$
 12198.28
-30.3
 14241.49
-41.49
 156.57
0.61
weather
+26
Кечаси   +14°

Yil oxirigacha ko‘p qavatli uylarning eskirgan liftlari almashtiriladi

Liftt

Toshkent shahrida 2025/2026-yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari doirasida muhim chora-tadbirlar rejalashtirildi. Shahar hokimligi tomonidan qabul qilingan yangi qarorga ko‘ra, bu yil muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlari hamda ko‘p kvartirali uy-joy fondining barqaror ishlashini ta’minlash uchun keng ko‘lamli ishlar amalga oshiriladi.

Yil oxirigacha 452 ta lift almashtiriladi

Qish mavsumida aholining asosiy ehtiyojlarini inobatga olgan holda, quyidagi muhim yo‘nalishlarda ish olib borilishi belgilangan:

— 2025-yil oxiriga qadar Toshkent shahridagi eskirgan 452 ta lift yangi, zamonaviy va xavfsiz modellarga almashtiriladi. Yangilanadigan liftlar OSTEN brendiga tegishli bo‘lib, ular “Texnopark”da ishlab chiqariladi.

— Ko‘p kvartirali uylarning isitish tizimlarini bosim ostida yuvish, toraytiruvchi moslamalarni o‘rnatish va profilaktik ta’mirlash ishlari belgilangan.

— Ijtimoiy soha obyektlari va muhandislik tarmoqlari kuz-qish mavsumiga tayyorlanadi, avariyaviy holatlarning oldini olish choralari ko‘riladi.

Liftlar qanday tanlanadi?

Toshkent shahridagi liftlarning 2042 tasida (22,4%) foydalanish muddati o'tgan. Barcha eskirgan liftlarni birdaniga yangilash imkoni yo‘qligi sababli, yangilash ishlari ustuvor mezonlar asosida amalga oshiriladi. Xususan, quyidagi shartlarga javob beruvchi liftlar birinchi navbatda yangilanadi:

25 yildan ortiq xizmat qilgan – Liftlar o‘z texnik muddatini o‘tab bo‘lgan va ularning ishlash samaradorligi pasaygan bo‘lsa, almashtiriladi.

Texnik talablarga javob bermaydigan – Normativ xavfsizlik talablariga javob bermaydigan, ishlash jarayonida uzilishlarga duch kelayotgan liftlar almashtiriladi.

Xavfsizlik darajasi past bo‘lgan – Foydalanish davomida nosozliklar ko‘p kuzatilgan, avariyaviy holatlar yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan liftlar yangilanadi.

Mahallalarda muammolarni tezkor hal qilish rejasi

Qarorga ko‘ra, bu yil qish mavsumida fuqarolarning murojaatlari tezkor ko‘rib chiqilishi va hal etilishi uchun har bir mahallada qabul tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Toshkent shahar ishchi guruhi hamda tuman hokimliklari mahalliy telekanallarda muntazam ravishda “ochiq muloqot” va brifinglar o‘tkazib, aholining savollariga javob beradi.

Shuningdek, har bir tumanda doimiy faoliyat yurituvchi shtablar tashkil qilinib, ularning vazifasi qish mavsumida yuzaga keladigan muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etish bo‘ladi.

Qor va muzga qarshi chora-tadbirlar

Shahar hokimiyati kirish yo‘laklari va piyodalar yo‘laklariga qum-tuz aralashmasi solingan maxsus idishlarni joylashtirishni rejalashtirmoqda. Ushbu xavfsizlik choralari 2025-yil 15-noyabrga qadar amalga oshirilishi belgilangan.

Tayyorlik muddati va nazorat tizimi

Hujjatda 2025-yil 1-sentyabrga qadar barcha tayyorgarlik ishlarini yakunlash va 1-oktabrgacha kuz-qish mavsumiga tayyorlik bo‘yicha jamoatchilik dalolatnomalarini rasmiylashtirish majburiyati belgilangan.

Mazkur qarorning ijrosi Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari B. Raxmonov zimmasiga yuklatilgan.

Теги :
Jamiyat