$
 11972.35
-17.65
 13852.01
-14.43
 147.52
-0.03
weather
+26
Кечаси   +14°

Qozog‘iston LGBTni butunlay taqiqlayapti. O‘zbekistonda vaziyat qanday?

LGBT

Qozog‘iston Majlisi ikkinchi o‘qishda LGBT targ‘ibotini taqiqlashga oid qonun loyihasini qabul qildi. Bu haqda mahalliy Tengrinews nashri xabar berdi.

“Noan’anaviy yo‘nalishni targ‘ib qilish” tushunchasi

Yangi qonunda “noan’anaviy yo‘nalishni targ‘ib qilish” iborasi rasman joriy etilib, ommaviy axborot vositalari, reklama, kino, ta’lim tizimi va onlayn platformalarda bu mazmundagi materiallarni tarqatish taqiqlanadi.

Qonunga kiritiladigan o‘zgartirishlar

Qonun loyihasi bola huquqlari, reklama, aloqa, madaniyat, ta’lim, kino, OAV va onlayn platformalarga doir jami to‘qqizta qonunga o‘zgartish kiritishni nazarda tutadi. Ushbu o‘zgarishlarga ko‘ra, mamlakat hududida LGBT mavzusidagi filmlar, reklama mahsulotlari va ijtimoiy tarmoqlardagi har qanday eslatmalar qonundan tashqari faoliyat sifatida baholanishi mumkin.

Jazolar haqida ma’lumotning yo‘qligi

Hozircha ushbu cheklovlarni buzganlarga nisbatan qanday jazo qo‘llanishi haqida ma’lumot berilmagan. Qonunning kuchga kirishi uchun u Senat tomonidan ma’qullanishi va prezident Qosim-Jomart To‘qayev tomonidan imzolanishi lozim.

Deputat fikri

Majlis deputati Yelnur Beysenbayev ta’kidlashicha, qonun LGBT hamjamiyatining o‘ziga qarshi emas, balki bu mavzudagi ma’lumotlarni jamoatchilikka tarqatishni cheklashga qaratilgan. Uning fikricha, bu tashabbus yoshlarning ma’naviy rivojiga va oilaviy qadriyatlarni himoya qilishga xizmat qiladi.

O‘zbekistonda qonunchilik qanday?

O‘zbekiston qonunchiligi doirasida LGBTni targ‘ib qilishga taqiqiga ishora qiluvchi ayrim javobgarliklar mavjud. Masalan:

– Axloqsiz reklama

O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi qonunida “axloqsiz reklama” atamasi qo‘llanilgan. Bu tushuncha shaxslarning jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeiga daxldor bo‘lgan haqoratli so‘zlar, tasvirlar hamda o‘xshatishlardan, haqorat qiluvchi tasvirlardan foydalanish orqali insoniylik va axloqning umumqabul qilingan normalarini buzuvchi, milliy yoki jahon madaniy boyligini tashkil etadigan san’at obyektlariga, tarixiy va arxitektura yodgorliklariga tajovuz qiluvchi, O‘zbekiston Respublikasining davlat ramzlarini (bayrog‘ini, gerbini, madhiyasini), milliy valyutasini tahqirlovchi reklama ma’nosida qo‘llanilgan.

Pornografik mahsulotlar tayyorlash

Shuningdek, MJtKning 189, JKning 130-moddalari pornografik mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish haqida bo‘lib, bu pornografiyaning istalgan turini o‘z ichiga oladi. Bu esa qonun bilan tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi.

 Besoqolbozlik

Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining 120-moddasi besoqolbozlik, ya’ni erkakning erkak bilan zo‘rlik ishlatmasdan jinsiy ehtiyojini qondirishi taqiqlanishi, javobgarlikka sabab bo‘lishini ifodalaydi.

Yuqoridagilar LGBTni targ‘ib qilish uchun turli darajada javobgarlikni nazarda tutishi mumkin bo‘lgan ayrim qonunlardagi asosiy moddalardir. Biroq, O‘zbekistonda LGBT va uning targ‘iboti uchun alohida yoki bevosita javobgarlik belgilanmagan.

Теги :
Jamiyat