$
 12208.08
32.74
 14116.20
52.46
 155.00
0.71
weather
+26
Кечаси   +14°

Magnit bo‘roni: Kosmik kemalardan tortib aloqa tizimlarigacha…

magnit bo‘roni

Meteoagent (Quyoshdagi geomagnit bo‘ronlarni kuzatib boruvchi dastur)ning prognozlariga qaraganda, mart oyining 20-21-kunlari, ya’ni kecha va bugun K-Indeks shkalasi bo‘yicha 5 ballik magnit bo‘roni sodir bo‘lmoqda. Indeksning 5 va undan baland ballari yuqori ko‘rsatkich deb baholanadi va aholiga ehtiyot choralari ko‘rish uchun ogohlatirish beriladi. Umuman olganda, kunlar isigan sari bu holat nisbatan ko‘paya boshlaydi. Bu esa odamlar orasida turli gaplar tarqalishiga olib keladi. Go‘yo ularda bo‘layotgan har qanday o‘zgarish sababi shu Quyoshdan kelayotgan ortiqcha quvvatdek. Haqiqatdan ham shundaymi va bu bo‘ronlar katta ta’sirga ega xavfmi?

Magnit bo‘roni o‘zi nima?

Magnit bo‘ronlari — bu odatda Quyosh faolligi ta’sirida Yer magnit maydonining keskin o‘zgarishi. Geomagnit bo‘ronlar Quyosh shamoli zarbali to‘lqini yoki magnit bulutining ta’siri natijasida hosil bo‘ladi va Yer magnitosferasidagi oqimlar, plazmalar va maydonlarda katta o‘zgarishlarga olib keladi. Eng katta geomagnit bo‘ronlari Quyoshdan muntazam ravishda otilib chiqib turadigan bir necha milliard tonna magnitlangan plazmaning ulkan bulutlari bilan bog‘liq. Ular odatda Yerga bir necha kunda yetib kelishi mumkin, lekin ayrim kuchli bo‘ronlarning 18 soat ichida yetib kelishi ham kuzatilgan. Magnit bo‘ronlari atamasi azaldan bor, ammo so‘nggi yillarda ko‘p diqqat markaziga chiqmoqda. Hatto ko‘p kasalliklarning qo‘zg‘alishi shu hodisa bilan bog‘lanyapti. Olimlarga ko‘ra, bundan 150 yil avvalgi magnit bo‘ronlari haqida ham qaydlar mavjud.

Kosmik kemalardan tortib aloqa tizimlarigacha...

Magnit bo‘ronlari bir vaqtda Yer yuzining yirik maydonlarida kuzatiladi va ko‘pchilik buni his qiladi. “National Geographic” nashrining yozishicha, o‘ta kuchli geomagnit bo‘ronlari millionlab insonlarni elektr chirog‘isiz, ichimlik suvisiz, issiqlik, kanalizatsiya, internet va telefon aloqasisiz qoldirishi mumkin. Keling, bu hodisaning inson salomatligidan avval boshqa narsalarga bo‘lgan ta’sirini ko‘rib chiqamiz.

1. Aloqadagi uzilishlar:

  - Radioaloqa: Magnit bo‘ronlar paytida ionosfera (Yer atmosferasi qatlami) qiziydi va buziladi. Bu subionosferani aks ettirishga tayanadigan uzoq masofali radio aloqasini qiyinlashtiradi va hatto ulanishni imkonsiz qiladi.

  - GPS degradatsiyasi: Umumbashariy joylashishni aniqlash tizimi (GPS) aloqalari geomagnit bo‘ronlar paytida magnit maydondagi tebranishlar tufayli yomonlashishi mumkin.

2. Sun’iy yo‘ldosh muammolari:

  - Sun’iy yo‘ldoshni boshqarish: magnit bo‘ronlari natijasida yuzaga kelgan ionosfera kengayishi sun’iy yo‘ldoshlarning tortishish kuchini oshirishi mumkin, bu esa ularning orbitalarini boshqarishni qiyinlashtiradi.

3. Elektr tarmoqlariga ta’siri:

  - Kuchlanishning ko‘tarilishi: kosmik oqimlar tomonidan yaratilgan magnit maydonning tez o‘zgarishi elektr tarmoqlarida kuchlanishning oshishiga olib kelishi mumkin.

4. Kosmonavtlar va yuqori balandlikdagi uchuvchilar:

  - Radiatsiya ta’siri: magnit bo‘ronlari paytida yuqori balandlikdagi kosmonavtlar va uchuvchilar uchun radiatsiya darajasini oshirishi mumkin. Biroq, bu xavf, birinchi navbatda, magnit maydonning o‘ziga emas, balki radiatsiya ta’siriga bog‘liq.

Inson salomatligiga ta’siri oddiy mifmidi?

Hodisaning inson salomatligiga ta’siri ham yo‘q emas. Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, asosan qon bosimi va surunkali xastaliklarga chalingan insonlarning salomatligiga ta’sirni sezishimiz mumkin. Ayniqsa, yurak-qon tomir, asab tizimi kasalliklari, qandli diabet va bronxial astma bilan og‘riyotgan bemorlar bu o‘zgarishlarni ko‘proq his etadi. Qandli diabet bilan og‘riyotgan kishilarning qonida qand miqdori ortadi. Magnit bo‘ronlari ta’sirida qon aylanishi o‘zgarishi asosiy ta’sir vositasi hisoblanadi. Chunki eritrotsitlar tarkibidagi temir moddasi magnitdan ta’sirlanadi. Quyosh chaqnashlari tufayli hosil bo‘lgan magnit maydoni gipertoniklarda qon bosimi oshishi, gipotoniklarda esa aksincha, qon bosimi pasayishiga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, bosh og‘rig‘i, holsizlik, jizzakilik, uyqusizlik, ko‘ngil aynishi, qusish, yurak muammolari, nafas qisilishi, qolaversa, turli allergik reaksiyalar kuzatilishi ehtimoli mavjud.

Shunday bo‘lsa-da, ba’zi olimlarning ta’kidlashicha, magnit bo‘ronlarining eng asosiy xavfi insonlar uchun emas. Hodisa odatda sog‘lom insonlarga deyarli ta’sir o‘tkazmaydi yoki sezdirmaydi. Asosan, yuqorida sanalgan holatlar bilan xastalangan shaxslar quyoshdagi kuchli portlashlardan aziyat chekishlari mumkin. Sog‘lom insonlarda magnit bo‘ronining ta’siri sezilishini avvalo psixologik holat deb baholashadi. Ular atrofdan, ayniqsa, OAVlardan turli ogohlantirishlarni qabul qilgani sari ruhiy jihatdan ta’sirlanganlik obraziga tushib qolishadi.

Sen o‘zingni asrasang…

Geomagnit bo‘ronlarining insonlarga ta’siri juda xavfli bo‘lmasa-da, ba’zan xastaligi borlarga turli darajada kasallikni orttirish holatlari bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, katta yoshlilar va surunkali kasallik bilan kurashayotganlar hodisadan ogohlantirilgan vaqtda dorilarini vaqtida qabul qilishlari va muntazam qon bosimini o‘lchatib turganlari maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bundan tashqari, to‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga rioya qilish zarur. Ya’ni hazmi og‘ir taomlardan tiyilish, yengil yeguliklar, xususan, qaynatilgan ovqatlar, ho‘l meva va sabzavotlar iste’mol qilish tavsiya etiladi. Kunlik taomnomada tuz miqdorini kamaytirish kerak. Chunki u qon bosimini oshiradi. Shu bilan birga, jismoniy mehnatni cheklash, aqliy zo‘riqishlardan tiyilish maqsadga muvofiq. Qolaversa, shu kunlari spirtli va energetik ichimliklardan mutlaqo voz kechgan ma’qul. Tez-tez iliq dush qabul qilish ham magnit bo‘ronining salbiy ta’sirini yengishga yordam beradi. Sog‘liqni saqlash vazirligi shu kabi choralar ko‘rishni tavsiya etadi.

 

Xulosa qilib aytganda, asosi gazlarga to‘la bo‘lgan Quyoshda sodir bo‘ladigan mayda geomagnetik quvvat ajralish holatlari nafaqat texnologiyalar va sayyoramizdagi ba’zi tabiiy hodisalar, balki inson hayotiga ham o‘zining ta’sirini o‘tkazmasdan qolmaydi. Biroq bu hech qanday qarshi harakat qilolmaslik yoki muqarrar ta’sir doirasida qolish degani emas, albatta. Bugungi kunda olimlar bo‘ronlarning Quyosh yuzasida vujudga kelishidan kamida 6 soat oldin aniqlash imkoniga ega. Bu bilan falakiyot ilmi mutaxassislari va meteorologlar alohida shug‘ullanib, turg‘un holatlardan doimiy xabardor bo‘lishadi va holat yuzasida avvaldan ogohlantirishadi. Tavsiyalar va tadbirlar o‘z vaqtida amalga oshirilsa, ortiqcha ta’sirlarsiz magnit bo‘ronidan o‘tib olinadi.