$
 11937.89
-10.69
 13769.16
-24.28
 141.76
-2.53
weather
+26
Кечаси   +14°

Janubiy Koreya Shimoliy Koreyaga jiddiy taklif bilan chiqdi

Janubiy Koreya va KXDR

Janubiy Koreya prezidenti Li Chje Myon Shimoliy Koreya rahbariyatiga ikki tomonlama urush holatiga chek qo‘yish hamda Pxyenyanning yadroviy dasturini rivojlantirishdan voz kechish masalalarini muhokama qilish uchun bevosita muzokaralar stoliga o‘tirishni taklif qildi.

Mamlakat rahbari ushbu xalqaro ahamiyatga molik tashabbusni 15-avgust kuni o‘tkazilgan Koreyaning Yaponiya mustamlakachilik zulmidan ozod etilganining 81 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tantanali marosimdagi nutqida ilgari surdi.

Seul rahbari o‘z nutqida har ikki tomonni bir-biriga nisbatan tahdidli harakatlarni to‘xtatishga hamda ushbu mojaroda bevosita ishtirok etayotgan asosiy kuchlar sifatida muzokaralar jarayonini zudlik bilan boshlashga chaqirdi. Prezidentning ta’kidlashicha, muloqotning yo‘lga qo‘yilishi Shimoliy Koreyaning yadroviy arsenalini yanada kengaytirish va takomillashtirishning oldini oluvchi samarli yechimlarni topishda muhim omil bo‘ladi.

Harbiy keskinlikni pasaytirish tashabbusi

Siyosatning ustuvor yo‘nalishi sifatida Li Chje Myon ko‘p yillardan buyon amal qilib kelayotgan va samarasiz bo‘lib qolgan beqaror sulh bitimi o‘rniga to‘liq tinchlik rejimini o‘rnatish niyati borligini ma’lum qildi. Bundan tashqari, u ikki davlat o‘rtasidagi harbiy keskinlik darajasini bosqichma-bosqich pasaytiruvchi, o‘zaro qarama-qarshiliklarni nazoratda ushlab turuvchi hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy inqirozlarning oldini oluvchi ko‘p qatlamli xavfsizlik tizimini barpo etishni taklif etdi. Janubiy Koreya rahbari o‘z so‘zida Shimoliy va Janubiy Koreya o‘zaro tinch-totuv yashash hamda birgalikda rivojlanish sari qadam tashlab, ushbu maqsadlarga erishish uchun muzokaralar stoliga o‘tirishiga umid bildirishini alohida ta’kidladi.

Pxenyanning munosabati

Shunga qaramay, Koreya yarimorolidagi siyosiy vaziyat va ikki tomolama munosabatlar o‘ta tarangligicha qolmoqda. Avvalroq Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Janubiy Koreya bilan tinch yo‘l bilan birlashish siyosatidan rasman voz kechganini e’lon qilib, Seulni o‘zining eng birinchi raqamli dushman davlati deb atagan edi.

Pxenyan rasmiylari Li Chje Myon tomonidan ilgari surilgan muloqotni qayta tiklashga qaratilgan takliflarni qat’iyan rad etdi. Shu bilan birga, Pxenyan Seulning yadroviy suv osti kemalarini barpo etish bo‘yicha rejalarini keskin qoralab, Amerika Qo‘shma Shtatlari hamda Janubiy Koreya o‘rtasida o‘tkazilayotgan qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri provokatsiya deb baholadi.

Tarixiy nuqtai nazardan, Janubiy va Shimoliy Koreya hozirgi kunda ham rasman urush holatida hisoblanadi. 1950–1953-yillarda bo‘lib o‘tgan shiddatli Koreya urushi tomonlar o‘rtasida faqatgina vaqtinchalik sulh bitimi tuzilishi bilan to‘xtatilgan bo‘lib, hozirgacha ikki mamlakat o‘rtasida uzil-kesil tinchlik shartnomasi imzolanmagan.

Теги :
Jamiyat