3,1 millardlik “Mirzachorbog‘” qachon tasdig‘ini topadi?
Restavratsiya uchun 3,1 milliard so‘m ajratilgan “Mirzachorbog‘” saroyi yana ijtimoiy tarmoqlarda e’tibor markazida. Madaniy meros agentliki munosabat bilan chiqdi.
2 daqiqa o‘qiladi

Ijtimoiy tarmoqlarda Karmana tumanidagi Mirzachorbog‘ saroyi madaniy meros obyektlari ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lsa-da, hali ham qarovsiz qolayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Holatga Madaniy meros agentligi rasmiy munosabat bilan chiqdi. Unda ta’kidlanishicha, vaziyat Madaniy meros agentligi Navoiy viloyat boshqarmasi tomonidan atroflicha o‘rganib chiqilgan.
Pudratchi bilan shartnoma tuzilgan
O‘rganish natijalariga ko‘ra, hozirgi kunda ushbu obyektda ta’mirlash-tiklash ishlari uchun ajratilgan mablag‘lar belgilangan tartibda moliyalashtirilib, Madaniy meros agentligi huzuridagi “Madaniy meros obyektlari restavratsiyasi” direksiya markazi hamda pudratchi tashkilot o‘rtasida shartnomalar tuzilib, ta’mirlash ishlari loyiha-smeta hujjatlari asosida amalga oshirilmoqda.
Qachon yakunlanadi?
Yodgorlikning murakkablik darajasi hamda uning ko‘lamini inobatga olgan holda mazkur obyektni topshirish ishlari 2025-yilning IV-choragiga rejalashtirilgan.
“Madaniy meros agentligi bu kabi holatlarga keng jamoatchilikning befarq emasligi hamda madaniy meros obyektlarini asrab-avaylashga o‘z hissalarini qo‘shayotganliklari uchun o‘z minnatdorchiligini izhor etadi”, — deyiladi munosabatda.
2021-yilgi loyiha
Madaniy meros obyekti ta’mirtalab ahvolga kelib qolganidan so‘ng 2020-yilda shu Madaniyat vazirligi tomonidan madaniy meros obyektlarni ta’mirlash-tiklash dasturiga kiritilgan edi. 2021-yilning avgustida rasmiylar ushbu obyekt restavratsiya uchun budjetdan 3,1 milliard so‘m ajratilganini ma’lum qilgandi.
Ma’lumot uchun, Buxoro amirlaridan biri Sayid Abdulahadxonning yozgi qarorgohi “Mirzachorbog‘” Navoiy viloyati Karmana tumani “Ko‘hnaqo‘rg‘on” MFY hududida joylashgan. Maskan Buxoro amiri Abdulahadxon tomonidan 1900–1905-yillarda barpo etilgan.



