$
 12198.28
-30.3
 14241.49
-41.49
 156.57
0.61
weather
+26
Кечаси   +14°

Kursisi "singan" mansabdorlar

Mansabdor

O‘tgan yil yurtimizda jami qancha mansabdorlar jinoiy javobgarlikka tortilganini bilasizmi? Sodir etilgan jinoyatlarning asosiy qismi pora olish emas, balki o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan o‘zgalarning mulkini talon-toroj qilish bo‘lgan.

Davlat budjetiga 1 trilliondan ortiq zarar

Bosh prokuraturaning ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda 3 412 ta jinoiy ish bo‘yicha 3 575 nafar mansabdor shaxslar javobgarlikka tortilgan. Qayd etish kerakki, bu ko‘rsatkich 2022-yilga nisbatan 14,7 foizga yoki 459 nafarga oshgan. Shundan kelib chiqsak, 2022-yilda 3 116 nafar mansabdor shaxslar 2 965 ta jinoiy ish bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilgan. Umumiy hisobda 2023-yilda davlat budjetiga 1 trillion 12 milliard so‘m miqdorida zarar yetkazilgan bo‘lib, shundan 847 milliard so‘mi undirilgan.

Mavqei bo‘yicha jazolanganlar

Respublikamiz bo‘yicha 2023-yilda mavqei bo‘yicha jazolangan mansabdorlar 49 nafarni tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich avvalgi yilga nisbatan bir muncha kam. Masalan, 2022-yilda mamlakat miqyosida 110 nafar mansabdor shaxs javobgarlikka tortilgan. Viloyatlar bo‘yicha esa 2023-yilda 267 nafar xodimlar jazolangan bo‘lsa, 2022-yilda 264 nafar “kursi egasi” javobgarlikka tortilgan.

Achinarli raqamlar

Bosh prokuratura e’lon qilgan ma’lumotlarga qaraganda, 2023-yilda mansab vakolatini suiiste’mol qilish va hokimiyat yoki mansab doirasidan chetga chiqish kabi jinoyatlarning soni kamaygan. Mansab soxtakorligi va mansabga sovuqqonlik bilan qarash jinoyatlari esa ko‘paygan. E’lon qilingan statistikaga ishonadigan bo‘lsak, 2023-yilda 2 103 nafar mansabdorlar tomonidan o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan o‘zganing mulkini talon-toroj qilish jinoyati sodir qilingan. Bu ko‘rsatkich 2022-yilda 2 205 nafarni tashkil qilgan. Shuningdek, 2022-yilda 169 nafar amaldor pora bilan qo‘lga tushgan bo‘lsa, 2023-yilda bu ko‘rsatkich yangilanib 195 nafarga yetgan. O‘z faoliyatini suiiste’mol qilish jinoyati bo‘yicha davlat budjetiga 1 milliard 546 million so‘m miqdorida zarar yetkazilgan bo‘lib, shundan 1 trillion 310 milliard so‘mi ya’ni 84,7 foizi undirilgan.

Sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri qo‘lga olinishi

O‘tgan yilning 18-dekabrdan sobiq vazir, hokim, “zam” hokim-u, soliqchilar qamoqqa olinayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Ular orasida eng ko‘p shov-shuvlarga sabab bo‘lgani sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitovning qo‘lga olinishi edi. Shu paytgacha Prezident hokimlarni ishdan olardi-yu, ammo vazir yoki “zam”lar faqat tanqid qilinardi. Vaziyat jiddiy shekilli ish sobiq qishloq xo‘jaligi vaziridan boshlandi. Voitov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi “O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj” va 205-moddasi “Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish” kabi jinoyatlarni qilganlikda gumonlanib qamoqqa olingandi. U DXX qamoqxonasida saqlanayotgani aytilgandi. Hozirda Voitovning taqdiri ne kechganini hech kim bilmaydi.

2023-yilda amaldorlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni sanasak, oxiri yo‘qdek. Umid qilamizki, 2024-yilda yangi tayinlanayotgan mansabdorlar uzatiladigan poralarni rad etib, ishonib topshirilgan mansabni suiiste’mol qilishmaydi. Yana kim bilsin bizni nimalar kutyapti ekan.

Теги :
Jamiyat