$
 11985.10
12.75
 13923.09
71.08
 148.86
1.34
weather
+26
Кечаси   +14°

Qochoq “kuyov” va 240 ming dollarlik uy: Sudda nimalar ayon boʻldi?

SANJIK

Toshkentda boʻlajak kuyov aldov yoʻli bilan kelinning hovlisini sotib yuborgani, mazkur muammoga bloger Sanjar Karimovning (Real Sanjik)ham aloqasi borligi haqida maʼlumotlar tarqalgan edi. Poytaxt IIBB mazkur holat yuzasidan boʻlajak kuyovga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatib, qamoq ehtiyot chorasini qo‘lladi. Ish ayni kunda Jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tuman sudida koʻrib chiqilmoqda. 2025-yilning 14-noyabr kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi sud majlisida jabrlanuvchilar va guvohlar soʻzi tinglandi.

Jabrlanuvchining koʻrsatmasi

Sudda soʻz olgan jabrlanuvchi Jamila Olimboyeva Shahzod Rismatov ularni qanday aldaganini gapirib berdi.

2024-yilning yozida Shahzod menga ikki marta “predlojeniye” qildi. Keyin onasi uyimizga kelib, uydagilarim bilan kelishib, oq oʻrar qilishdi. 2024-yilning 15-sentyabr kuni toʻyimiz boʻlishi kerak edi. Koʻp oʻtmay Shahzod oʻzidan-oʻzi juda koʻp kayfiyatsiz yurishni boshladi. “Dumka”da oʻtirardi. “Nima boʻldi? Nima muammo?” deb soʻrasam, “Mening akaxonlarim, biznesga pul tikkan odamlar pul talab qilyapti. Qara, toʻyga bir oy qolganda”, dedi. Keyin men: “Mayli, beshta mashinangiz bor, soting bittasini. Nima muammo?”, dedim. “Jinnimisan? Men sota olmayman. Bunaqa qimmat mashinalarni faqat variantga berish mumkin”, deb aytgan. Toʻyimizga bir oy qolgan edi. Uyga kelganimda dadam “Qizim, qachon kelin koʻylak tanlashga borasizlar? Toʻyga ozgina qoldi. ZAGS’ga qachon ariza topshirasizlar? Buncha choʻzilib yuribsizlar?”, dedi. Men “Shahzod juda kayfiyatsiz yuribdi, menimcha, uylangisi ham kelmayapti”, deya voqeani so‘zlab berdi.

Qaynota va kuyov suhbati

Shundan so‘ng qizning dadasi bo‘lajak kuyovini chaqirgan va 2024-yil 6-avgust kuni soat 12:30–13:00 larda Shahzod ularning uyiga kelgan.

Dadam “Bolam, nima muammo boʻlyapti?”, deb soʻrasalar “Sal biznesda muammom boʻlib qoldi. Oʻzi 12 kunda, menga pul kelishi kerak. Lekin oʻsha pulning kelishi choʻzilib ketyapti. Ikkita-uchta odam pul talab qilyapti mendan. Bermasam boʻlmaydi. Toʻyni choʻzamiz”, dedi. Dadam esa “Bolam, biz hamma narsani tayyorlab qoʻyganmiz. Sharmanda boʻlamiz”, dedi. Shahzod esa “Yoʻq, xavotir olmang. Menga pul beradigan odam bor, Sanjar. Real Sanjik. Faqat uning bitta “pravilasi” bor ekan. Garovga nimadir qoʻyish kerak ekan. Biznes yoki mulk — uy”, deganda dadam uyingizni qoʻying unda dedi. “Yoʻq, men qoʻya olmayman. Onam bilib qolsalar, obroʻmni toʻkib tashlaydi, hammaga telefon qiladilar keyin. Kasha qilib tashlaydilar”, dedi. Keyin dadam: “Toʻgʻri, ayol kishilar uncha erkak kishilarning muammolarini tushunmaydi. Mayli, siz ham bizga oʻgʻildek boʻlib qoldingiz. Bizni uyni garovga qo‘ysak, aniq 12 kundan keyin qaytaradimi?”, dedi. “100 foiz 1000 foiz”, dedi. Dadam rozi boʻldi, deya bildirdi Jamila Olimboyeva.

“Kuplya-prodaja”

Jabrlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, 7-avgust kuni Shahzod unga qoʻngʻiroq qilib, Yakkasaroy tumanidagi 1-notarial idoraga chaqirgan.

Men, dadam, onam mashinaga oʻtirib, birga bordik. U yerda Shahzod va Shahzodning oʻrtogʻi Hasan bizni kutib olishdi. Orqa “stoyanka”da Shahzodning yana bir ogʻaynisi Bekzod mashinasida kutib turgandi. 25-30 minutlardan keyin Sanjar keldi. Salomlashdik, notariusning yoniga kirdik. Bizga qogʻoz berdi. Dadam qogʻozga qarasa “kuplya-prodaja”. Dadam va onam bir-biriga qarab, “Kuplya-prodaja” ekan”, dedi. Shahzod esa “qoʻyaveringlar”, dedi. “Nichevo, garovku”, dedi. “Xoʻp”, dedik. Imzo qoʻydik va tashqariga chiqdik. Karimov Sanjar ota-onamning yoniga kelib, “Kelinoyi, amaki, xavotir olmanglar. Bu faqat garov. Boshqa hech nima emas. Prosta menda shunaqa pravila. Radi svoyey bezopasnosti”, — dedi. Shundan soʻng men, dadam va onam oʻng tomonga ketdik. Shahzod, Hasan, Bekzod va Sanjar garovga qoʻyilgan uy uchun pul olish maqsadida Sanjarning ofisiga ketishdi, deydi uy oldi-sotdisi amalga oshirilgan kun haqida gapirgan boʻlajak kelin.

Jamila Olimboyeva boʻlajak kuyov Shahzod Rismatov ularning uyini garovga qoʻyib, bloger Sanjar Karimovdan 150 ming dollar, keyin ikkita mashinasini ham garovga qoʻyib, yana 70 ming dollar olganini aytmoqda.

Shahzod menga telefon qilib, garovga qoʻyilgan uy uchun 150 ming dollar olganini, keyin 2 ta BMWsini ham garovga qoʻyib, yana 70 ming dollarni 90 ming qilib qaytarish sharti bilan olganini aytdi. Soʻngra ogʻaynilari minib borgan mashinalarni Sanjar Karimovga qoldirib ketgan. Pullarni esa qarzi boʻlgan Ibrohim degan bolaga bergan. Shahzod undan qarz boʻlgan ekan, deya ko‘rsatuv berdi jabrlanuvchi.

Qochoq kuyov

Jamila Olimboyeva Shahzod Rismatov 2024-yil 16-avgust kuni Oʻzbekistondan qochib chiqib ketganini maʼlum qildi.

Oʻsha kuni juma edi. Shahzodga telefon qilsam oʻchiq ekan. “ZAGS”ga borishimiz kerak edi. Keyin Hasan telefon qilib, “Jamila opa, menimcha Shahzod aka qochdilar”, dedi. “Qayoqqa qochadi?” dedim. Telefon qilsam yana oʻchiq. “Malika”da ishlaydigan ikkita bola telefon qildi. Qani Shahzod? deyapti. Bilmayman deyapman. Qayerdan bilmaysan? Kak tak?, deyapti. Ikki-uch soatdan keyin bitta yoshi kattaroq kishi telefon qilib, “Qani Shahzod?”, deyapti. “Men bilmayman, toʻgʻrisi bilmayman”, desam, “Qayerdan bilmaysan? Sizlar birsizlar, bir oydan keyin toʻy, nimani bilmaysan sen?” degan menga. Ertalabgacha telefonlar boʻlgan. Keyin Shahzodning oilalari ham telefon qilib, “Oʻgʻlim qayerda?” degan. Ular ham bilmay qolgan ekan, deydi u.

Jabrlanuvchi qochoq kuyov 18-avgust yakshanba kuni unga aloqaga chiqib, tezda qaytishini, ish bilan viloyatga chiqib ketganini aytganini bildirdi.

Sanjar suvdan quruq chiqmoqchi

Keyin ancha vaqt oʻtdi. Opam va dadam Shahzodning uyiga borishgan. Uning onasi bilan gaplashishgan. Shundan soʻng Shahzod menga telefon qilib, “Sizlar meni ‘aferist’ deb oʻylayotgan boʻlsanglar, unda birinchi boʻlib piramidani sizlarning uyinglardan boshlayman. Qayoqqa xohlasang yoz. ‘Chyort’, deb telefonni oʻchirdi va yozishmalarni ham oʻchirib yuborgan. “Golosovoy”lar bor, skrinshotlar bor. Oʻzi 44 ta skrinshot, lekin nimagadir “delo”da bitta skrinshot turibdi. Sanjar Amerikadan uchib keldi. Yozdik, aloqaga chiqmadi. Rosa yalindik, “Aloqaga chiqing, iltimos”, deb. Keyin Sanjar Karimovning bizni ham taniydigan bir tanishi orqali men, opacham va onam uning ofisiga bordik. Bu “krutoy” kishiga telefon bilan kirish mumkin emas ekan. Xuddi sudga kirishdan oldin telefon olib qoʻyishadi-ku, u ham xuddi shunaqa, telefonlarni yigʻib olib, keyin kiritdi. Uyni qachon boʻshatasizlar dedi. Onam axir bu garovku dedi. Sanjar Karimov esa “Bu mening muammoyim emas, Shahzod uyni qaytarmasligini aytdi”, dedi, deydi Jamila Olimboyeva.

Jabrlanuvchi sudga bu holat boʻyicha Yakkasaroy tuman IIBga murojaat qilganliklarini, notarius xonasidagi kamera yozuvlarini ochishni soʻraganliklari, biroq IIB masʼullari ularning murojaatchini eʼtiborsiz qoldirganini aytmoqda.

Sanjar Karimov koʻp oʻtmay uyni amakisinimi, ammasinimi oʻgʻlining nomiga oʻtkazib bergan. Nimaga? Suvdan quruq chiqish uchun, bu oʻyindan chiqib ketish uchun, — deydi jabrlanuvchi.

Jamila Olimboyeva shuningdek, ularning uyini garovga qoʻyish bahonasida oldi-sotdi ishlarni rasmiylashtirgan notarius 2021-yilda hujjatlarni qalbakilashtirish boʻyicha jinoiy javobgarlikka tortilganini, sud bunga eʼtibor qaratishi lozimligini taʼkidladi.

Sanjar Karimov koʻrsatmasi

Bloger Sanjar Karimov ham sudda koʻrsatma berdi. U Jamila Olimboyeva hamda uning oila-aʼzolari uyni 240 ming dollarga sotganini, pulni notarius oldida ularga berganini aytmoqda.

2024-yilning 6-avgust kuni Rismatov Shahzod menga qoʻngʻiroq qilib, “Oka, besh sotixli uy bor, shuni sotmoqchimiz, bizga yordam qiling. Yaqinlarimning uyi”, degan. Men 240 ming dollar taklif qilganman. Sotsang shu boshqa qoʻsholmayman deganman. 7-avgust kuni yana telefon qilib, “Oka, rozi boʻlishdi. Bu narxga berishga tayyor. Notariusda koʻrishamiz”, degan. Notariusda xonadon egalari bilan tanishdim. U yerda papkamdagi 265 ming dollar pulning 25 ming dollarini olib qolib, 240 ming dollarni uy egalariga berdim, — dedi Sanjar Karimov.

Guvoh koʻrsatmalarini davom ettirar ekan, xonadon egalari notariusda shartnoma oldi-sotdi ekanini bilganini, shartnoma shartlarini oʻqib chiqqanini aytmoqda.

Shartnomada “Ariza matnini notarius huzurida oʻqib chiqdim. Mening asl xohish va talabimga mos keldi”, degan joyi bor. Undan tashqari notariusda “Hujjatni imzolagan shaxslarning shaxsi aniqlandi, muomalaga layoqatliligi tekshirildi va shaxsiy muloqot davomida uning muomalaga layoqatliligiga shubha tugʻilmadi”, deyilgan jumla ham bor. Shundan soʻng otasi ham hujjatni oʻrganib, oʻqib chiqdi. Hurmatli sudya, eʼtibor bering, oʻzlari qoʻl qoʻygan, oʻzlari oʻqib chiqqan va ism-sharifini yozishgan. Bu narsa “delo”da bor. Tergov paytida ham barcha hujjatlarni taqdim qilganman, dedi Sanjar Karimov.

Guvoh Sanjar Karimov notariusda hujjatlar rasmiylashtirilayotganda Jamila Olimboyevaning onasi ism-familiyasi kichik harf bilan yozilish holati borligiga eʼtiroz bildirib, oʻzining oʻqituvchi ekanini, “Shu sabab bunga eʼtibor berganini aytdi. Mana shu holat ham ularning shartnomadan toʻliq xabardor boʻlganini anglatadi”, dedi u.

“2024-yilning 16-sentyabr kuni Jamila Olimboyevaning dadasi Muhammadali Olimboyev xonadonimga Qurʼon kitobni koʻtarib, oʻzlari keldi. “Iltimos oʻgʻlim, qizimni hovlidan turmushga beraylik, “dom”dan uzatmaylik”, dedi. Men u kishiga uyni boshqa birovga sotganimni aytdim. Muhammadamin Olimboyev “Uyni qarindoshingizga sotibsizku, unda menga maʼlum bir vaqt bering”, dedi. Shunda guvohlar ishtirokida u kishidan tilxat oldim. Tilxatda ular uyni 7-avgust kuni sotganini, 10-noyabrgacha uydan chiqib ketishga tayyorligini, shu vaqtgacha chiqib ketmasa uyni egasi istagan narxda qayta sotib olishga kafolat berishini aytib, tilxat yozib berdi”, deydi guvoh sudyaga mazkur tilxatni berar ekan.

Jabrlanuvchilar — Jamila Olimboyeva hamda uning onasi bugungi sud majlisiga Muhammadamin Olimboyev sogʻligʻidagi muammo borligi sabab kelolmaganini, ushbu tilxat qay tartibga yozilganiga keyingi sud majlisida aniqlik kiritishni iltimos qildi.

Ayblanuvchi nima deydi?

Sudda ayblanuvchi Shahzod Rismatov jabrlanuvchilar va guvohlar bilan yuzlashtirilar ekan u jabrlanuvchilar yolgʻon gapirayotganini, aslida uyni oʻzlari sotganini, u uy sotilishi uchun koʻmaklashganini, bundan manfaatdor boʻlmaganini aytdi. Guvoh Sanjar Karimovning gaplarini esa toʻliq tasdiqlashini bildirdi.

Shuningdek, sudda sudlanuvchi Shahzod Karimovdan jabrlangan yana bir fuqaro soʻroq qilindi. Jabrlanuvchi sudlanuvchi Shahzod Rismatovdan boshlangʻich 50 ming dollar bilan 117 ming dollarga inomarka sotib olganini, boshlangʻich toʻlovdan tashqari unga yana pul toʻlaganini, sudlanuvchida jami 77 ming 700 dollar puli borligini, ammo mashinadan ayrilib qolganini gapirib berdi. Sudlanuvchi uning gaplarini tasdiqlab, “kelishib olamiz”, dedi bunga javoban.

Sud 2025-yilning 20-noyabr kuniga qadar tanaffus eʼlon qildi.

Теги :
Jamiyat