$
 11989.46
29.28
 13815.45
54.07
 149.48
-0.94
weather
+26
Кечаси   +14°

Davlat xizmatchilarining maosh o‘zgarish: Ish haqi va bonus endi natijaga qarab beriladi

maosh

O‘zbekistonda davlat fuqarolik xizmatchilarining ish haqini hisoblash tizimini yangilash rejalashtirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan takliflarga ko‘ra, amaldagi ko‘plab ustama va mukofotlar o‘rniga yagona, shaffof va natijaga asoslangan tizim joriy etiladi. Yangi tartib 54 ming nafar davlat xizmatchisini qamrab olishi, ish haqi esa xodimning malakasi, mehnat samaradorligi va erishgan natijalariga qarab shakllanishi kutilmoqda.

Amaldagi tizimda maoshlar o‘rtasidagi farq katta

So‘nggi yillarda davlat fuqarolik xizmatini isloh qilish bo‘yicha qator o‘zgarishlar amalga oshirildi. Davlat xizmatchilarining huquq va majburiyatlarini belgilovchi alohida qonun qabul qilindi, davlat organlaridagi boshqaruv xodimlari soni esa 2016-yildagi 73 ming nafardan 54 ming nafargacha qisqartirildi. Biroq taqdimot davomida amaldagi ish haqi tizimi hali ham ko‘plab muammolarni saqlab qolayotgani qayd etildi. Bugungi kunda davlat xizmatchisining lavozim maoshi umumiy daromadining atigi 15 foizigacha qismini tashkil qiladi. Ish haqi fondining qariyb 70 foizi esa xodimning natijasiga bog‘liq bo‘lmagan turli ustama, mukofot va rag‘batlantirish to‘lovlari hisobidan shakllanadi. Natijada bir xil vazifani bajarayotgan xodimlar turlicha maosh olmoqda, ayrim vazirlik va idoralarning hududiy bo‘linmalari bilan viloyat, tuman va shahar hokimliklaridagi bir xil lavozim egalari o‘rtasida ham sezilarli tafovut yuzaga kelgan.

Ish haqi uchun yagona tizim joriy etiladi

Hozir davlat xizmatchilariga mehnatga haq to‘lash tartibini belgilovchi yagona huquqiy hujjat mavjud emas. Turli idoralarda 50 dan ortiq alohida normativ hujjatlar asosida ish haqi hisoblanadi. Shu sabab yangi tizim barcha davlat organlari uchun yagona qoidalarni joriy etishni nazarda tutmoqda. Unga ko‘ra, davlat organlari milliy, respublika, hududiy hamda tuman va shahar darajalariga bo‘linadi. Xodimlar esa bajaradigan vazifasiga qarab ma’muriy boshqaruv, asosiy va qo‘llab-quvvatlash guruhlariga ajratiladi. Shuningdek, xalqaro tajriba asosida 11 razryad va 6 pog‘onadan iborat yangi ish haqi setkasi joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Tuman va shaharlarda shtatlar hamda ish haqi miqdorini belgilashda aholi soni va hududning o‘ziga xos xususiyatlari ham hisobga olinadi.

O‘ndan ortiq ustama o‘rniga uchta rag‘batlantirish tizimi bo‘ladi

Yangi tartibda o‘ndan ortiq ustama va mukofotlar bekor qilinib, ularning o‘rniga uchta asosiy rag‘batlantirish mexanizmi joriy etilishi taklif qilinmoqda. Xodimning malakasi, xizmat vazifalarini qanday bajarayotgani, ijro va mehnat intizomi, tashabbuskorligi hamda KPI ko‘rsatkichlari asosida ustama belgilanadi. Bundan tashqari, murakkab va muhim vazifalarni muvaffaqiyatli bajargan, yangi yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etgan va yuqori natija ko‘rsatgan xodimlarga hisobot davri yakunida bonus to‘lanadi. Har bir davlat xizmatchisi ish haqi qanday shakllanishini, qaysi natija uchun ustama yoki bonus olishini oldindan bilishi mumkin bo‘ladi. Hududiy boshqarmalar xodimlarining maoshi esa tegishli hokimliklardagi o‘xshash lavozimlardan yuqori bo‘lmaydi.

Sun’iy intellektni bilgan xodimlar ham bonus oladi

Prezident taqdimot davomida ish haqi tizimida adolat va shaffoflikni ta’minlash, maoshni xodimning malakasi, mas’uliyati va erishgan natijalari bilan bog‘lash zarurligini ta’kidladi. Bonuslar faqat ish natijalariga emas, balki zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashga ham bog‘lanadi. Xususan, sun’iy intellekt va ilg‘or axborot texnologiyalarini o‘zlashtirgan, malakasini muntazam oshirib borgan xodimlar qo‘shimcha rag‘batlantiriladi. Bu davlat xizmatida samaradorlikni oshirish, zamonaviy boshqaruvni rivojlantirish va malakali kadrlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishi kutilmoqda. Avvalroq O‘zbekistonda iqtisodiy faol aholining 48 foizi norasmiy sektorda ishlayotgani va bu holat ijtimoiy soliq tushumlarining cheklanishiga sabab bo‘layotgani haqida ham ma’lum qilingan edi.

Теги :
Jamiyat