50 yoshli odamga bog‘chada gapiradigan, maktabda o‘rgatadigan narsalar bilan vazir shug‘ullanishi kerakmi? — Nazarbekov
AOKAda bo‘lib o‘tgan navbatdagi matbuot anjumanida Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov jurnalistlarning savollariga javob berdi.
3 daqiqa o‘qiladi

AOKAda bo‘lib o‘tgan navbatdagi matbuot anjumanida Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov jurnalistlarning savollariga javob berdi.
Madaniyat vazirligining vakolati
Anjumanda Ozodbek Nazarbekovga san’at vakillarining nomaqbul harakatlari kuzatilayotgani va bunga chora ko‘radigan tashkilot bor-yo‘qligi va ularni tiyib qo‘yish Madaniyat vazirligining vakolatiga kirish-kirmasligi haqida savol bilan odatda ko‘p marotaba berilaveradigan murojaat yana yo‘llangan. Bunga javoban vazir “Albatta, bu mavzu trenddan tushmaydi. Biroq, bir narsani yaxshi tushunishimiz kerakki, biz demokratik jamiyatda yashayapmiz. Madaniyat vazirligi har bir noto‘g‘ri gapirganda, qaytaradigan bog‘cha opa emas. Sizlar 40-50 yoshli odamlar haqida gapiryapsizlar. U odamlarga ma’naviyatdan, odobdan gapirishning o‘zi qanchalik mantiqli. 50 yosh odamga bog‘chada gapiradigan, maktabda o‘rgatadigan narsalar bilan vazir shug‘ullanishi kerakmi? Nima deb o‘ylaysiz? Uning hunari erkin jamiyatdagi normalarga to‘g‘ri keladimi yo‘qmi, shunga ham qarash kerak”, deya javob qaytargan.
Profilaktik harakatlar
Nazarbekov javobga qo‘shimcha sifatida, vazirlikning doimiy tavsiyaviy fe’l-atvordagi profilaktikasi mavjudligini ta’kidlar ekan, “Hech kim indamaydi, Madaniyat vazirligi o‘tiribdi, desanglar xato qilasizlar. Mana shunday xurmacha qiliqlar chiqishi bilan reaksiya bildiramiz. Holat sodir bo‘lishi bilan o‘sha odamning o‘zi bilan gaplashamiz, ogohlantirish beramiz. Internetda bo‘layotgan birorta voqea shunday o‘tib ketmaydi”, degan.
“Ma’naviyat tushunchasi ichki madaniyatga bog‘liq narsa”
Madaniyat vazirining aytishicha, ko‘p hollarda ikkinchi tomon vaziyatga liberal qarab, qandaydir chora ko‘rilishiga norozi bo‘ladi. “Ma’naviyat tushunchasi ichki madaniyatga bog‘liq narsa. Bu har bir insonning ichki madaniyatiga bog‘liq. Ma’naviyat chegarasini hamma har xil ko‘radi. Kimdir sizga yoqmayotgan hunarini ma’naviyat deb o‘ylayapti. Lekin buni aniq chegarasi ham yo‘q. Hammada bir xil chegara emas va u chegarani buzmaslik kerak. Har bir odamning ichki, insoniy madaniyatiga bog‘liq bo‘lgan juda ko‘p masalalar bor. Shunday bo‘lsa ham, Madaniyat vazirligi hech qachon tomoshabin bo‘lib turgani yo‘q”, deya vaziyatni tushuntirishga uringan vazir.
“Madaniyat va ma’rifat” telekanali to‘g‘risida
Shuningdek, vazirga O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tarkibiga kiruvchi “Madaniyat va ma’rifat” telekanalini Madaniyat vazirligi tarkibiga o‘tkazish belgilangani va ishning oxiri nima bilan yakunlangani so‘raldi. Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov muxbirining ushbu savoliga quyidagicha javob qaytaradi. “Bu yerda o‘ziga yarasha katta muammolar bor. Ya’ni, bu muammolar madaniyat vazirligining tasarrufiga o‘tkazishda bo‘lyapti. "Madaniyat va ma’rifat" telekanali sizlarga berildi, deyilishi ham mumkin. Mojaroda turibmiz, shu sababdan ham bu vaziyat bir tomonli bo‘lmayapti. U chastotani o‘zini olganimiz bilan hech narsa qila olmaymiz. Bizga telekanal to‘laqonli barcha imkoniyatlari bilan berilishi kerak. Bu ham katta masala, katta muammo. Shuning uchun bu hozirda jarayonda va oxiriga kelib qoldik. Natijaga yaqin qoldi".



