Banklarda muammoli kreditlar hajmi ortmoqda
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil noyabr oyida banklarning kredit portfeli 4,86 trillion so‘mga ko‘payib, uning jami qoldig‘i 525,9 trillion so‘mga yetgan.
1 daqiqa o‘qiladi

Davlat banklarida faqatgina Agrobankda (—548,9 mlrd. so‘m) kredit qoldig‘i kamaygan. Qolgan davlat banklarining barchasida kreditlar qoldig‘i ortishi hisobiga davlat banklari kredit portfeli 1,9 trillion so‘mga ortgan.
Xususiy banklardachi?
Xususiy va boshqa banklarning jami kredit portfeli esa 2 trillion 927 milliard so‘mga oshgan. Boshqa banklar orasida jami 6 ta bankda kredit qoldig‘i kamaygan.
Kredit portfelida eng katta pasayish Ipoteka bank (—143 mlrd. so‘m)da kuzatilgan.
Muammoli kreditlar koʻpaymoqda
Muammoli kreditlar (NPL) qoldig‘i bank tizimi bo‘yicha oy davomida 433 milliard so‘mga ko‘paygan va 22,4 trillion so‘mdan oshgan. NPL qoldig‘i davlat banklarida 21 milliard so‘mga ko‘paygan bo‘lsa, boshqa banklarda o‘sish 412 milliard so‘mga teng bo‘lgan. Kredit portfelidagi NPL ulushi 4,27 foizni tashkil qilgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, oktyabr oyida muammoli kreditlar qariyb 500 milliard so‘mga ortgan.



