$
 12132.48
-5.38
 14360.00
-19.72
 159.09
0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

Ayollar kreditni vaqtida to‘lashda erkaklarga nisbatan intizomliroq

Kredit

Kredit olish oson, lekin uni hamma ham o‘z vaqtida qaytarmaydi. Markaziy bank Statistika va tadqiqotlar departamenti 2025-yil 1-dekabr holatiga jismoniy shaxslarning kredit portfeli o‘rganib, kreditni kechiktirib to‘lashga nima sabab bo‘layotgani tahlil qildi. Natijalar ayrim stereotiplarni inkor qildi.

Xo‘sh, kimlar kreditni vaqtida qaytarmaydi? Qaysi kreditlar ko‘proq kechiktiriladi?

Ayollar intizomliroq, yoshlar xavfliroq

Tahlillar ayollar kreditni erkaklarga qaraganda o‘z vaqtida qaytarishini ko‘rsatdi. Ya’ni, ayollarda kechiktirish ehtimoli pastroq. Shuningdek, yosh omili ham muhim. 18–30 yoshdagilar orasida kreditni kechiktirish ko‘proq uchraydi, yoshi oshgan sari esa to‘lov intizomi yaxshilanadi.

Daromad va foiz stavkasi ta’siri

Daromad oshgan sari kreditni vaqtida qaytarish darajasi yaxshilanadi. Biroq foiz stavkasi oshgan sayin kechiktirish ehtimoli ham oshgan. Qimmat kredit odamni to‘lovni cho‘zishga undaydi. Kredit miqdori katta bo‘lsa, uni kechiktirib to‘lash ehtimoli ham yuqoriroq bo‘lishi aniqlandi. Foiz stavkalari ham muhim omil bo‘lib chiqdi. Foiz yuqori bo‘lsa, kechiktirish darajasi ham oshgan. Kredit muddati bo‘yicha ham qiziq natija chiqdi. 3 yilgacha bo‘lgan kreditlarda kechiktirish eng yuqori — 19,8 foizni tashkil qilgan. 3 yildan ortiq kreditlarda esa kechiktirish darajasi kamaygan.

Onlayn kreditlar xavfliroq

Onlayn olingan kreditlarda kechiktirish oflayn kreditlarga qaraganda yuqoriroq bo‘lgan. Bu esa internet orqali tez rasmiylashtiriladigan kreditlar xavfliroq ekanini ko‘rsatadi. Shuningdek, bir odamda kredit shartnomalari soni qancha ko‘p bo‘lsa, to‘lov intizomi shuncha yomonlashgan. Qo‘shma qarz oluvchisi bor kreditlarda esa kechiktirish darajasi pastroq.

Eng ko‘p kechiktirilgan kreditlar

Kredit ta’minoti bo‘yicha ham farq bor. Eng yuqori kechiktirish mulk huquqi bilan ta’minlangan kreditlarda kuzatilgan: erkaklarda 32,8%, ayollarda 25%. Sug‘urta bilan ta’minlangan kreditlarda ham kechikish yuqori — 21,3% va 20%. Qizig‘i qo‘shma qarz oluvchisi bor kreditlarda kechikish kamroq bo‘lgan.

Logit modeli orqali o‘tkazilgan hisob-kitoblar ayollar va yoshi kattaroq qarz oluvchilarda kechiktirish ehtimoli pastroq ekanligini ko‘rsatdi. Daromad oshgan sari xavf kamayadi, kredit miqdori oshgan sari esa ortadi. Onlayn kreditlarda xavf yuqoriroq. 

Banklarga qanday taklif berildi?

Tadqiqot mualliflari banklarga bir nechta takliflar berdi. Ayollar va erkaklar uchun risk yondashuvini alohida ko‘rib chiqish, 18–30 yoshdagi mijozlarga yuqoriroq risk qo‘llash imkonini o‘rganish tavsiya etildi. Onlayn kreditlarga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirish ham taklif qilindi.

Bundan tashqari, mijozlarga jins va yoshiga qarab turli uslubdagi ogohlantiruvchi xabarlar yuborish taklif qilindi. Masalan, “Kreditni kechiktirish kredit tarixingizga salbiy ta’sir qiladi” yoki “Kreditni vaqtida to‘lash kelajakda yangi kredit olishni osonlashtiradi” kabi xabarlar sinovdan o‘tkazilishi mumkin.

Shuningdek, kredit olishdan oldin mijozlarga shartlar va oqibatlar haqida batafsil tushuntirish, hatto maxsus videoroliklar tayyorlash ham tavsiya etildi.

Теги :
Jamiyat