabarga aylantirish.

Kampaniya katta rezonans uyg‘otdi va TAFF24 mukofotining “Eng kreativ PR kampaniyasi” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu reyting kampaniyalarning kreativligi, noodatiyligi va jamoatchilikka ta’siri asosida tuzildi. Siz ham izohlarda o‘zbek marketologlarining esingizda qolgan eng kreativ “hiylalari” bilan bo‘lishishingiz mumkin.

Теги :
Jamiyat