$
 12012.12
32.29
 13935.26
30.27
 166.12
1.13
weather
+26
Кечаси   +14°

Yashash uchun eng qulay joy qayer? 2026-yilning eng farovon davlatlari ro‘yxati e’lon qilindi

HelloSafe tashkiloti o‘zining navbatdagi “Farovonlik indeksi – 2026” hisobotini taqdim etdi. Mazkur reytingda nafaqat iqtisodiyot hajmi, balki aholining turmush sifati, kambag‘allik darajasi, ijtimoiy tengsizlik hamda inson kapitalining rivojlanishi kabi muhim jihatlar ham baholangan.

Reytingning bosh sensatsiyasi Norvegiya bo‘ldi — ushbu mamlakat 77,46 ball bilan o‘z tarixida ilk bor jahonda birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi pog‘onadan Irlandiya (75,06 ball) joy olgan bo‘lsa, ko‘p yillik peshqadam Lyuksemburg 74,39 ball bilan uchinchi o‘ringa tushib ketdi.

Dunyoning eng farovon top-10 davlatlari

Reytingning yetakchi o‘nligi quyidagicha ko‘rinish oldi:

  • Norvegiya — 77,46 ball;
  • Irlandiya — 75,06 ball;
  • Lyuksemburg — 74,39 ball;
  • Shveysariya — 72,46 ball;
  • Islandiya — 72,23 ball;
  • Daniya — 65,78 ball;
  • Niderlandiya — 58,17 ball;
  • Belgiya — 54,83 ball;
  • Shvetsiya — 54,62 ball;
  • Germaniya — 50,41 ball.

Top-10 likning deyarli barchasini Yevropa mamlakatlari egallagani, ushbu qit’aning aholi farovonligi bo‘yicha yaqqol yetakchi ekanini yana bir bor isbotladi.

Nega AQSh hatto o‘nlikka ham kirmadi?

Amerika Qo‘shma Shtatlari 43,39 ball bilan bor-yo‘g‘i 17-o‘rinni egalladi. AQSh dunyoning eng yirik iqtisodiyotiga ega bo‘lishiga qaramay, mamlakatdagi mulkiy tengsizlikning yuqoriligi va aholining sezilarli qismi nisbiy qashshoqlik sharoitida yashayotgani uning reytingdagi pozitsiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

E’tiborlisi, AQSh nafaqat Norvegiya yoki Shveysariyadan, balki Avstriya, Finlandiya, Belgiya va Niderlandiyadan ham ortda qolgan.

Chexiya Fransiyadan o‘zib ketdi

Yana bir kutilmagan natija Chexiyaning 38,49 ball bilan 19-o‘rinni band etgani bo‘ldi. Bu mamlakat 38,12 ball to‘plab, 20-pog‘onaga joylashgan Fransiyani ortda qoldirishga muvaffaq bo‘ldi.

Ekspertlar buni Chexiyada qashshoqlik darajasining nihoyatda pastligi hamda daromadlar Yevropadagi boshqa mamlakatlarga nisbatan adolatli taqsimlangani bilan izohlamoqda.

Afrikaning eng farovon davlatlari

Afrika qit’asida 98,09 ball jamg‘argan Seyshel orollari yaqqol yetakchiga aylandi.

Mintaqaning top-5 ligi quyidagicha:

  • Seyshel orollari — 98,09 ball;
  • Mavrikiy — 77,09 ball;
  • Jazoir — 54,24 ball;
  • Gabon — 52,45 ball;
  • Misr — 52,17 ball.

Seyshel orollari aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad va inson kamoloti indekslari bo‘yicha qit’adagi eng rivojlangan davlat maqomini saqlab qolmoqda.

Lotin Amerikasida Urugvay peshqadam

Lotin Amerikasi mintaqasida ilk bor Urugvay 85,87 ball bilan marrani birinchi bo‘lib kesib o‘tdi.

Undan keyingi o‘rinlarni quyidagi davlatlar band etdi:

  • Urugvay — 85,87 ball;
  • Chili — 85,10 ball;
  • Panama — 77,19 ball;
  • Argentina — 66,13 ball;
  • Kosta-Rika — 62,95 ball.

Mintaqaning eng yirik iqtisodiyoti hisoblangan Braziliya esa bor-yo‘g‘i 33,94 ball bilan to‘qqizinchi o‘rinni egalladi.

Osiyoda Singapur va Qatar yetakchilik qilmoqda

Osiyo mamlakatlari orasida eng yuqori ko‘rsatkich Singapurga tegishli bo‘ldi — 66,43 ball. Ikkinchi o‘rinni egallagan Qatar jahon miqyosida ham kuchli 15 talikka kirdi.

Osiyoning peshqadam beshligi:

  • Singapur — 66,43 ball;
  • Qatar — 58,37 ball;
  • BAA — 50,22 ball;
  • Janubiy Koreya — 31,96 ball;
  • Yaponiya — 24,94 ball.

Qayd etish joizki, Qatar jahon reytingida 11-o‘rinni, BAA esa 13-o‘rinni band etgan.

Boylik endi yetakchilik kafolati emas

Reyting natijalari shuni ko‘rsatadiki, yuqori YIM (yalpi ichki mahsulot) endi farovonlikning bosh mezoni hisoblanmaydi. Bugungi kunda qudratli iqtisodiyotni yuqori turmush sifati, past kambag‘allik darajasi va adolatli daromad taqsimoti bilan uyg‘unlashtira olgan davlatlargina haqiqiy peshqadamga aylanmoqda.

Теги :
Jamiyat