$
 12212.79
43.38
 14411.09
51.19
 159.52
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

“Jim turish mumkin emas”: Sog‘liqni saqlash vaziri tizimdagi korrupsiya haqida xabar berishga chaqirdi

Sog‘liqni saqlash tizimida jiddiy ogohlantirish yangradi. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov tibbiyot xodimlari va fuqarolarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilib, korrupsiya holatlariga guvoh bo‘lganda chetda turmaslikka chaqirdi.

Gap navbatdagi rasmiy kampaniya haqida ketayotgani yo‘q. Vazirlik tizimda muammolar saqlanib qolayotganini va jamiyat ishtirokisiz vaziyatni tubdan o‘zgartirish qiyinligini amalda tan olmoqda.

1203 — korrupsiyaga qarshi ishonch telefoni

Vazirlik korrupsiyaga qarshi kurashishning yaxlit mexanizmlari ishga tushirilganini ma’lum qildi. Ular qatorida xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash hamda byudjet mablag‘larining sarflanishini nazorat qilish uchun tashkil etilgan “Vaziyatlar markazi” ham bor. Shuningdek, 1203 qisqa raqami orqali tunu kun xizmat ko‘rsatuvchi aloqa markazi (call-center) faoliyat yuritmoqda.

Bundan tashqari, tizimga “sirli mijoz” instituti joriy etildi, DMED tizimi esa aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishda korrupsion omillarni minimallashtirishi kutilmoqda.

Endilikda har bir fuqaro qonunbuzarliklar haqida “ishonch telefoni” yoki info@ssv.uz elektron pochtasi orqali xabar berishi mumkin. Vazirlik murojaatlarning maxfiyligi (konfidensialligi) kafolatlanishini alohida ta’kidlamoqda.

Jinoyatlar kamaygan, ammo bu yetarlimi?

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ko‘rilgan choralar natijasida sog‘liqni saqlash sohasidagi korrupsion jinoyatlar darajasi o‘tgan yilga nisbatan 5,6 foizga kamaygan.

Shunga qaramay, vazirlik erishilgan natijalar yetarli emasligini ochiq tan olgan. Kurash tizimli xarakterga ega bo‘lishi lozim, uning samaradorligi esa ko‘p jihatdan fuqarolarning faolligiga bog‘liq.

Tibbiyot oliygohlarida korrupsiyaga qarshi maxsus kurs

Toshkent davlat tibbiyot universiteti va boshqa sohaviy ta’lim muassasalarida “Tibbiyotda korrupsiya profilaktikasi” maxsus fani joriy etildi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgacha 2 700 nafar bakalavr, 870 nafar magistrant, 1 856 nafar shifokor va 13 804 nafar o‘rta tibbiyot xodimi tegishli o‘quv kurslaridan o‘tgan. Hukumat korrupsiyaga qarshi murosasiz madaniyatni mutaxassislarni tayyorlash bosqichidanoq shakllantirishni maqsad qilgan.

Bilsangiz — xabar bering

Vazir o‘z murojaatida markaziy apparat, hududiy boshqarmalar va tizim tashkilotlari xodimlari jamoatchilik nazoratidan chetda qolmasligi kerakligini uqtirdi.

Bayonotda aytilishicha, har bir murojaat tezkorlik bilan o‘rganib chiqiladi va aniqlangan holatlar bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi.

Теги :
Jamiyat