$
 11857.35
-33.83
 13746.23
-7.11
 139.32
-2.51
weather
+26
Кечаси   +14°

70 foiz kam mehnat, 52 foiz yuqori hosildorlik: Koreya texnologiyasi O‘zbekistonda yuqori natija ko‘rsatdi

koreya

Janubiy Koreya qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini xorijda sinab, bir qator sezilarli natijalarga erishdi. O‘zbekistonda koreys texnologiyasi bilan qoramol embrionlarini ko‘chirishda homiladorlik ko‘rsatkichi 50 foizni tashkil etdi, guruch ekishda esa mehnat sarfi 70 foizga kamayib, hosildorlik 52 foizga oshdi. Mo‘g‘uliston 2025-yilda ilk bor o‘z hududida guruch yetishtirishga muvaffaq bo‘ldi. Afrikaning yetti davlatida esa bir gektardan olinadigan guruch hosili 2,2 tonnadan 4,6 tonnagacha ko‘paydi. Janubiy Koreyaning Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish boshqarmasi — RDA bu tajribalarni boshqa davlatlarda ham kengaytirishni rejalashtirmoqda.

O‘zbekistonda koreys qoramol embrionlari 50 foizlik natija ko‘rsatdi

Janubiy Koreya O‘zbekistonda nafaqat dehqonchilik, balki chorvachilik bo‘yicha ham o‘z texnologiyalarini sinab ko‘rmoqda. Sut yo‘nalishidagi qoramollarga Koreyada olingan embrionlar ko‘chirilganda homiladorlik ko‘rsatkichi 50 foizni tashkil etdi. Ya’ni embrion ko‘chirilgan har ikki holatdan birida homiladorlik kuzatilgan. Bu avval qo‘llangan import embrionlaridagi natijadan 20 foiz yuqori.

Bu natijadan keyin O‘zbekiston va Janubiy Koreya chorvachilik sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga kelishdi. Tomonlar chorva mollarini sun’iy urug‘lantirish bo‘yicha tajriba almashish uchun memorandum imzoladi. May oyida Toshkentda o‘tkazilgan uchrashuvda RDA rahbari Li Seung Don va O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ishtirok etdi.

Hamkorlik faqat qoramol embrionlari bilan cheklanmaydi. Veterinariya dori vositalarini O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini soddalashtirish ham ko‘zda tutilgan. Bu Koreya kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga kirishini osonlashtirishi mumkin.

Guruch yetishtirishda ham koreys usuli sinab ko‘rildi. Ko‘chatlarni qo‘lda emas, texnika yordamida ekish mehnat sarfini 70 foizga kamaytirdi. Shu bilan birga, hosildorlik 52 foizga oshdi. Endi 2027-yilgacha O‘zbekistonda 200 gektarlik urug‘ yetishtirish majmuasini tashkil etish rejalashtirilgan.

Mo‘g‘uliston 2025-yilda ilk bor o‘z guruchini yetishtirdi

Mo‘g‘ulistonning iqlimi guruch yetishtirish uchun ancha murakkab. Vegetatsiya davri qisqa va havo tez sovib ketadi. Shu sabab mamlakat iste’mol qiladigan guruchni deyarli to‘liq xorijdan olib kelgan. Mo‘g‘ulistonda yiliga qariyb 50 ming tonna guruch iste’mol qilinadi.

2025-yilda vaziyat o‘zgardi. RDAning xalqaro qishloq xo‘jaligi dasturi doirasida Mo‘g‘ulistonda guruch yetishtirish tajribasi muvaffaqiyatli yakunlandi. Buning uchun Koreyada yaratilgan erta pishadigan “Jinbuolbyeo” guruch navi tanlandi.

Koreyalik mutaxassislar ekish usulini ham Mo‘g‘uliston iqlimiga moslashtirdi. Ko‘chatlar 40 kun davomida tayyorlandi va hosil sovuq tushib qolmasidan, sentyabr oyining boshida yig‘ib olindi. Xovd viloyatining Bulgan tumanidagi tajriba maydonida har 1 000 kvadrat metrdan qariyb 310 kilogramm guruch olindi.

Bu natija Mo‘g‘ulistonning qattiq iqlimida ham guruch yetishtirish mumkinligini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, Koreya uchun yangi bozor ham paydo bo‘lishi mumkin. Guruch yetishtirish kengaysa, mamlakatga Koreyaning sug‘orish tizimlari, guruchni qayta ishlash uskunalari, o‘g‘itlari va urug‘larini yetkazib berish imkoniyati oshadi.

Afrikada bir gektardan olinadigan guruch 2,2 tonnadan 4,6 tonnaga oshdi

Janubiy Koreyaning yirik loyihalaridan yana biri Afrikada amalga oshirilmoqda. K-Rice Belt deb nomlangan dasturda yetti davlat qatnashmoqda. Ular orasida Gana, Senegal, Keniya va Uganda ham bor. Asosiy maqsad bu davlatlarda guruch yetishtirishni ko‘paytirish va importga qaramlikni kamaytirish.

Natijalar qisqa vaqt ichida sezila boshladi. 2023-yilda loyiha doirasida 2 321 tonna yuqori hosilli guruch urug‘i yetishtirilgan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 6 365 tonnaga yetdi.

Hosildorlik ham sezilarli oshdi. Avval bir gektardan o‘rtacha 2,2 tonna guruch olingan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 4,6 tonnaga yetgan. Ya’ni ayrim hududlarda hosildorlik ikki barobardan ham ko‘proqqa oshgan.

RDA bu bilan cheklanmoqchi emas. 2027-yilgacha Afrikaga yiliga 10 ming tonnadan ortiq urug‘lik guruch yetkazib berish rejalashtirilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu urug‘lar yordamida 2,16 million tonna guruch yetishtirish mumkin. Bu esa 30 million kishining guruchga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashga yetishi mumkin.

Keyingi maqsad yanada katta. 2030-yilga borib loyiha orqali 50 million kishini oziq-ovqat bilan ta’minlash imkoniyatini yaratish rejalashtirilgan. Buning uchun faqat urug‘ yetkazib berish emas, balki uni yetishtirish, hosilni saqlash, qayta ishlash va aholiga yetkazib berishgacha bo‘lgan tizimni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

Koreya endi faqat texnologiya berish bilan cheklanmoqchi emas

O‘zbekiston, Mo‘g‘uliston va Afrika davlatlaridagi natijalardan so‘ng Janubiy Koreya qishloq xo‘jaligi bo‘yicha xalqaro loyihalarini yangi bosqichga olib chiqmoqchi. RDA endi boshqa davlatlarga alohida texnologiya yoki uskuna berishdan ko‘ra, qishloq xo‘jaligining to‘liq ishlaydigan tizimini yaratishga e’tibor qaratmoqda.

Buning uchun RDA Koreya xalqaro hamkorlik agentligi va mamlakatning Ichki ishlar va xavfsizlik vazirligi bilan birga ishlaydi. Yangi modelda iqlimga mos ekin yetishtirish texnologiyalari, mahsulotni saqlash, qayta ishlash va tarqatish bir-biriga bog‘lanadi. Fermerlar va ularning tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash ham alohida yo‘nalish bo‘ladi.

Maqsad bir martalik yordam berib, loyihani yakunlash emas. Koreya mutaxassislari mahalliy fermerlar keyinchalik tashqi yordamsiz ham ishlay oladigan tizim yaratishni ko‘zlamoqda.

RDA rahbari Li Seung Donning aytishicha, Koreyaning qishloq xo‘jaligi texnologiyalari oddiy texnik yordamdan xalqaro hamkorlik modeliga aylanmoqda. Koreya shu yo‘l bilan boshqa davlatlarning oziq-ovqat ta’minotini yaxshilash bilan birga, o‘zining qishloq xo‘jaligi texnologiyalari, uskunalari va kompaniyalari uchun ham yangi bozorlar yaratishni rejalashtirmoqda.

Теги :
Jamiyat