$
 12191.30
-29.68
 14464.98
-30.32
 158.51
0.13
weather
+26
Кечаси   +14°

Xorijdagi bayramga farzandi va jiyanlarini yuborgan mansabdorlar jazolandi

alvon

2025-yil iyun oyida Rossiyaning Sankt Peterburg shahrida o‘tkazilgan “Alыye parusa” (“Alvon yelkanlar”, u har yili o‘tkaziladi) nomli bitiruvchilar bayramiga Samarqand viloyatidan yoshlar iqtidoriga ko‘ra emas, balki tanish-bilishchilik asosida yuborilgan.

Rossiya tomonidan viloyat hokimligiga taklifnoma berilgan, hokimlik viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasiga yo‘naltirgan. Sakkiz o‘quvchi va ikki o‘qituvchi yuborilgan. Shundan ikki nafari — boshqarma boshlig‘ining yaqin qarindoshi, ya’ni farzandi va jiyani, yana ikki nafari boshqarma hisobchisi va metodistining farzandlari bo‘lib chiqdi, yana bir nafari boshqarma boshlig‘ining yaqin tanishining o‘g‘li ekani aniqlangan. O‘quvchilarning festivalga borib kelishi uchun mahalliy budjetdan 95 million so‘m mablag‘ ajratilgan.

Ularga qanday chora ko‘rildi?

6-fevral kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari Akmal Burxanov Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mansabdor shaxslari tomonidan qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yilgani, ushbu holat davlat xizmatchilarining odob-axloq qoidalariga zid ekanini ta’kidladi. Bu holatda farzandi, jiyani va yaqinlarini xorijga yuborgan mahalliy amaldorlardan 28 mln so‘m undirildi, degandi Burxanov.

Bugun esa Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati Samarqand viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Hamdamov ishdan olinganini ma’lum qildi.

Agentlik tomonidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga kiritilgan taqdimnoma asosida ushbu holat bo‘yicha ishchi guruhi xizmat tekshiruvi o‘tkazgan.

“Tekshiruvda viloyat boshqarma boshlig‘i va boshqarma mas’ullari “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi, “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunlar hamda Vazirlar Mahkamasining 595-sonli qarori bilan tasdiqlangan davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari talablariga zid xatti-harakatlar, bir qator qo‘pol xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani aniqlandi”, — deyiladi axborotda.

Intizomiy jazo choralari

Ma’lum qilinishicha, yuqoridagilardan kelib chiqib, qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish, kelgusida bunday holatlarning oldini olish maqsadida boshqarma boshlig‘i Muzaffar Hamdamov o‘z lavozimidan ozod etilgan. Shuningdek, boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari A.B., buxgalteriya hisobi va davlat xaridlari shu’basi yetakchi mutaxassisi O.M., pedagoglarning bilim va malakalarini baholashni tashkil etish shu’basi bosh metodisti O.M., o‘quvchilar bilimini baholash va tahlil qilish shu’basi boshlig‘i G. S., o‘quvchilar bilimini baholash va tahlil qilish shu’basi metodisti I.X.ga nisbatan intizomiy jazo choralarini qo‘llash bo‘yicha vazirlikka taklif kiritilgan.

“Bundan tashqari, agentlik taqdimnomasida ko‘rsatilgan holatlar vazirlikning odob-axloq komissiyasida muhokama qilinib, kelgusida davlat xizmatchilari bilan bog‘liq bu kabi salbiy holatlarning oldini olish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilab olingani ma’lum qilindi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat xizmatida manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini doimiy monitoring qiladi. Shu bilan birga, qonun ustuvorligi tamoyiliga qat’iy rioya etgan holda aniqlangan har qanday qonun buzilishiga nisbatan keskin va murosasiz choralar ko‘rilishini ta’minlaydi”, — deyiladi agentlik munosabatida.

Eslatib o‘tamiz, Muzaffar Hamdamov 2025-yil fevralidan buyon Samarqand viloyati MMTB boshlig‘i sifatida ishlab kelayotgandi. U 2019-yilda Paxtachi tumani hokimi lavozimida ham ishlagan.

Теги :
Jamiyat