$
 12076.18
20.37
 13995.09
-13.76
 169.47
0.41
weather
+26
Кечаси   +14°

Hibsxonalardagi apelsin va tovuq goʻshti taqiqi: Mahbuslarga joʻnatma berishdagi tushunarsiz qoidalar qachon o‘zgaradi?

Mahbuslar

O‘zbekistonda tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslarga jo‘natma berish qoidalarini qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilmoqda. Bu masala 18-may kuni Oliy Majlis Senatining majlisida muhokama qilindi. Senator Malika Qodirxonova tergov hibsxonasiga jo‘natma topshirishda ayrim mahsulotlarga ruxsat berilib, ularga o‘xshash boshqa mahsulotlar taqiqlangani holatini misol qilib keltirdi.

“Masalan, tergov hibsxonasiga jo‘natma topshirishda mandarin berishga ruxsat berilgan, biroq apelsin berish taqiqlangan. Vaholanki, bular o‘xshash mahsulotlar. Qo‘y va mol go‘shtidan tayyorlangan mahsulotlarga ruxsat berilgan, ammo tovuq go‘shtidan tayyorlangan mahsulotlarga qo‘yilgan cheklovlar aholi o‘rtasida juda ko‘p savollar uyg‘otmoqda”, — deya ta’kidladi u.

Diabetiklar bilan bog‘liq muammo

Uning so‘zlariga ko‘ra, fuqarolar qandli diabetga chalingan shaxslarning ovqatlanishi masalasida ham tushunmovchiliklar borligini aytishmoqda. Ba’zi hollarda tibbiyot xodimlari tovuq sho‘rvasini tavsiya qiladi, ammo jo‘natmalar orqali tovuq go‘shtidan tayyorlangan mahsulotlarni berish cheklangan.

Senator IIV vakillaridan tergov hibsxonasiga berish mumkin bo‘lgan mahsulotlarga talab va cheklovlar qaysi normativ-huquqiy hujjatlar asosida belgilangani, ro‘yxat va me’yorlar kim tomonidan tasdiqlangani, shuningdek, ularda xavfsizlik talablari, sanitariya va tibbiy normalar qay tarzda aks etgani haqida so‘radi.

“Balki endi bu cheklovlarni qayta ko‘rib chiqish, ularni zamonaviy sanitariya va tibbiyot talablariga muvofiqlashtirish vaqti kelgandir? Chunki fuqarolar o‘z murojaatlarida aynan shu masalani ko‘tarmoqda”, — dedi Qodirxonova.

IIV izohi

IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i Azizxon Umarxonov savolga javoban ko‘tarilgan mavzu haqiqatan ham tizim uchun, ayniqsa, tergov hibsxonalari faoliyati nuqtai nazaridan murakkab ekanini ta’kidladi.

“Siz mutlaqo to‘g‘ri aytdingiz: tushunmovchilik holatlari bor va har bir holatga alohida yondashuv talab etiladi. Har safar mavsumga qarab, shuningdek, mavsumiylikdan kelib chiqib, har bir mahsulot bo‘yicha alohida tushuntirish berishga to‘g‘ri kelmoqda”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda IIV tizimida 11 ta tergov hibsxonasi faoliyat yuritadi. Ularda qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan shaxslar saqlanadi.

“Bunday shaxslar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ularning huquq va erkinliklarini ta’minlash masalasi doimiy nazoratda, muntazam ravishda monitoring tekshiruvlari o‘tkazib turiladi”, — dedi Azizxon Umarxonov.

Amaldagi tartib

U amaldagi qonunchilikka ko‘ra, tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxs bir oyda ikki marta yo‘qlov va bitta posilka — jami 34 kg gacha oziq-ovqat mahsulotlari hamda boshqa zarur buyumlarni olishi mumkinligini ma’lum qildi.

Berish mumkin bo‘lgan mahsulotlar va boshqa buyumlar ro‘yxati 2011-yil 29-sentabrdagi “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi qonunning 18-moddasida nazarda tutilgan. Ro‘yxatning o‘zi esa IIVning 2012-yil 29-dekabrdagi buyrug‘i bilan tasdiqlangan Tergov hibsxonalarining ichki tartib-qoidalari 10-bobida belgilangan.

“Haqiqatan ham, yuqorida ta’kidlanganidek, tergov hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslarga oziq-ovqat mahsulotlarini berish masalasi bugungi kundagi og‘riqli masalalardan biridir”, — deb qayd etdi departament rahbari.

Uning ma’lumotlariga ko‘ra, birgina 2023-yilda maxsus kontingentga 436 mingdan ortiq yo‘qlov, 155 tonna posilka va 24 tonna banderol topshirilgan. Shu bilan birga, o‘tgan yili xodimlar sanitariya talablariga javob bermaydigan 57 tonnadan ortiq mahsulotni: yaroqlilik muddati o‘tgan, iste’mol qilinganda zaharlanishga olib kelishi mumkin bo‘lgan, shuningdek, o‘rami shikastlangan mahsulotlar va boshqa xavfli tovarlarni qaytarishga majbur bo‘lgan.

U tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslarga pishirishni talab qilmaydigan mahsulotlar qabul qilinishini ta’kidladi. Mahsulotlarning yaroqlilik muddati, shuningdek, ularni saqlash va tashishga oid gigiyenik talablar Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining 2023-yil 9-avgustdagi qarori bilan belgilangan.“Unga ko‘ra, mavsumdan kelib chiqib, muassasalarda yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish maqsadida uzoq muddat saqlashga mo‘ljallanmagan ayrim tez ayniydigan oziq-ovqat mahsulotlariga cheklovlar joriy etiladi”, — dedi departament boshlig‘i.

U misol tariqasida o‘tgan hafta yoz mavsumi va issiq havo yaqinlashayotgani sababli o‘z farmoyishi bilan cheklovlar joriy etilganini ma’lum qildi.

“Xususan, bularga qaynatilgan kolbasa, sosiskalar, ketchup, mayonez va shunga o‘xshash mahsulotlar kiradi”, — dedi u.

Bundan tashqari, Azizxon Umarxonovning so‘zlariga ko‘ra, muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning qarindoshlari posilka va yo‘qlovlar orqali taqiqlangan ashyo va buyumlarni o‘tkazishga urinishda davom etmoqda. O‘tgan yil davomida 40 dan ortiq shunday holat aniqlanib, belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan.

Shu bilan birga, IIV vakili amaldagi qoidalarni qayta ko‘rib chiqish zarurligiga qo‘shildi.

“Siz mutlaqo to‘g‘ri aytdingiz: tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarining maxsus kontingentiga oziq-ovqat mahsulotlarini berish masalasini xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajriba asosida qayta ko‘rib chiqish vaqti keldi”, — deya bayonot berdi u.

Azizxon Umarxonovning qo‘shimcha qilishicha, IIV manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda nafaqat mahsulotlarni topshirish, balki jazolarni ijro etishga doir barcha faoliyatni “tubdan transformatsiya qilish” bo‘yicha ham ishlarni boshlagan.

“Biz nafaqat bugun ko‘tarilayotgan masalani, balki boshqa masalalarni ham — o‘zimizning qoida va tartiblarimizni, boshqa huquqlarning ta’minlanishini ko‘rib chiqmoqdamiz. Jumladan, axborot texnologiyalari, sun’iy intellektni joriy etish va umuman, transformatsiya orqali tizimga barcha zamonaviy sharoitlarni tatbiq etish masalalari o‘rganilmoqda”, — dedi u.
Теги :
Jamiyat